O’zbekistonning xususiy sector vakillari issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirishga qanday yordam berishi mumkin

Источник: ПРООН в Узбекистане

Toshkentda atmosferaga kiruvchi issiqxona gazlarini kamaytirish bo’yicha ko’rilayotgan chora-tadbirlarni monitoring qilish va baholash uchun zarur bo’lgan issiqxona gazlari chiqindilarini hisoblashning tasdiqlangan metodologiyasiga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi. Seminarda xususiy sektor vakillari va O‘zbekistondagi iqlim o‘zgarishi masalalari bo‘yicha yetakchi ekspertlar ishtirok etdi. Seminar Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) tomonidan Buyuk Britaniya Tashqi ishlar va taraqqiyot departamenti (FCDO) bilan hamkorlikda tashkil etildi.

So’nggi o’n yilliklarda iqlim xavfsizligi barcha davlatlarning birgalikdagi shoshilinch  sa’y-harakatlarini talab qiladigan eng muhim vazifalardan biriga aylandi. 2018-yilda O‘zbekiston Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Parij bitimini ratifikatsiya qilib, 2030-yilgacha yalpi ichki mahsulot birligiga to‘g‘ri keladigan issiqxona gazlari emissiyasini 2010-yilgi bazaviy yilga nisbatan 10 foizga kamaytirish majburiyatini oldi. 2021 yilda ushbu majburiyatlar 2030 yilga kelib ularni  35 foizga sezilarli darajada oshirish maqsadida qayta ko’rib chiqildi va BMTning Iqlim o’zgarishi bo’yicha Doiraviy konventsiyasi Tomonlarining 26-konferentsiyasida (TK 26) milliy delegatsiya tomonidan e’lon qilindi.

Issiqxona gazlarini inventarizatsiya qilish BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Doiraviy konventsiyasi (BMTIO’DK) oldidagi O‘zbekistonning milliy majburiyatlarini bajarish bo‘yicha ishlarning zaruriy qismidir. Bunday inventarizatsiya nafaqat Parij kelishuvi maqsadlariga erishish jarayonini kuzatish imkonini beradi, balki milliy darajada issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish uchun eng katta salohiyatga ega iqtisodiyot tarmoqlarini aniqlash imkonini beradi. Seminar davomida O‘zgidrometeorologiya markazi mutaxassislari tomonidan issiqxona gazlari chiqindilariga eng katta hissa organic yoqilg‘i yonishi – 53 foiz va neft-gaz tarmog‘idagi gaz yetkazuvchi va taqsimlovchi  tizimlaridan metan sizib chiqishi – 22,6 foiz hissa qo‘shayotgani haqida ma’lumot berdi. O‘zbekiston iqtisodiyotining jadal sur’atlarda o‘sishi va aholi sonining ko‘payishi atmosferaga issiqxona gazlari chiqarilishiga va natijada iqlim o‘zgarishiga qo‘shimcha yuk bermoqda.

«Xususiy sektorda issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirishga hissa qo’shish uchun ikkita imkoniyat mavjud – uskunalarni yangilash va uglerodli chiqindilarni yutuvchi o’rmonlar maydonlarini kengaytirish. Xususiy kompaniyalar energiya samaradorligini oshiradigan, ya’ni issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirishga yordam beradigan yanada zamonaviy uskunalar sotib olishlari hamda o’rmon maydonlarini rivojlantirishga hissa qo’shishlari  mumkin. Bu nafaqat issiqxona gazlari chiqindilarining kamayishi, balki mamlakatdagi umumiy ekologik vaziyatning yaxshilanishi bilan bog’liq», – deb, taʼkidladi muhokama ishtirokchisi, tadbirkor Zarif Garayev.

Uzliti Engineering investitsiya loyihalarini ekologik kuzatish guruhi rahbari Lyudmila Xegayning ta’kidlashicha, xususiy sektor vakillari “yashil” iqtisodiyotning ahamiyati va dolzarbligini yaxshi anglashadi va “yashil rangli” raqobatbardosh mahsulotlar yaratish maqsadida yuqori texnologiyali loyihalarni joriy etish zarurligini tushunadilar.

BMTning O‘zbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmatlari markazi (O‘zgidromet) bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan  “Markaziy Osiyoda iqlim xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha siyosiy harakatlar” loyihasi doirasida tashkil etilgan seminar faqat hukumat, davlat muassasalari, ilmiy tashkilotlar, davlat va xususiy sektor vakillarining birgalikdagi sa’y-harakatlari bilangina mintaqada va jahonda iqlim xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli vazifalarni hal etish mumkinligi yana bir bor namoyon qildi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.