Alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalar muomalasini tartibga solishda muhim qaror – Husan Tangriyev

So‘nggi yillarda respublikamizda kuchli ta’sir qiluvchi moddalar muomalasini tartibga solish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Shu bilan birga, alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni tibbiyot amaliyotida qo‘llash, saqlash, ularning noqonuniy muomalasini cheklash, jismoniy shaxslar tomonidan ulardan foydalanish hamda ularni yo‘q qilish tartiblarini belgilash zarurati yuzaga keldi.

Alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni tibbiyot amaliyotida qo‘llash va ularning muomalasini tartibga solish, shuningdek, ularni O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, olib chiqish va tranzit o‘tkazishda nazoratni ta’minlash maqsadida muhim hujjat qabul qilindi.

Ya’ni, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 4 oktyabrdagi 632-son qarori bilan “O‘zbekiston Respublikasida alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalar muomalasini tartibga solish to‘g‘risida” Nizom tasdiqlandi.

Avvalo, alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalar nima o‘zi?

Demak, notibbiy maqsadda foydalanish yoki dozalarni oshirilishi natijasida inson salomatligi va ruhiyatiga faol ta’sir ko‘rsatuvchi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 27 sentyabrdagi 818-son qarori bilan tasdiqlangan kuchli ta’sir qiluvchi moddalar ro‘yxatida “*” bilan belgilangan moddalar va/yoki ulardan tayyorlangan dori vositalari alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalar hisoblanadi.

Ro‘yxatda alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalar sifatida “Zaleplon”, “Pregabalin”, “Tropikamid”, “Siklopentolat”, “Gabapentin” kiritilgan.

Alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni quyidagi hollarda O‘zbekiston Respublikasida davlat ro‘yxatidan o‘tkazmasdan olib kirish va olib chiqishga ruxsat beriladi:

mamlakatda bo‘lish davrida, ikki xaftalik ehtiyojdan ortiq bo‘lmagan miqdorda jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy foydalanish uchun mo‘ljallangan bo‘lsa, hususan, bemor yashagan mamlakatdagi tibbiyot muassasasining shifokori tomonidan alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalar ro‘yxatiga kiruvchi moddalar va/yoki ulardan tayyorlangan dori vositalarining turi, buyurilgan qabul qilish va davomiylik muddati ko‘rsatilgan hujjati (shifokor xulosasi)ni yoki retsept nusxasi mavjud bo‘lsa;

respublika hududida va uning hududidan tashqarida yashab turgan bemorni davolash-profilaktika muassasasi tomonidan tasdiqlangan tibbiy ko‘rsatma asosida davolash kursi doirasida davolash uchun mo‘ljallangan bo‘lsa;

diplomatik vakolatxonalarning va ularga tenglashtirilgan vakolatxonalarning diplomatik hamda ma’muriy-texnik xodimlari, shu jumladan, ular bilan birga yashab turgan oila a’zolarining shaxsiy foydalanishi uchun mo‘ljallangan bo‘lsa;

respublika hududiga kirib kelayotgan yoki uning hududidan chiqib ketayotgan transport vositasining yo‘lovchilariga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish uchun mo‘ljallangan va tibbiy dorilar qutichasi tarkibiga kiritilgan bo‘lsa;

O‘zbekiston Respublikasida va uning tashqarisida o‘tkaziladigan xalqaro ilmiy, madaniy, sport tadbirlari ishtirokchilarini hamda xalqaro ekspeditsiyalar ishtirokchilarini davolash uchun mo‘ljallangan bo‘lsa.

Alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni pochta va kuryerlik jo‘natmalarida, shu jumladan, xalqaro pochta jo‘natmalaridan jo‘natish taqiqlanadi.

Mazkur moddalarni ikki haftalik ehtiyojdan ortiq bo‘lmagan miqdorda olib kirish va olib chiqishda jismoniy shaxslar tomonidan bojxona organlariga bo‘lish yoki yashash mamlakatining tibbiyot muassasasidan uning shaxsiy foydalanishi uchun mo‘ljallangan dori vositasining nomini, uning dorivor shaklini va davolash kursiga tavsiya qilingan miqdorini ko‘rsatgan holda, muayyan jismoniy shaxsga berilgan hujjat taqdim etiladi.

Ikki haftalik ehtiyojdan ortiq bo‘lmagan miqdorda olib kirishga va olib chiqishga esa tibbiyot muassasasining davolash-maslahat komissiyasining muhri bilan tasdiqlangan xulosasi mavjud bo‘lganda ruxsat beriladi.

Jismoniy shaxslar tomonidan bojxona chegarasi orqali O‘zbekiston Respublikasiga olib kirishda alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida qayd etilishi lozim.

O‘zbekiston Respublikasi bojxona organlari tibbiyot muassasasi tomonidan berilgan hujjatlar mavjudligini va ularda ko‘rsatilgan ma’lumotlarning jismoniy shaxsdagi alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning nomlariga va soniga muvofiqligini belgilangan tartibda nazorat qiladilar.

Jismoniy shaxslarga tibbiyot muassasasi tomonidan berilgan hujjatda va deklaratsiyada ko‘rsatilgan alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning nomi va miqdoridan ortig‘ini olib o‘tish taqiqlanadi.

Jismoniy shaxs alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni  shaxsiy foydalanish uchun olib kirish va olib chiqishda taqdim etilgan ma’lumotlarning ishonchliligi va haqqoniyligi uchun javob beradi.

Mazkur moddalarni yuridik shaxslar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, O‘zbekiston Respublikasi hududidan olib chiqish va tranzit tarzida o‘tkazish psixotrop moddalarni O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, O‘zbekiston Respublikasi hududidan olib chiqish va tranzit tarzida o‘tkazish tartibi asosida amalga oshiriladi.

Alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni avtomobil, temir yo‘l va havo transportlarida tashish faqat yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.

Mazkur moddalar havo kemasining yuk-bagaj bo‘limlari va temir yo‘l yuk vagonlarida (qo‘l yuki sifatida emas) mas’ul shaxs kuzatuvida tashiladi. Shuningdek, katta miqdorda tashish jarayonlari mas’ul xodimlarining qo‘riqlovida amalga oshirilishi mumkin. Tashish uchun mas’ul shaxs, qo‘riqlash xodimlari, tashishni amalga oshiruvchi xodimlar, avtotransport vositalarning haydovchilari yuk jo‘natuvchi yoki yuk oluvchining buyrug‘i (farmoyishi) bilan tayinlanadi.

Hozirda Bojxona qo‘mitasi tomonidan chegara o‘tkazish punktlari va bojxona postlarida alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalar ro‘yxati va ushbu moddalarni deklaratsiyalash majburiyati to‘g‘risida tegishli ma’lumotlarni joylashtirish choralari ko‘rilmoqda.

Ta’kidlash joizki, respublikamiz bojxonachilari joriy yilning o‘tgan 9 oyi mobaynida aniqlangan 224 ta kontrabanda va bojxona qonunbuzilishi holatlarida 874 ming dona tabletka va 90 dona ampula ko‘rinishida hamda 16,3 kg. og‘irlikdagi psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning bojxona chegaralari orqali noqonuniy ravishda olib o‘tilishi va ichki hududdagi yashirin aylanmasinga chek qo‘yilgan.

Ishonamizki, yangi hujjat alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning muomalasini tartibga solishda samaradorlikning oshishiga xizmat qiladi.

Husan Tangriyev,

Bojxona qo‘mitasi Raisining matbuot kotibi

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.