Hayratlar va mo‘jizalar shahri – Istanbul

Hayratlarga ko‘milgan Istanbul nafaqat tarixi va madaniyati bilan, balki dunyoning hech bir mintaqasida uchramaydigan betakror tabiati va tengi yo‘q go‘zalligi bilan dunyoni lol qoldirmoqda. Bu muazzam shahar haqida qancha yozsa ham shuncha ozday tuyulaveradi. Chunki Bosfor bo‘g‘ozi bo‘ylab sayohat, sokin Shahzoda orollariga qochish, Mishlen yulduzli restoranlarda romantik kechki taom, shaharning tarixiy minoralaridagi unutilmas lahzalar, tun-u kun hayot qaynab turishi, har bir nuqtasida tarix mujassamligi shaharning o‘ziga xos jozibasini har tomonlama namoyon etadi.

Haqiqiy shahar sarguzashtlari

Istanbulda Yangi yil sayohatini obi-tobida damlangan choy va “kunning oltin taomi” bo‘lmish turk nonushtasi bilan boshlash ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlaydi. Istanbul me’moriy mo‘jizalari, jonli ko‘chalari va durdona muzeylari hamda cheksiz kashfiyotlar hissi bilan sayyohlarni ohanrabodek tortaveradi. Shaharning eng romantik joylari bo‘lgan Galata va Qiz minoralari har doim mahalliy va xalqaro sayyohlar bilan to‘lib toshgan. Mish-mishlarga qaraganda, tashrif buyuruvchi birinchi marta kim bilan Galata minorasiga chiqsa, o‘sha erkak yoki ayol bilan turmush qurarmish. Yodgorlik va muzey sifatida qayta ochilgan Qiz minorasi Istanbulning benazir go‘zalligini namoyish etuvchi “suluv” kabi Bosfor bo‘g‘ozining o‘rtasida joylashgan.

Kruiz bayramlari

Yangi yil sayohatini Bosfor bo‘g‘ozini turli nuqtayi nazardan kashf qilish va tom ma’noda u mislsiz ajoyibotlarni his qilishga bag‘ishlash mumkin. Albatta Onado‘li va Yevropa tomonlarini bog‘laydigan bu bo‘g‘ozda suzib o‘tish Istanbulga tashrif buyurgan har bir mehmonning orzusidir. Xuddi shu orzularni haqiqatga aylantirish va shaharning barcha diqqatga sazovor joylarini ko‘rish uchun mahalliy aholi bilan Bosfor bo‘ylab qayiq yoki parom sayohatiga chiqish mumkin. Sayohat chog‘ida gala-gala uchayotgan chaykalarga “simit” berishning gashti bo‘lak. Eng qizig‘i, Bosfor bo‘g‘ozida baydarka va kanoeda eshkak eshish yoki suv velosipedi sayohatiga chiqish unutilmas tajriba hadya etadi. Shuningdek, malakali mutaxassislar rahbarligidagi ushbu sport sayohati davomida shaffof suvlarga sho‘ng‘ish, tarix nafasi urib turgan muhtasham qasrlarni ko‘rish va Istanbulning haqiqiy mutlaq manzarasini, kinolarga, qo‘shiq-u kuylarga sig‘magan go‘zalligini o‘z nigohingiz bilan ko‘rish baxtiga muyassar bo‘lasiz! Oqshom yaxtada miltiragan yulduzlar ostida yana Bosfor bo‘g‘ozi bo‘ylab suzish kunning barcha yoqimli charchoqlarini oladi. Eng hayratlanarlisi, Yangi yilni Bosforda jonli ijrolar bilan qarshi olish har bir qalbda bir umrga o‘chmas xotiralar muhrlaydi.

Sokin sayohat

Yangi yil arafasida vaqtini yolg‘iz o‘tkazishni afzal ko‘rganlar uchun Istanbul yaqinidagi Shahzoda orollari ayni muddaodir. Orollar romantika va sokinlik ramzidir. Muhtasham orol manzarasidagi butik mehmonxonada turar joyni oldindan band qilish imkoniyati mavjud. Vaqtni maroqli o‘tkazish uchun orolning xushmanzara tabiati qo‘ynida va tarixiy xarobalar qad ko‘targan ko‘chalarida sayr qilish yoki velosiped sayohatiga chiqish mumkin. Sokin qirg‘oqlardagi baliq restoranida yangi yilni kutib olish bebaho onlar baxsh etadi. Dasturxonga tortilgan mavsumiy yangi baliq, xilma-xil gazaklardan tortib turfa xil salatlar va yangi tayyorlangan meva sharbatlari bayram ko‘rkiga ko‘rk qo‘shadi.

Haqiqiy romantika

Yangi yil arafasida noyob tajriba izlaganlar uchun Istanbuldagi hammomlar ideal imkoniyatdir. Turli xil tetiklashtiruvchi massajlar tanani tinchlantiradi. Shaharning Mishlen yulduzli restoranlarida romantik lahzalarga boy Yangi yil oqshomi otashin qalblarni yorqin xotiralarga to‘ldirishiga shak-shubha yo‘q! Bosfor bo‘g‘ozi bo‘ylab otiladigan mushaklar osmonni turli yog‘dularga to‘ldirib, Yangi yilni o‘ziga xos mo‘jizaga aylantiradi.

Bayramona o‘yin-kulgi

Bayram arafasida Istanbuldagi Istiqlol, Nishantashi va Kadiko‘y kabi jonli va hamisha hayot qaynab turadigan ko‘chalari rang-barang chiroqlar bilan bayramona shukuhga to‘ladi. St. Antoni cherkovi mehmonlarni ulkan Rojdestvo daraxti, gulchambarlar va shamlar bilan kutib oladi. Biroq, eng zamonaviy archani Nishantashining hashamatli hududida ko‘rish mumkin. Qolaversa, Kadiko‘yda yangi yilga atalgan maftunkor qandolat do‘konlari, xilma-xil shokoladlar, Santa krujkalari va bug‘u konfetlari ko‘zni qamashtiradi. Ushbu ko‘chalar va bayramona muhitda inson o‘zini huddi ertakka tushib qolganday his qilishi shubhasizdir!

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.