Byudjet inqirozini davlat xarajatlarini keskin qisqartirmasdan va “soliq beboshligi”ga barham bermasdan hal qilib bo‘lmaydi

Сумы
Фото: nova24

So‘nggi paytlarda O‘zbekistonning byudjet tanqisligi va davlat qarzi oshib borayotganligi haqidagi xabarlar ko‘payib bormoqda:

  • 2023-yilda O‘zbekistonning konsolidatsiyalashgan byudjet tanqisligi rekord 59 trillion so‘mni (5 milliard dollarga yaqin) tashkil qildi, shu bilan birga 2023-yil oxirida hukumat parlament orqali byudjet tanqisligi uchun belgilangan chegaraviy normani oshirdi.
  • 2024-yil 1-yanvar holatiga O‘zbekistonning davlat qarzi 34,9 milliard dollarga yetdi, ya’ni bir yilda 5,7 milliard dollarga (rejalashtirilgan 2,9 milliard dollar o‘rniga) oshdi. Olti yil ichida qarz 3 baravar o‘sdi. Shu bilan birga, 2023-yilda davlat qarziga xizmat ko‘rsatish xarajatlari keskin oshdi.
  • 2024-yilning yanvar-aprel oylarida O‘zbekiston davlat byudjetining tanqisligi yana bir rekord ko‘rsatkichga – taxminan 2 milliard dollarga yetdi. Bu, jumladan, byudjet daromadlari o‘sishining sekinlashishi natijasidir.
  • 21-may kuni London fond birjasida O‘zbekistonning navbatdagi 1,5 milliard dollarlik suveren yevroobligatsiyalari joylashtirildi. Ya’ni, mamlakat davlat qarzini oshirib bormoqda.

Byudjet inqirozi o‘ta keskin bo‘lib, byudjet falokatiga olib kelishi mumkin.

Byudjet tanqisligi va davlat qarzining o‘sishi nimasi bilan xavfli?

Avvalo, byudjet tanqisligi nima ekanligini aniqlashtiraylik. Bu davlat xarajatlari bilan daromadlari o‘rtasidagi farqdir. Mazkur holatda biz konsolidatsiyalashgan byudjet bilan ish ko‘rmoqdamiz, ya’ni faqat davlat byudjeti emas, balki turli xil byudjetdan tashqari jamg‘armalar haqida ham gap ketmoqda, ulardan amalga oshiriladigan xarajatlarni ham davlat xarajatlari deb hisoblash kerak. Byudjet tanqisligi – ana shunday xarajatlar bilan daromadlar o‘rtasidagi farqdir.

Byudjet tanqisligining yomon tomoni nimada? Eng avvalo, hukumat daromadlari va xarajatlarini noto‘g‘ri rejalashtiradi. Bu allaqachon yomon, chunki bu samarasiz menejment haqida dalolat beradi. Bundan tashqari, samarasiz boshqaruv iqtisodiyot ishlaydigan qoidalarga beqarorlik keltiradi: o‘tgan yilning oxirida parlament byudjet tanqisligining chegaraviy me’yorini oshirishga rozi bo‘ldi. Qoidalarni belgilab, ularni bunchalik oson o‘zgartirib bo‘ladigan bo‘lsa, nimaga qoidalar o‘rnatiladi? O‘z qoidalarini bajara olmaydigan davlatga qanday ishonish mumkin? Shundan so‘ng davlat iqtisodiyotning boshqa sub’ektlaridan ularni bajarishni qanday talab qilishi mumkin?

Ammo eng asosiysi shundaki, byudjet tanqisligini qoplash usullari yomon. Qisqa muddatli davrda buning ikki yo‘li bor. Birinchisi – pul qog‘ozlarini “bosish” kerak, ya’ni pul emissiyasi amalga oshirilishi kerak, bu inflyatsiya xavfini keltirib chiqaradi.

Ikkinchi usul – qarz olish. Davlat moliya bozoridan qarz oladi. Odatda bu Moliya vazirligi tomonidan chiqariladigan davlat obligatsiyalarini sotish orqali amalga oshiriladi. Bu ham yomon usul, chunki qarz olingan pullarni erta-indin qaytarish va ular uchun foizlar to‘lash kerak bo‘ladi. Ikkinchidan, davlat pullarni xususiy sektordan tortib oladi. Shuning uchun moliya bozorida pul kamroq qoladi. Foiz stavkalari, ya’ni pulning narxi oshadi, bu esa biznes uchun moliyaviy resurslarning qimmat ekanligini bildiradi. Iqtisodchilar bunday holatni siqib chiqarish samarasi deb ataydilar. Davlat qancha ko‘p qarz olsa, moliya bozorida shuncha kam pul qoladi. Pullar qimmat bo‘lganda esa bu biznes xarajatlari – korxonalar yuqoriroq foiz stavkalari bilan kreditlar olishga majbur bo‘ladilar yoki pullarni topishning boshqa usullaridan foydalanadilar, lekin buning uchun ham ko‘proq to‘lashga to‘g‘ri keladi. Qimmat pullar biznes xarajatlarini oshirib, uni raqobatbardoshsiz qiladi. Bu esa iqtisodiy o‘sish sur’atlarining va aholi daromadlari o‘sishining pasayishiga olib keladi.

Agar davlat tashqi bozorlardan qarz olsa, bu ham katta xarajatlarga olib keladi. Chet el valyutasining mamlakatga oqib kelishi so‘mning almashuv kursini sun’iy ravishda yuqori bo‘lishiga olib keladi, bu esa eksportni qimmat, importni esa arzon qiladi. Natijada mahalliy ishlab chiqaruvchilar zarar ko‘radi, chunki ularning mahsulotlari raqobatbardosh bo‘lmay qoladi. Bundan tashqari, valyuta qarzlarini qaytarish zarurati tufayli mamlakatning moliyaviy organlari so‘mning yanada mustahkamlanishiga qiziqish bildiradi – shunday qilinsa, valyutadagi qarzlarni qaytarish arzonroq bo‘ladi. Shuning uchun ular so‘mning almashuv kursini sun’iy ravishda yuqori ushlab turish siyosatini olib boradilar.

Uzoq muddatli istiqbolda, agar katta miqdordagi qarzlar to‘plangan bo‘lsa, davlat ularni qoplash uchun iqtisodiyotga soliq yukini oshirishi mumkin. Bunda ham yaxshi narsa yo‘q, ayniqsa, O‘zbekistonda soliq yuki juda yuqori ekanligini hisobga olgan holda. Uni yanada oshirish – bu biznes xarajatlarining yana ham oshishi, mahsulot va xizmatlarimizning raqobatbardoshligining yanada pasayishi va iqtisodiyot rivojlanishining yo‘qotilishidir.

Byudjet tanqisligining sabablari nimada?

Byudjet tanqisligi o‘sishining eng asosiy sababi O‘zbekistonda davlat xarajatlari juda katta, ya’ni iqtisodiyot ko‘tara olmaydigan darajadadir. Ayni shu konsolidatsiyalashgan byudjet tanqisligi haqida gap ketyapti, u YIMning 35-36 foizini tashkil etadi. Konsolidatsiyalashgan byudjetdan tashqari, davlat korxonalarining kvazifiskal xarajatlari ham mavjud, ya’ni korxona foydasidan ijtimoiy ehtiyojlarga sarflanadigan xarajatlar – masalan, korxonaga ko‘prik qurish yoki bolalar bog‘chasini saqlab turishni buyurishadi. Bunday xarajatlarni davlat moliya manbalaridan amalga oshirish kerak edi, lekin ularni davlat korxonasi amalga oshiradi. Konsolidatsiyalashgan byudjetga davlat korxonalarining kvazifiskal xarajatlarini qo‘shsak, bu YaIMning 40 foizidan ko‘proq bo‘ladi. Agar xususiy korxonalarning kvazifiskal xarajatlarini ham qo‘shadigan bo‘lsak (afsuski, ular hisobga olinmagan), bu raqam yana ham yuqori bo‘ladi. Shuning uchun O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotining kamida 40 foizidan ko‘prog‘i davlat xarajatlari orqali qayta taqsimlanadi, deb aytish mumkin.

Nima uchun bu raqamlar iqtisodiyotimiz uchun og‘ir yuk deya aytyapman? Chunki o‘zitmizni boshqa mamlakatlar bilan solishtiradigan bo‘lsak, bunday yuqori darajadagi davlat xarajatlariga faqat juda boy Yevropa mamlakatlari yo‘l qo‘ya oladi. Hatto boy Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlarida ham davlat xarajatlari darajasi, agar YIMga nisbatan foizda hisoblaydigan bo‘lsak, O‘zbekistondagidan ancha pastroq. Bir yarim, ikki-uch baravar past. Shu bilan birga, umumiy qonuniyatga ko‘ra, mamlakat qanchalik rivojlangan bo‘lsa, davlat xarajatlarining YaIMdagi ulushi shunchalik yuqori bo‘ladi, ya’ni jamiyat davlatga qayta taqsimlash uchun shunchalik ko‘p bera oladi. Qashshoq iqtisodiyotlar bunga yo‘l qo‘ya olmaydi, chunki davlat xarajatlarining aksari tomoni yoki yuqori soliqlar, yoki katta qarz yukidir. Bular ikkalasi ham iqtisodiyot rivojlanishiga salbiy ta’sir qiladi: biznes xarajatlari oshadi, bu mahalliy ishlab chiqaruvchilar mahsulotining raqobatbardoshligini pasaytiradi.

Muammo yana shundaki, davlat o‘ngu so‘lga soliq imtiyozlari, subsidiyalar, imtiyozli kreditlar va boshqalarni beradi. Birinchidan, bu byudjet yukini oshiradi, ikkinchidan, bunday yondashuv mutlaqo samarasizdir, chunki shunday imtiyozlar, pul berishlar korruptsiyaga olib kelishi, raqobatni buzishi mumkin. Chunki kimgadir imtiyoz beriladi, kimgadir yo‘q, korxonalar teng sharoitlarda qolmaydi. Bu iqtisodiyotga juda katta zarar yetkazadi.

Imtiyozlar berishning o‘rniga xususiy sektorga soliq yukini kamaytirish kerak, shunda pullar biznesda qoladi va ular o‘sha pullarni amaldorlardan ko‘ra yaxshiroq sarflay oladi. Bu odamlarning, tadbirkorlarning o‘z pullari, ular ularni sarflashning eng yaxshi yo‘llarini biladilar. Bizda esa nima bo‘lyapti? Amaldorlar pul mablag‘larini iqtisodiyotdan tortib olib, ularni o‘sha iqtisodiy ehtiyojlarga sarflashmoqda. Bozor iqtisodiyoti nuqtai nazaridan bu mutlaqo noto‘g‘ri, bu resurslardan, ushbu holatda pullardan samarasiz foydalanish, va aynan shu narsa iqtisodiy rivojlanishimizni sekinlashtirmoqda.

Byudjet tanqisligining bunchalik katta bo‘lishiga va kuchayib borishiga olib keladigan yana bir sabab shundaki, mamlakatda hali ham biznes muhiti juda yomon. Ha, 2017-yildan keyin u sezilarli darajada valyuta bozorini va chegaralarni erkinlashtirish, soliq islohoti, turli xil ma’muriy to‘siqlarni kamaytirish, bank sektorini isloh qilish hisobiga yaxshilandi. Lekin u shunga qaramay yomon holatda qolmoqda. Natijada investitsiyalar juda oz, biznes ko‘pincha yashirin iqtisodiyotga o‘tishga, daromadlarini yashirishga yoki ishlab chiqarish hajmlarini qisqartirishga moyil bo‘ladi.

Biznes muhitidagi muammolar nimada? Buning turli xil sabablari, nozik tomonlari bor. Bu xususiy mulk huquqlarini himoya qilish darajasining pastligi, chunki sudlar yomon ishlaydi, qonunchilikda ham barcha narsa aniq yozilmagan. Bu biznesga ma’muriy to‘siqlar, tashqi savdoga to‘siqlar hamon saqlanib qolgani, bank sektorining isloh qilinmagani va davlatning moliya bozoridan ko‘p pul olib qo‘ygani uchun foiz stavkalarining yuqoriligidir.

Biznes muhitining yana bir muammosi – soliq ma’muriyatchiligi muammosidir. Bu muammo davlatning o‘z katta xarajatlarini qoplash istagidan kelib chiqadi va u biznesga bosim o‘tkaza boshlaydi, iqtisodiyotdan pullarni turli yo‘llar bilan olishga harakat qiladi. Lekin ko‘pincha bunday pul olish usullari samarasiz, biznesga zarar yetkazadi, iqtisodiyot rivojlanishiga putur yetkazadi va ko‘pincha noqonuniy ham bo‘ladi. Oxirgi ikki-uch yil ichida bizning moliya organlarimiz, ayniqsa Soliq qo‘mitasi buni juda faol qo‘lladi va shu bilan biznes muhitiga zarar yetkazdi, biznesni yashirin iqtisodiyotga haydadi, rasmiy xususiy tadbirkorlik miqyosini qisqartirdi. Bu esa soliqqa tortiladigan bazaning kamayishiga olib keladi. Ana sizga byudjet tanqisligi yuzaga kelishining yana bir sababi.

Shuning uchun moliya organlarining yondashuvini tubdan o‘zgartirish kerak. Ular yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishlari shart, lekin bunisi qurol kuchini qattiqroq qo‘llab emas, aksincha, rasmiy biznes yuritish xarajatlari va xavflarini kamaytirish yo‘li bilan amalga oshirilishi kerak. Afsuski, moliyachilarimizda bunga tushunish ham yo‘qligini ko‘rmayapman.

Byudjet tanqisligi muammosini hal qilish uchun qanday choralar ko‘rish kerak?
Davlatning iqtisodiy xarajatlarini keskin qisqartirish kerak. Ular haddan tashqari katta. Umumiy byudjet-soliq yukini iqtisodiyotga ikki barobar kamaytirish kerak. Hukumatimiz buni qila olmasligidan qo‘rqaman, lekin byudjet tanqisligi o‘sishi xarajatlarni qisqartirishga undashi kerak, bu qisqartirish radikal bo‘lishi shart.

Buni amalga oshirish uchun esa iqtisodiy siyosatni tubdan o‘zgartirish kerak – amaldorlarni iqtisodiyotdan chetlashtirish zarur. Ha, bozor iqtisodiyotida davlatning muayyan funktsiyalari bor. Lekin ular yomon bajarilmoqda, chunki amaldorlar katta byudjet mablag‘larini taqsimlash va turli xil imtiyozlar berish bilan band, bu esa, o‘z navbatida, mamlakatdagi korruptsiyaning asosiy sababidir. Ya’ni, davlat xarajatlarini va amaldorlarning iqtisodiyotga aralashuvini qisqartirsak, ikki mushukni bir galdirma urib, mahsulotlarimizni raqobatbardosh qilamiz va korruptsiya miqyosini kamaytiramiz.

Bundan tashqari, soliq ma’muriyatchiligi va yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishdagi yondashuvlarni ham tubdan o‘zgartirish kerak. Qonuniy sektorda xarajatlar va xavflarni kamaytirish kerak, shunda biznes yashirin iqtisodiyotdan qonuniy sektorga o‘tadi. Buning uchun biznesga nisbatan erkinlik siyosatini yuritish zarur. Mavjud davlat tartibga solish amaliyoti, jumladan soliq ma’muriyatchiligi, iqtisodiyot va byudjet uchun halokatli ekanini amaliyot ko‘rsatdi. Iqtisodchilar esa buni yillar bo‘yi takror-takror aytib kelishmoqda.

Yuliy Yusupov

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.