О‘zbekiston Ekologiya vazirligi 2024-yilning birinchi yarim yilligidagi faoliyat bo‘yicha natijalarni e’lon qildi
18-sentyabr kuni AOKAda “Ekologiya vazirligining sohadagi faoliyati ko‘rsatkichi: erishilgan natijalar va istiqboldagi rejalar hamda ekologik ta’limni rivojlantirish istiqbollari” mavzuida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Tadbir davomida 2024-yilning olti oyi davomida olib borilgan faoliyatning bir nechta yo‘nalishlari bo‘yicha erishilgan yutuqlar e’lon qilindi.
Mana ularning qisqartirilgan ro‘yxati. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 2024-yil bahorida 138 million daraxt ekildi. Vazirlik va hududlarda mahalliy hokimliklar tomonidan 257 ta “yashil bog‘” tashkil etilib, ularning umumiy soni qariyb ikki barobarga ko‘paydi. Shuningdek, ochiq byudjet tizimi orqali “Mening bog‘im” loyihasi ishga tushirilgani haqida ham ma’lum qilindi. Fuqarolar tomonidan ishlab chiqilgan 738 ta loyihadan 215 tasi g‘olib deb topilib, jami 48,7 milliard so‘m mablag‘ ajratildi.
Atmosfera havosini muhofaza qilish va monitoringini olib borish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar orasida atrof-muhitga ta’sir etuvchi 11296 ta obyekt davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkazildi. 52 ta yirik sanoat korxonasida chang va gaz yig‘ish uskunalari o‘rnatilib, modernizatsiya qilindi.
Davlat o‘rmon xo‘jaligi 220 ming gektar maydonda o‘rmon plantatsiyalarini barpo etdi. Jumladan, Orol dengizining qurigan tubi va Orolbo‘yida 215 ming gektar, tog‘li va tog‘ oldi hududlarida 2 ming gektar maydonda o‘rmonzor va o‘rmonlarni tiklash ishlari amalga oshirildi.
Cho‘l, tog‘ va tog‘ oldi hududlarida cho‘llanish va qum ko‘chishi, suv va tuproq eroziyasining oldini olish maqsadida 140 gektar maydonda himoya o‘rmon plantatsiyalari barpo etildi.
Suv va yer resurslarini, shuningdek, yer osti va yer usti suvlarini muhofaza qilish chora-tadbirlari doirasida 37 korxonada mahalliy tozalash inshootlari rekonstruktsiya qilindi yoki qayta qurildi. Bosh prokuratura bilan birgalikda poytaxtdagi “Salar”, “Bektemir” va “Bo‘zsuv” suv tarmoqlariga ifloslantiruvchi moddalarni oqizayotgan 44 ta korxonaga nisbatan chora ko‘rildi, 12 ta korxona kanalizatsiya tarmog‘idan uzildi.
Chiqindilarni qayta ishlashni takomillashtirish va tartibga solish jarayonida mavjud 209 ta maishiy chiqindi poligonining 26 tasi sanitariya-epidemiologiya va ekologik talablarga javob bermagani va resurslaridan oshib ketgani sababli yopildi. 183 ta maishiy chiqindi poligoni va 8 ta zaharli kimyoviy chiqindi poligoni “Chiqindilar poligonini boshqarish” direktsiyasi balansiga o‘tkazildi.
Yashil maydonlarni inventarizatsiya qilish bo‘yicha chora-tadbirlar doirasida sun’iy yo‘ldosh tasvirlari asosida 254,1 million daraxtning koordinatalari aniqlandi va yashil maydonlarning raqamli xaritasi yaratildi. 553,1 mingdan ortiq daraxtning pasporti yaratilib, raqamlashtirildi. Fanlar akademiyasi bilan birgalikda qo‘shni respublikalar bilan chegaradosh hududlar orqali ko‘chib o‘tadigan yovvoyi hayvonlarning yillik sonini aniqlash bo‘yicha idoralararo elektron axborot almashinuvi tizimi ishga tushirildi va bu hayvonlar turlarining ro‘yxati shakllantirildi.
Ekologik nazorat jarayonida atrof-muhitni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablarini buzgan 33 ming 378 nafar shaxs aniqlandi. Qonun hujjatlariga muvofiq qonunbuzarlarga 35,5 milliard so‘m ma’muriy jarima va tabiatga yetkazilgan zararning o‘rni to‘ldirildi. Shundan 28,5 milliard so‘m undirildi.
Ekologik ta’lim sohasida 10 ta ilmiy, 12 ta amaliy va 3 ta innovatsion loyihalar amalga oshirildi. Ilmiy-tadqiqot ishlari natijalari asosida 6 ta monografiya va 59 ta maqola (shundan 17 tasi xorijiy nashrlarda) chop etildi.
Gidrometeorologiya xizmatlari faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlar doirasida 20 gidrologik post zamonaviy avtomat suv o‘lchash uskunalari bilan jihozlandi.
“Zamin” xalqaro jamoat fondi bilan birgalikda Andijon, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Toshkent va Farg‘ona viloyatlari ma’muriy markazlari hamda Toshkent shahrida monitoring.meteo.uz saytiga har 10 daqiqada haqqoniy axborotni uzatadigan 16 ta yangi avtomat stansiya o‘rnatildi..
Sharhlar