O‘zbekistonda tibbiy chiqindilarni utilizatsiya qilish muammolari

Муфельная печь, установленная в медицинском объединении «Мингбулок». Фото любезно предоставлено Наргис Косимовой. Ecolog.uz

Tibbiy chiqindilarni utilizatsiya qilish va zararsizlantirish masalalari mintaqaning boshqa mamlakatlari kabi O‘zbekistonda ham eng dolzarb ekologik muammolardan biri bo‘lib qolmoqda.

Mutaxassislarning qayd etishicha, tibbiy chiqindilar hajmi yil sayin ortib bormoqda, bu esa ularni xavfsiz qayta ishlash va utilizatsiya qilishda mamlakat uchun jiddiy muammolarni keltirib chiqarmoqda. Xavfli tibbiy chiqindilarni utilizatsiya qilish infratuzilmasining yetarli emasligi, tibbiyot xodimlari va aholni utilizatsiya qilish qoydalari va standartlari haqida past darajada xabardorligi, shuningdek, davlat organlari tomonidan qat’iy nazoratning yo‘qligi-bularning barchasi atrof-muhitning ifloslanishi xavfini keltirib chiqaradi va jamoat salomatligiga xavf tug‘diradi.

Mamlakatimizdagi shifoxona va poliklinikalarda har kuni tibbiy muolijalar o‘tkaziladi, qon olinadi, ukol qilinadi, turli operatsiyalar bajariladi, yaralar davolanadi. Tibbiyot xodimlari sog‘lom va infeksiyalangan bemorlarning biologik suyuqliklari bilan shug‘llanadilar, shuning uchun bu faoliyatning chiqindilari epidemiolik xavf tug‘diradi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya osoishtaligi va aholi salomatligini muhofaza qilish qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatimiz tibbiyot muassisalarida yiliga 18 ming tonna chiqindi hosil bo‘ladi.

Biroq, mustaqil ekologlarning ta’kidlashicha, bu raqamlar taxminan ikki baravar kam baholangan.

Qanday bo‘lishi kerak?

Bir qator mamlakatlar olimlari va ekologlari tibbiy chiqindilar ham aholi, ham atrof-muhit uchun yuqori epidemiologik xavf tug‘dirishini o‘tgan asrning 60-yillarida isbotlagan edilar. Aynin o‘sha paytda ular tibbiy chiqindilarni tasniflash va ularni yoqish yo‘li bilan utilizatsiya qilishni mashq qila boshaladilar.

“O‘zbekiston Respublikasi tibbiyot muassasalarida chiqindilarni yig‘ish, saqlash va yo‘q qilishning sanitariya qoydalari va normalari” (O‘zbekiston Respublikasi SanPiN № 0317-15) tasnifiga ko‘ra,  tibbiyot muassasalari chiqindilari (HCI) deganda kasalxonalarda, poliklinikalarda, dispanserlarda, tez tibbiy yordam va qon quyish stansiyalarida, uzoq muddatli tibbiy yordam muassasalarida, ilmiy-tadqiqot institutlarida va tibbiyot ta’lim muassasalarida, veterinariya shifoxonalarida, dorixonalarda, farmatsevtika ishlab chiqarishida, sanitariya inshootlarida, sud-tibbiyot muassisalarida, tibbiy laboratoriyalarda va xususiy tibbiy yordam muassasalarida hosil bo‘ladigan barcha turdagi chiqindilar tushuniladi. Bularga inson yoki hayvon to‘qimalarining qoldiqlari, biologik suyuqliklar, tibbiy yordam vositalari, farmakologik preparatlar, bir martalik shpritslar, qon quyish tizimlari, bintlar va boshqalar kiradi.

Tibbiy chiqindilar to‘rtta sinfga bo‘linadi – A, B, V, G. A sinf chiqindilari eng xavfsiz deb hisoblanadi – bular ish yuritish buyumlari, mebellar, yuqumli bemorlar bilan aloqada bo‘lmagan ko‘rpa-to‘shaklar, bir marta ishlatiladigan xalatlar, shaxsiy himoya vositalari (bir martalik niqoblar, uy qo‘lqoplari), poyafzal qoplamalari. Qolgan uchta sinf o‘sish tartibida eng xavfli deb tasniflanadi.

B sinfi – bu infeksiya xavfi yuqori bo‘lgan mikroorganizmlar bilan yuqadigan asboblar va materiallar.

V sinfi – ftiziatriya shifoxonalarining (dispanserlarning) davolash va diagnostika bo‘limlari chiqindilari, bemorlarning balg‘amlari bilan ifloslangan, sil qo‘zg‘atuvchilari bilan ishlaydigan  mikrobiologik laboratoriyalar chiqindilari.

G sinfiga yaroqsiz dori-darmonlar, simob o‘z ichiga olgan asboblar, ishlatilmasligi kerak bo‘lgan dezinfitsiyalash vositalari kiradi.

Tibbiy chiqindilarni qayta ishlashning asosiy usullari quyidagilardir: pechlar yordamida yoqish (har xil turdagi chiqindilarni yuqori haroratda boshqariladigan zararlantirish orqali chiqindi gazlarni keyinchalik tozalash tufayli utilizatsiya qilish uchun qurilma),bosim ostida suv bug‘lari bilan sterilizatsiya, kimyoviy dezinfeksiya, mikroto‘lqinli pechlar, ionlashtiruvchi, radioaktiv va infraqizil nurlanish bilan sterilizatsiya qilish. Tibbiyot chiqindilari mufel pechlarida ham yoqiladi. Bularning barchasi davlat sanitariya xizmati tomonidan qat’iy tartibga solinadi.

Ushbu tozalash usullaridan birini qo‘llaganingizdan so‘ng, zararsizlantirilgan tibbiy chiqindilar mayshiy chiqindilar bilan birga poligonga, suyuq holatda esa umumiy kanalizatsiyaga tashlash mumkin. To‘g‘ri qayta ishlashni ta’minlash uchun butun rivojlangan dunyo mamlakatlarida maxsus sinovlar o‘tkaziladi.

O‘zbekistonda tibbiy chiqindilarni zararsizlantirish va utilizatsiya qilish “Aholining sanitariya-epidemoligik osoishtaligi to‘g‘risida”, “Fuqarolar salomatligini muhofaza qilish to‘g‘risida”, “Chiqindilar to‘g‘risida”, “Atmosfera havosini muhofaza qilish” qonunlari va O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining “Tibbiyot muassisalarida sanitariya-gigiyena, epidemiyaga qarshi dezinfeksiya qilish rejimlariga rioya qilish” to‘g‘risidagi buyrug‘i doyrasida amalga oshiriladi.

CABAR.asia saytining o‘rganishi natijasida ma’lum bo‘lishicha, mamlakatimizning ko‘plab hududlarida, ayniqsa, markazdan olisda joylashgan hududlarda tibbiy chiqindilar, jumladan, xavfli chiqindilar eski usullarda, zamonaviy talablarga javob bermaydigan mufel pechlarida yoqib yuborilmoqda. Qolaversa, aholi tomonidan tashlab ketilayotgan tibbiy chiqindilarni utilizatsiya qilish ustidan nazorat yo‘qligi aholida tashvish uyg‘otmoqda.

Hududlarda tibbiy chiqindilarni utilizatsiya qilish infratuzilmasi eskirgan

Mamlakatimizda tibbiy chiqindilarni utilizatsiya qilishda jiddiy muammolar mavjudligini “Zero waste” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Sobirxon Mashrabov ham tasdiqlaydi.

“O‘zbekistonda yiliga 40 tonnagacha tibbiy chiqindilar hosil bo‘ladi, biroq ularning utilizatsiyasi sanitariya, epidemiologik va ekologik talablarga javob bermaydi”, – deydi u.

O‘zbekistondagi tibbiyot muassisalaridan birida eskirgan pechka. Surat Nargis Qosimovadan olingan. Ecolog.uz.

Ӯзбекистондаги тиббиёт муассисаларидан бирида эскирган печка. Сурат Наргис Қосимовадан олинган. Ecolog.uz.

Ӯзбекистондаги тиббиёт муассисаларидан бирида эскирган печка. Сурат Наргис Қосимовадан олинган. Ecolog.uz.

Mashrabov hatto mayshiy chiqindilarni ham yoqish tabiatga o‘ta zararli ekanligini ta’kidladi.

Sobiq SSSR davrida har bir shifoxonadagi tandirlarda bint, qog‘oz, ishlatilgan paxta kabi oddiy tibbiy chiqindilar yoqib yuborilar edi. Endi tibbiyot rivojlanmoqda, chiqindilar ko‘proq zararli moddalarni beradi. Bular bir martalik plastik shpritslar, turniketlar va tizimlar, muddati o‘tgan dori-darmonlar va boshqalar. Ular asosan kichik mufel pechlarida yondiriladi, deydi ekspert.

“Toshkent shahri va Toshkent viloyatida chiqindilar standartlarga muvofiq olib chiqilsa, boshqa hududlarda bu borada zarur infratuzilma yaratilmagan. Ular asosan sobiq SSSR davridan qolgan kichik mufel pechlarida yoqiladi. Tibbiy chiqindilarni utilizatsiya qilish yuqimli kasalliklarni oldini olish bo‘lsa-da, uni mufel pechida noaniq usulda yoqish ham aholi salomatligiga, ham atrof-muhitga zarar yetkazadi”, – deydi Sobirxon Mashrabov.

Hayvon qoldiqlari va tibbiy chiqindilarni aniqlanmagan usullar bilan olib chiqish va utilizatsiya qilish qoydaliga oid savollar ochiqligicha qolmoqda, dedi u.

CABAR.asia muxbiri Andijon viloyatidagi xavfli chiqindilar utilizatsiya qilinadigan chiqindixonalardan birida bo‘ldi. Ushbu yopiq poligoni “Andijon Special Eko Trans” MCHJ Andijon shahridan taxminan 40 daqiqalik masofada joylashgan.

 

 

2024-06-25 10.14.42
2024-06-25 09.42.31
2024-06-25 09.42.24
2024-06-25 09.42.36
2024-06-25 09.42.16
2024-06-25 10.14.42
2024-06-25 09.42.31

Fotosuratdan ko‘rinib turibdiki, poligon juda yaxshi jihozlangan.  U tog‘li hududda joylashgan, uylardan uzoqda va yaxshi qo‘riqlanadi. Biroq u yerda chiqindi qanchalik yaxshi utilizatsiya qilinishini aniqlashning imkoni bo‘lmadi.

Tibbiy chiqindilar xususiy kompaniyalar tomonidan utilizatsiya qilinadi

2018-yildan buyon O‘zbekistonda xususiy kompaniyalar chiqindilar, jumladan, tibbiy chiqindilar bilan shug‘ullanadi.  Bu chiqindilarni to‘plash va utilizatsiya qilish tizimini takomillashtirish, bu sohaga sarmoya jalb etish maqsadida amalga oshirildi.

Sanitariya tozalash korxonalarini  har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularga turli imtiyoz va preferensiyalar berish, davlat-xususiy sheriklik munosabatlari asosida amalga oshirishni kengaytirish maqsadida 2022-yilda O‘zbekiston Respublikasi  Prezidentining “Chiqindilar bilan ishlash tizimini isloh qilish” bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risidagi 189-son qarori qabul qilindi.

Mazkur farmonga ko‘ra, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi subyektlardan undiriladigan bir qator majburiy yig‘imlar, jumladan, daromad solig‘i va ijtimoiy solig‘i  bekor qilindi va boshqa qator imtiyozlar berildi. Mazkur imtiyozlardan tashqari, 7-10 yil davomida ushbu kompaniyalarga qattiq mayshiy chiqindilarni boshqarish sohasida xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan, davlat korxonalari balansida bo‘lgan barcha maxsus texnika va avtotransport vositalari  beriladi.

Vazirlar Mahkamasining 2018-yildagi “Chiqindilar bilan ishlash sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, utilizatsiya, shu jumladan, tibbiy chiqindilarni yo‘q qilish mamlakat tibbiyot muassisalaridan buyurtmalar qabul qiluvchi xususiy kompaniyalar qo‘liga topshirildi.

Masalan, poytaxt Toshkent shahrida tibbiy chiqindilarni utilizatsiya qilish bilan Toshkent shahar Davlat sanitariya-epidemologiya nazorati markazi (SES) tasarrufidagi bir qancha korxonalar – “UTILMED-SERVICE”, “Utilizatsiya.uz” va boshqalar shug‘ullanadi.

“UTILMED-SERVIS” korxonasi direktori Ulug‘bek Abduqodirovning aytishicha, o‘zi rahbarlik qilayotgan korxonada uch yildan buyon yaroqlilik muddati o‘tgan dori vositalari va barcha turdagi tibbiy chiqindilarni qayta ishlash bilan shug‘ullanadi.

“Bizda asosan tibbiyot muassisalari, shifoxonalar, dori-darmonlarni import qiluvchilar, ya’ni farmasevtika idoralari va boshqalar murojiat qilishadi. Lekin alohida maxsus ruxsat talab qiladigan zararli (xavfli) chiqindilar ham bor, biz ularni utilizatsiya qilish bilan shug‘ullanmaymiz”, – dedi Ulug‘bek Abduqodirov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hech bir tibbiyot muassisasi mufel pechlaridan tibbiy chiqindilarni yoqish uchun foydalanishga haqli emas, chunki bu noqonuniy hisoblanadi. Bunday qonunbuzarliklar sodir bo‘lmasligini shahar SES qattiq nazorat qiladi, dedi u.

“Mufel pechlarini faqat shahar tashqarisida ishlatish mumkin, lekin hech qanday sharoitda shahar ichida emas. Hatto shahar tashqarisida joylashgan shifoxonalar ham mufel pechlaridan foydalanishdan voz kechdi, chunki SES aholi turar joyda ushbu pechlardan foydalangan har bir kishini jarimaga tortadi”, dedi Abduqodirov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, SanPiN va Ekologiya qo‘mitasi standartlariga muvofiq, tibbiy chiqindilarni yo‘q qilish joyi turar-joy binolaridan 500 metrdan yaqin bo‘lmasligi kerak. Ularning kompaniyasi tibbiy chiqindilarni og‘irligi 1 va 2 tonna bo‘lgan ikkita maxsus pechda, 1000 C° haroratda yo‘q qiladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ularning korxonasi Toshkent viloyatida joylashgan bo‘lib,  tasdiqlangan sanitariya me’yorlari, qoydalari va gigiyena standartlari (SanPiN) va Ekologiya qo‘mitasining barcha standartlariga to‘liq javob beradi.

Abduqodirovning aytishicha, tibbiy chiqindilarni utilizatsiya qilish tartibi protokolga muvofiq va maxsus komissiya xulosasi asosida amalga oshiriladi.

“Avvalo, qayta ishlashga muhtoj tashkilotlar bizga shahar yoki tuman Ekologiya qo‘mitasining xulosasini olib keladi, so‘ngra shu xulosa asosida komissiya tuziladi. Korxona xodimlari komissiya a’zolari bilan birgalikda chiqindilarni yoqish yo‘li bilan utilizatsiya qiladi, shundan so‘ng hujjat- ish tugaganligi to‘g‘risidagi dalolatnoma tuziladi va bu chiqindilarni yoqish jarayonida hozir bo‘lgan barchaga tarqatiladi”, – dedi u.

Tibbiy chiqindilar sog‘liqni saqlash muassasalarida qanday yig‘iladi?

Toshkentdagi shifoxonalardan birining shifokori Umida Hakimova ( ismi o‘z iltimosiga ko‘ra o‘zgartirilgan) ularining shifoxonalarida tibbiy chiqindilar qanday utilizatsiya qilinayotgani haqida CABAR.asia muxbiriga gapirib berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ishlatilgan bint, paxta, qo‘lqop kabi chiqindilar avval dezinfeksiya qiluvchi 0,5% li natriy gipoxlorit eritmasiga 10 daqiqa davomida namlanadi, so‘ngra mayshiy qo‘lqoplar bilan sariq rangli belgili maxsus idishga o‘tkaziladi. Bularning barchasi kasalxonadagi ixtisoslashtirilgan axlat qutisiga, shuningdek, sariq stiker bilan tashlanadi.

2024-06-25 09.42.51
2024-06-25 09.41.44
2024-06-25 09.41.51
2024-06-25 09.42.51
2024-06-25 09.41.44

“Sariq belgi chiqindilar qaysi toyfaga tegishli ekanligini bildiruvchi belgidir.Chiqindi mashinasi kelganida esa ishchilar bu axlatni qolgan axlatga aralashtirib bo‘lmasligini bilishadi. Keyin sariq belgisi bo‘lgan bu qutini shahar tashqarisiga utilizatsiya qilish uchun olib ketishadi”, – dedi shifokor.

SanPiN standartlariga muvofiq shpritslar va qon quyish tizimlari ham dezinfitsiyali eritma bilan namlanadi. Kun davomida to‘plagan barcha tibbiy chiqindilar mufel pechlarida yoqiladi.

Hamshira barcha tibbiyot xodimlari chiqindini utilizatsiya qilishni bilishini va umuman, bu choralarga rioya qilinayotganini ta’kidladi.

Uning fikriga Andijon viloyat shifoxonasidagi hamkasbi Shaxnoza Niyozova (ismi o‘zgartirilgan) ham qo‘shiladi va uning aytishicha, umuman olganda, barcha tibbiyot xodimlari tibbiy chiqindilar bilan ishlash va utilizatsiya qilish qoydalarini yoddan bilishadi. Ammo tibbiyot xodimlaridan biri xato qilishi mumkin.

“Xo‘sh, ba’zida shunday vaziyatlar bo‘ladiki, siz juda charchaganingizda, miya sekinlashadi va bunning aksi sodir bo‘ladi”, dedi u.

Ayni paytda, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining jamoatchilikka oshkor bo‘lishni istamagan mutasaddilaridan biri mamlakatning aksariyat hududlaridagi mufel pechlarining deyarli yarmi standartlarga javob bermasligini aytdi.

Unga ko‘ra, ular mamlakat bo‘yicha 176 tibbiyot tashkilotida chiqindilarni utilizatsiya qilish holatini o‘rgangan. Ma’lum bo‘lishicha, ular bir kunda 9780,3 kg tibbiy chiqindilar (tizimlar, shpritslar, qo‘lqoplar, butilkalar, paxta momig‘i, bint va boshqalar) hosil qiladi.

“Hosil bo‘lgan chiqindilarni qayta ishlash holati o‘rganilganda ma’lum bo‘ldiki, asosan chiqindilar mufel pechlarida yondirib yo‘q qilinadi. O‘rganilayotgan obyektlarda  mufel pechlarining 52 foyzi belgilangan sanitariya-ekologik talablarga qisman javob beradi, 48 foyzi mufel pechlari talablarga javob bermaydi. Ya’ni, ular aholi gavjum joylarga yaqin qurilgan, ular havo o‘tkazmaydigan, mo‘rilar belgilangan balandlikdan past va hokazo”, – dedi rasmiy.

O‘zbekiston hukumati noto‘g‘ri utilizatsiya qilish xavfini kamaytirish uchun nima qilmoqda?

O‘zbekiston hukumati chiqindilarni utilizatsiya qilish bilan bog‘liq muammolar, ayniqsa, xavfli muammolar muhimligini anglagan holda, o‘z va xorijiy investorlarning mablag‘larini jalb qilgan holda, ushbu jarayonlarni tartibga solish bo‘yicha bosqichma-bosqich ishlarni amalga oshirmoqda.

Masalan, 2023 yil 26 yanvar Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev Toshkent viloyatining Pskent tumanida (poytaxtdan 50 km uzoqlikda) tibbiy chiqindilarni zararsizlantirish uchun poligon qurish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Hujjatda aytilishicha, poligon qurish uchun  Guliston mahallasi hududidan qishloq xo‘jaligida  foydalanilmayotgan 1,5 gektar yer uchastkasi ajratilgan. Mazkur yerdan foydalanish huquqi Toshkent viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasiga berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemologiya osoishtaligi  va aholi salomatligini muhofaza qilish  qo‘mitasi YUNISЕF  va Global jamg‘arma kabi tashkilotlar bilan hamkorlikda ularni zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash, tibbiy chiqindilarni boshqarish tizimi uchun kadrlar tayyorlash bo‘yicha ish olib borayotgani haqida xabar berdi.

O‘zbekiston ekologlarini tibbiy chiqindilarni utilizatsiya qilish muammolari tashvishga solmoqda

Va shunga qaramay, tibbiy chiqindilarni saqlash va yo‘q qilish bilan bog‘liq vaziyat ekologlarni xavotirga solmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat ekologik ekspertiza markazi bosh eksperti Maksim Malishev CABAR.asia bilan intervyusida tibbiy chiqindilarni utilizatsiya qilish muammosini to‘liq hal etish hali uzoq ekanligini va bu katta xarajatlarni talab qilishini aytdi.

Prezident qaroriga ko‘ra, har bir tumanda pechlar o‘rnatilishi shart. Va ular agar barcha zarur choralarga rioya qilgan holda o‘rnatilsa, u holda atrof-muhitga zarar yetkazish xavfi minimal bo‘ladi, deb hisoblaydi Malishev.

“Hozirda O‘zbekistonda tibbiy chiqindilar SES standartlariga muvofiq utilizatsiya qilishi lozim. 2023-yilda Prezident qarori bilan chiqindilarni boshqarish bo‘yicha yangi loyha tashkil etilgan edi. Bu har bir mahallada amalga oshiriladi va bu bilan yirik tadbirkorlar shug‘ullanadi. Ularda kuydiruvchi pechlar bo‘lishi talab qilinadi. Va bu yoqish pechlari atrof-muhitga ta’sir qilmasligi kerak.  Ular barcha talablarga javob berishi lozim. Masalan, kuydiruvchi pechlar odamlar yashaydigan joylardan kamida 2 km uzoqlikda joylashgan bo‘lishi kerak. Amaliyot shuni ko‘rsatadiki, ularni maxsus pechlarda to‘g‘ri yoqmasa, atrof-muhitga katta zarar yetkaziladi”, – dedi u.

Ekologlar tibbiy chiqindilarning aholi tomonidan qanday utilizatsiya qilishidan ham ko‘proq tashvishlanmoqda.

Sobirxon Mashrabovning aytishicha, tibbiyot muassasalarida tibbiy chiqindilarni utilizatsiya qilish qoydalariga amal qilinsa, aholi bilan bog‘liq vaziyat butunlay boshqacha.

“Aholi xavfli chiqindilarni utilizatsiya qilishga o‘rgatilmagan. Bunday tadbirlar haqida faqat shifokorlar bilishadi. Qolaversa, mamlakatimizning aholi punktlarida  bunday chiqindilarni yig‘ib va yo‘q qilish uchun alohida chiqindi konteynerlari yo‘q”, – dedi u.

Aholi o‘rtasida eng xavfli chiqindi-eskirgan, singan, tarkibida zararli elemetlar bo‘lgan termometrlar, simobli tonometrlar, yaroqlilik muddati o‘tgan dori vositalari ham bo‘lishi mumkin, – deydi Mashrabov.

“Albatta, eng xavfli tibbiy chiqindilar ixtisoslashgan muassasalarda to‘plangan. Tibbiy chiqindilarni utilizatsiya qilish bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar bor, ularga maosh to‘lanadi,  kelib chiqindini yig‘ishtirib olib, utilizatsiya qilish uchun olib ketishadi. Ammo bir nechta ampulalar va shpritslarni utilizatsiya qilish uchun maxsus xizmatlarni chaqirmaydigan oddiy odamlar haqida  nima deyish mumkin? Odamlar oddiygina tibbiy chiqindilarni jamoat axlat tashlash punktlariga tashlaydi”, – dedi u.

Mutaxassisning fikricha, mamlakatda xavfli chiqindilarni to‘plash va utilizatsiya qilish eng nozik mavzulardan biridir.

“Hozirgi kunda  mavjud sanitariya me’yorlariga rioya qilinmayapti. Ekologlar bunga e’tibor berishlari kerak. Surxondaryoda, Qashqadaryoda, Samarqandda, Andijonda va Farg‘onada bu men uchun og‘irli mavzu, bilishimcha, ular mavjud me’yoriy hujjatlarga mos kelmaydi”, – dedi ekolog.

Chiqindilarni utilizatsiya qilish sohasidagi huquqbuzarliklar aniqlanayapti

Ayni paytda, chiqindilarni yo‘q qilish sohasida hamma narsa u qadar silliq emasligidan ELTUZ telegram kanalida nashr etilgan  maqola guvohlik beradi.

Ushbu nashr jurnalistlari tomonidan olib borilgan tekshiruv mualliflari Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisining sobiq o‘rinbosari Islombek Boqijonovni o‘z mansab mavqeydan foydalanib, korrupsiyaviy sxemalar yaratishda ayblamoqda.

“Islombek Boqijonov o‘zining yaqin qarindoshi, ukasi Shaxobiddin Boqijonov nomiga MCHJ “BIO TECH ECO” va MCHJ “BI SAY” tashkil etib, hamda yaqin do‘sti, Qumita huzuridagi “Korxonalarni sanitariya tozalash” respublika ixtisoslashtirilgan birlashmasi direktori Otabek Rahbarov nomiga MCHJ “Maxsus sanitariya trans vodiysi”ni yaratdi”, – deyiladi tekshiruvda.

“Eltuz” insayderlariga ko‘ra, auksionga qo‘yilgan “eng daromadli hududlar”ning 80 foyzdan ortig‘i ushbu amaldorlarning yaqin qarindoshlari va do‘stlariga tegishli korxonalarga berilgan.

Ushbu telegram-kanal mualliflari mansabdor shaxslarning noqonuniy faoliyatining boshqa tafsilotlarini ham taqdim etadi.

2022-yil oktyabr oyida Ekologiya davlat qo‘mitasi raisining ikki o‘rinbosari Umarbek Xalilov va Islombek Boqijonov egallab turgan lavozimidan ozod etilgan edi. Ularni ishdan bo‘shatish sabablari keltirilmagan.

Nima qilish kerak?

Global iqlim o‘zgarishi va atrof-muhitning tanazzulga uchrashi bilan bog‘liq katta muammolarni hisobga olgan holda, mutaxassislar xavfli mayshiy chiqindilarni utilizatsiya qilishga alohida e’tibor qaratish, ularni to‘g‘ri saqlash va dezinfeksiya qilish  choralarini kuchaytirishni tavsiya qilmoqda.

Mashrabovning fikricha, aholini xavfli chiqindilarni to‘g‘ri yig‘ishtirishga o‘rgatish lozim. U mamlakatning aholi punktlarida tibbiy chiqindilarni yig‘ish uchun alohida idishlar o‘rnatishni tavsiya qiladi.

Ekspertning fikricha, tibbiyot, farmatsevtika va veterinariya chiqindilarini tashish, saqlash, qayta ishlash va utilizatsiya qilish tizimini xalqaro talablar asosida tartibga soluvchi me’yoriy-huquqiy bazani ishlab chiqarish zarur.

Ekologlarning ishonishicha, davolash-profilaktika va ijtimoiy xavfsizlikni hisobga olgan holda ularning boshqaruv tizimini isloh qilish zarur; inson salomatligi va atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatishning oldini olish maqsadida tibbiyot va ilmiy-tadqiqot muassasalarida tibbiy chiqindilarni yig‘ish, saqlash, tashish, qayta ishlash va utilizatsiya qilishning samarali va zamonaviy tizimini yaratish kerak.

Ular poligonlarga yuboriladigan tibbiy chiqindilar miqdorini kamaytirish, tibbiy chiqindilarni tashish, saqlash, qayta ishlash va utilizatsiya qilish bilan bog‘liq jarayonlarda davlat-xususiy sheriklik amaliyotiga alohida e’tibor qaratish, bu jarayonlarda yangi texnologiyalarni qo‘llashni taklif qilmoqda.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.