Ba’zi avtobus yo‘nalishlari o‘zgardi, bu yo‘lovchilarga yanada yaqin va qulaylikni taqdim etadi
O‘quv yili boshlanishi, maktab o‘quvchilari va talabalarning dars jarayonlariga qaytishi poytaxt uchun alohida tayyorgarilik ko‘rishni talab qiladigan jarayon. Ayniqsa, jamoat transportlari, xususan, avtobuslar uchun ham. Shu sababli “Toshshahartransxizmat” AJ va avtobus saroylari tomonidan yo‘lovchilar tashish xizmatlari sifatini oshirish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda.
AJ tomonidan o‘tgan iyun-avgust oylari davomida yo‘lovchilar oqimi ko‘p bo‘lgan yo‘nalishlar bo‘yicha qo‘shimcha o‘rganish ishlari olib borildi. Yo‘lovchilardan kelgan murojaatlar ijrosini taminlash hamda Toshkent viloyatidan Toshkent shahri hududiga qo‘shilgan yangi manzillarda, shuningdek Toshkent shahriga yondosh bo‘lgan hududlardagi yo‘lovchilarning transportga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida asosiy yo‘lovchilar oqimi talabalar va o‘quvchilardan iborat bo‘lgan qator yo‘nalishlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Jumladan:
– 121-sonli avtobus yo‘nalishida to‘liq o‘ta katta sig‘imli 14 ta King Long avtobuslari harakati yo‘lga qo‘yildi. Unga qadar, bu yo‘nalishda 6 ta King Long va 8 ta MAN avtobuslari harakatlangan.
– 28-sonli avtobus yo‘nalishida 13 ta Elektrobuslar o‘rniga o‘ta katta sig‘imli 13 ta King Long avtobuslari harakati yo‘lga qo‘yildi.
– Bardanko‘l mavzelari orqali harakatlanuvchi 174-sonli avtobus yo‘nalishidagi barcha Mersedes Bens avtobuslari 2023-yilda ishlab chiqarilgan yangi Yutong rusumli avtobuslarga o‘zgartirildi. Ushbu yo‘nalishdagi avtobuslar oraliq interval vaqtini 20 daqiqadan 10-12 daqiqagacha kamaytirildi.
– Qibray tumanidagi Haydarobod mavzesi aholisidan kelib tushgan murojaatlar asosida ushbu mavze orqali harakatlanuvchi 159-sonli avtobus yo‘nalishidagi barcha SAZ LE avtobuslari katta sig‘imli 2023-yilda ishlab chiqarilgan 2 ta yangi Yutong rusumli avtobuslarga o‘zgartirildi. Hozirda ushbu yo‘nalishdagi avtobuslar sonini ko‘paytirish bo‘yicha tashkiliy ishlar olib borilmoqda.
– Iyk ota mavzesi va O‘zbekiston xo‘jaligi orqali harakatlanuvchi 137-sonli avtobus yo‘nalishida harakatlanuvchi Mersedes Bens avtobuslari soni 7 tadan 9 taga oshirildi. Natijada, yo‘nalishdagi avtobuslar oraliq interval vaqtini 20 daqiqadan 10-12 daqiqagacha kamaytirildi.
– Bo‘zsuv, Zangiota mavzelari orqali harakatlanuvchi 171-sonli avtobus yo‘nalishidagi 2009-2012 yillarda ishlab chiqarilgan 6 ta Mersedes Bens avtobuslari 2018-2023 yillarda ishlab chiqarilgan 6 ta MAN rusumli avtobuslarga o‘zgartirildi. Ushbu yo‘nalishdagi avtobuslar oraliq interval vaqtini 20 daqiqadan 10-12 daqiqagacha kamaytirildi.
– Chingeldi, Uchxoz mavzelari aholisidan kelib tushgan murojaatlar asosida ushbu mavzelar orqali harakatlanuvchi 151-sonli avtobus yo‘nalishidagi barcha Mersedes Bens avtobuslari MAN va Yutong rusumli avtobuslarga o‘zgartirildi.
-“2-avtobus saroyi” filialida elektrobuslarni quvvatlash bilan bog‘liq bo‘lgan kamchiliklar sababli, ushbu korxona tomonidan xizmat ko‘rsatilayotgan 72 va 95-sonli avtobus yo‘nalishlaridagi barcha elektrobuslar 2023-yilda ishlab chiqarilgan yangi Yutong rusumli avtobuslar bilan almashtirildi.
– Shuningdek, 32 va 146-sonli avtobus yo‘nalishlarida Yutong rusumli avtobuslar o‘rniga elektrobuslar harakati yo‘lga qo‘yildi.
2024-yilning 7 oyi davomida “Toshshahartransxizmat” AJ tarkibidagi avtobus saroylari tomonidan xizmat ko‘rsatilayotgan yo‘nalishlarda jami 180,2 mln. yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatilgan. Bir kunda tashilayotgan yo‘lovchilar soni 1,1 mln. nafarni tashkil etmoqda. Bu ko‘rsatkich 2023 yilning sentyabr oyida bir kunlik tashilgan 850 ming nafar yo‘lovchilar soniga nisbatan 30%ga oshganini ko‘rsatadi.
Yangi o‘quv yilida kunlik yo‘lovchilar tashish hajmini 1,25 mln. nafarga yetkazish rejalashtirilgan. 4-sentyabr kuni “Toshshahartransxizmat” AJ tarkibidagi avtobus saroylari tomonidan jami 163 ta yo‘nalishlarga brutto shartnoma talablari asosida 1556 ta avtobuslar ishga chiqarilishi va 22 701 ta qatnovlar amalga oshirilishi belgilangan. Bundan tashqari, avtobus saroylari tomonidan 100 ga yaqin avtobuslar texnik soz holatga keltirilib, yo‘nalishlarga zaxira avtobuslari sifatida jalb etilishi rejalashtirilgan.
Ilhomjon Sobirov
*Reklama huquqi asosida
Sharhlar