Farg‘onada Soliq, Andijonda Bojxona boshqarmalari nashrimiz so‘rovini javobsiz qoldirdi. Ikki viloyatda tamaki kontrabandasiga qarshi qanday kurashilmoqda?
Qabul qilinayotgan hujjatlarni kuzatganda O‘zbekistonda yashirin iqtisodiyot, xususan, noqonuniy tamaki mahsulotlari aylanmasiga qarshi kurash kuchaytirilayotgandek, biroq bozor va savdo nuqtalarini yurib ko‘zdan kechirsangiz sezilarli o‘zgarish hanuzgacha yo‘qligiga guvoh bo‘lasiz.
Farg‘ona va Andijon viloyatlari mamlakatning chegaradosh hududlari sanaladi. Nashrimiz jurnalisti ushbu hududlarga qilgan safari davomida viloyatdagi katta bozorlar, savdo majmualaridan tortib, kichik savdo shahobchalarigacha kirib borgan. Bojxonada rasmiylashtirilmagan va, demak, sifati kafolatlanmagan qator mahsulotlar va sigaretlarning nafaqat iqtisodiyotga keltirayotgan zarari, balki inson sog‘ligi uchun xavfi anchagina yuqori.
Xullas, kuzatilgan holat ko‘ngildagidek emas.
Qolaversa, Toshkent davlat iqtisodiyot Universitetining ilmiy tadqiqot markazi ma’lumotlari va avgust oyida chiqarilgan axborotnomasida ayni vodiy viloyatlaridagi holat yuqori ekanligi qayd etilgan. Vodiy viloyatlarida noqonuniy aylanma ulushi mamlakat bo‘ylab o‘rtacha ko‘rsatkichdan sezilarli darajada oshib, 25,6% ga yetgan. Farg‘ona vodiysining ayrim shaharlarida vaziyat yana ham yomon: Marg‘ilonda noqonuniy aylanma 27,2% ni, Qo‘qonda – 25,6% ni, Farg‘ona shahrida esa – 19,7 foizni, Andijon viloyatida16,5 foizni, Andijon shahrida 19,5 foizni tashkil qilgan.
Mamlakat hududiga chegara hududlari orqali aylanma yo‘llar bilan nafaqat tamaki, balki boshqa turdagi mahsulotlarning ham olib kirilishining oldini olishga qaratilgan ishlar samarali tashkil qilingan bo‘lsada, bu jarayon to‘xtagani yo‘q. Bozorlar va savdo nuqtalaridagi ko‘rsatgichlar yashirilgan kasalni istimadek oshkor qilmoqda. Dastlab Marg‘ilon shahri, Toshloq va Qo‘shtepa tumanlari hududlaridagi savdo do‘konlariga oddiy haridor sifatida kirib bordik. Bu joylarda ham qonuniy ham noqonuniy yo‘llar bilan kirib kelgan tamaki mahsulotlari erkin sotilmoqda. Tamaki xarid qilsangizu sizga NKM cheki bermasa ajablanmang, chunki boshqa mahsulotlarni harid qilsangiz ham siz qator savdo shahobchalaridan kassa cheklarini ololmaysiz, chek so‘rasangiz sizga qarab “uzr, kassa aparatimiz buzulib qolibdi” yoki “men buni qanday ishlatishni bilmayman” degan javobdan boshqasini olaolmaysiz. Marg‘ilon shahridagi Dehqon bozori hududidagi ko‘chmas savdo nuqtalarida ham ayni holatlarga guvoh bo‘ldik.
Nashrimiz Farg‘ona viloyati Bojxona boshqarmasiga yuborgan axborot so‘roviga quyidagicha javob oldi.
“Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida esa Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadblar va bojxona ko‘riklari natijasida 52 ta holatda qiymati 1 mlrd. 958 mln. so‘mlik 186680 quti tamaki mahsulotlarining chetdan noqonuniy olib kirilishi, saqlanishi va aylanishiga chek qo‘yilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat daromadiga o‘tkaziladigan mol-mulkni olib qo‘yish, sotish yoki yo‘q qilib tashlash tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi 200-sonli Qarorida huquqbuzarlik daliliy ashyosi sifatida olingan tamaki mahsulotlari va dori vositalari majburiy tartibda yo‘q qilinishi belgilangan. Mazkur yo‘nalishda tamaki mahsulotlarini yo‘q qilish bilan bog‘liq jami 5 ta tadbir o‘tkazilib, umumiy qiymati 919 mln so‘mlik 76640 quti tamaki mahsulootlari yo‘q qilish komissiyasi ishtirokida yo‘q qilingan”, – deyiladi javob xatida.
Ayni yo‘nalishda soliq organlari faoliyatidagi ishlarni bilish maqsadida Farg‘ona viloyati Soliq boshqarmasiga yuborgan so‘rovimiz esa javobsiz qoldi. (“Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 19-moddasiga muvofiq, ommaviy axborot vositasining davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to‘g‘risida axborot olishga doir, shuningdek mansabdor shaxslarning intervyusini tashkil etish to‘g‘risidagi so‘rovi ko‘pi bilan 7 (yetti) kunlik muddatda ko‘rib chiqiladi.)
Farg‘onaga safarni yakunlab Andijon viloyatidagi holatlarni o‘rganishga kirishdik. Viloyatdagi xalq tilida “Andijon Jahon bozori” va Andijon tumanidagi “Kuygan yor” savdo bozorlari hududini ko‘zdan kechirar ekanmiz u yerdagi aralash mollar savdosi bilan shug‘illanuvchi do‘konda ochiqdan ochiq kontrabanda va kontrafakt sifatida malakalanuvchi tamaki mahsulotlarining erkin savdo qilinayotganligiga guvoh bo‘ldik va xaridor sifatida do‘kon sotuvchisi bilan suhbatlashdik. Ular esa tirikchilikning aybi yo‘q ekanligini, qonuniymi, noqonuniymi savdolari yaxshi yurayotganini ta’kidlashdi. Bu holat esa nazorat organlari ayni bozorlarda tekshiruv tadbirlarini amalga oshirishini taqazo etmoqda.
Viloyat Soliq boshqarmasidan Andijonda amalga oshirilayotgan nazorat tadbirlari to‘g‘risida ma’lumot olish maqsadida bergan Axborot so‘rovimizga quyidagicha javob oldik.
“Andijon viloyati soliq boshqarmasi tomonidan 2023-yilda aylanma yo‘llar orqali olib kirilgan, xorijda ishlab chiqarilgan, hech qanday hujjatlari va aksiz markalari bo‘lmagan jami 95 ta holatda 141 mln 800 ming so‘mlik tamaki mahsulotlari noqonuniy harakatinining oldi olingan. 2024-yil avgust oyi holatiga ko‘ra, viloyat hududlarida 18 ta holatda 23 mln 700 ming so‘mlik tamaki mahsulotlari noqonuniy savdosining oldi olingan”, – deyiladi munosabatda.
Andijon viloyati Bojxona boshqarmasi esa 16-sentyabr kuni yuborgan Axborot so‘rovimizga hanuz javob bergani yo‘q. Qonunchilikga ko‘ra, OAV so‘rovlariga 7 ish kuni ichida javob berilishi belgilab qo‘yilgan. (“Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 19-moddasiga muvofiq, ommaviy axborot vositasining davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to‘g‘risida axborot olishga doir, shuningdek mansabdor shaxslarning intervyusini tashkil etish to‘g‘risidagi so‘rovi ko‘pi bilan 7 (yetti) kunlik muddatda ko‘rib chiqiladi.)
Bundan ko‘rinadiki, nazorat organlari faoliyatini jonlantirish uchun, albatta jamoatchilik nazoratini kuchaytirish kerak. Jamoatchilik nazorati ishlamas ekan, qonunlarimizga kiritilayotgan o‘zgartirishlar-u, nazorat organlarining faoliyat samaradorligi oshishi qiyinlashib boraveradi.
Anhor.uz surishtiruvlarini davom ettiradi.
Sharhlar