Ilm va muvaffaqiyat: “Alumni Awards” qahramonlari

Foto: Anhor.uz

Iskandar Sattiboyev: Shunchaki o‘qituvchi emasman

Men, Iskandar Sattiboyev, 41 yoshdaman. Har kuni o‘quvchilarimga bilim berish, ularga kelajakda o‘z yo‘llarini topishda yordamlashuvchi mas’uliyati og‘ir yo‘lga chiqqan o‘qituvchiman. Ingliz tili va adabiyotining mohiyatini o‘rgatish, yoshlarning dunyoqarashini kengaytirish mening sevimli mashg‘ulotim. Andijon shahridagi 1-sonli ixtisoslashgan maktabda o‘qituvchilik qilaman, shuningdek, gumanitar fanlarni o‘qitadigan o‘quv markazining rahbari sifatida faoliyat yuritaman.

Bakalavr ta’limimni Andijon davlat chet tillari institutida oldim, lekin hayotimdagi eng muhim o‘zgarish Edinburg universitetida o‘qiganimda ro‘y berdi. O‘sha paytda men bilim olishdan to‘xtamaganimni va kelajak uchun yangi imkoniyatlar yaratishim mumkinligini angladim. Britaniyada magistr diplomimni qo‘lga kiritganimda kasbiy faoliyatimga yangi istiqbollar ochilganini his qildim.

Bugungi kunda, 4000 dan ziyod shogirdlarim bor. Har birining yutuqlari mening o‘zimga bo‘lgan ishonchimni orttiradi. “So‘z yodlash sirlari”, “Kompyuter savodxonligi”, “Soddalashtirilgan ingliz tili grammatikasi” va “Tana tilga kirganda” kabi kitoblarni yozib, kitobxonlarga taqdim etdim. Yoshlarni ulardan foydalanayotganini ko‘rish menga ulkan zavq bag‘ishlaydi.

O‘tgan 15 yillik mehnatlarimni bir portfolioga joylab, munosib baho bera oladigan Alumni Awards dasturiga topshirish g‘oyasi menga Facebookdagi reklamani ko‘rgandan keyin kelgan. Bu imkoniyatni qo‘ldan boy bermaslikka qaror qildim. Grant olish uchun ariza topshirdim. O‘quvchilarimning soni, yozgan kitoblarim, ilmiy maqolalarim va ingliz tilini onlayn o‘rgatish maqsadida yaratgan mobil ilovamni, umuman,  o‘zimning barcha erishgan yutuqlarimni dasturga taqdim etdim. Avval milliy bosqichda g‘alaba qozondim, so‘ngra xalqaro miqyosda g‘olib bo‘ldim. Men kabi shosupaga ko‘tarilganlar qatorida Xitoy, Vetnam va Nigeriya kabi davlatlar vakillari borligi, ular bilan bir safda turganimga ishonmasdim. Bu katta baxt edi.

Dinara Dultaeva: Yurtimni his qilib, ongli ravishda harakat qildim

Men, Dinara Dultaeva, o‘z hayotimdagi har bir sahifani yaratishda, O‘zbekistonni yurtim deb bilib, ongli ravishda harakat qildim. Dinara&Co kompaniyasini tashkil etganimda, maqsadim oddiy edi: o‘z yurtimning go‘zalligini, madaniyatini va salohiyatini butun dunyoga tanitish. “Kofe stoli kitoblari” va “Visit Uzbekistan” jurnali orqali o‘zimning xohishimni amalga oshirdim.

2020-yildan beri O‘zbekistonning birinchi integratsiyalashgan aloqa agentligi DNKni ham muassisi sifatida, men o‘z yurtimni global sahnada tanitishga kirishdim. Har bir loyiha, har bir tadbir – bu menga O‘zbekistonning nafaqat go‘zalligini, balki uning noyob tarixini kashf etish imkonini beradi.

“Visit Uzbekistan” jurnalining har bir sahifasi men uchun bir dard, bir sevgi va bir umid. Bu jurnal 14 tilda nashr etilgani, yurtimizning rang-barangligini va turli madaniyatlarni o‘z ichiga olishini ko‘rsatadi. Men, sayohat qilishingiz uchun sizga O‘zbekistonning jonli tasvirini taqdim etish uchun bor kuchimni sarflayman.

2016-yilda Londonda nashr etilgan “O‘zbekistonga tashrif buyurish uchun 10 ta sabab” kitobi, men uchun hayotimda yangi bir sahifani ochdi. Qirolicha Yelizaveta II dan minnatdorchilik maktubi olganimda, o‘z mehnatimning qiymatini yanada chuqur his qildim. Bu, faqat men uchun emas, balki O‘zbekiston uchun katta g‘urur edi.

Chevening stipendiyasi orqali Kardiff universitetida jurnalistika bo‘yicha o‘qib, hozirda o‘z bilimlarimni Toshkentdagi Vebster universitetida talabalarga baham ko‘rishni davom etmoqdaman. Yosh avlodga ilhom berish, ularga orzularini amalga oshirishda ko‘maklashish, bu mening hayotimdagi maqsadlarimdan biridir.

Yuqorida o‘zlarining muvaffaqiyat yo‘lidagi hikoyalari bilan o‘rtoqlashgan qahramonlarimizning yuksak cho‘qqilarga erishishining asl sababi bu ilm ekanligi kundek ravshan. Ularni birlashtirib turgan nuqta esa ilm ortidan topilgan qadr, munosib ko‘rsatilgan natija, asosiysi qilingan mehnatni adolatli baholagan Alumni Awards dasturida g‘olib bo‘lganligi. 15 yillik mehnat, shuncha muddatlik izlangan ilm, shaxsiy rivojlanishga e’tibor qaratish katta ahamiyatga ega bo‘lgan dasturda g‘alaba qozonishiga. Bu ta’limining bir bosqichini Buyuk Britaniyada o‘qigan har bir yoshning erishishi mumkin bo‘lgan natija. Buning uchun esa bugundan, hozirdan harakat qilmoq lozim.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.