Internetdagi firibgarlar, yolg‘ondan pul yutib, chuv tushayotganlar qismati / Anhor.uz surishtiruvi
“Men “Uzbekistoninvestuz”ga 1 mln 250 ming sarmoya qilgandim, 1 soat ichida 19 mln 693 ming so‘m pul yutib oldim”.
“Bugun Akmalov Muhammadga depozit qilgan edim, 2-3 soatda pulimni ko‘paytirib, kartamga hech qanday muammosiz tashlab berdi. Rahmat, xursandman, Alloh rozi bo‘lsin sizdan aka, ishlaringizga omad”.
Bu so‘zlar ijtimoiy tarmoqlarda ismi-familiyasi, manzili noaniq bo‘lgan treyding orqali go‘yo katta mablag‘ yutgan fuqarolarga tegishli.
Oson pul topib, tirikchilik qilish payida yurgan fuqarolarga najotdek ko‘rinayotgan “Halol pul ishlash”, “Kamolov invest”, “Akmalov Muhammad”, “Uzbek Treyder”, “Uzbekinvest”, “Halol sarmoyadorlar”, kabi nom ostida faoliyat yurib kelayotgan Telegramdagi minglab obunachilarga ega kanallar o‘z kontentlarida shohona hayotni ko‘rsatmoqda. Natijada fuqarolar soxta treydingga qiziqib kanal adminlariga o‘rtacha 300 mingdan 5 mln so‘mgacha investitsiya qilib 6 mlndan 25 mln va undan ortiq mablag‘gacha yutib berishni va’da qilmoqda. Qiziqarli tomoni shundaki, shuncha pulni atiga 60 daqiqa ichida yutish va o‘zlashtirish mumkin. Albatta, bu hammani qiziqtirmoqda.
Jumladan, tahririyatimiz jurnalisti ham buni qanday amalga oshishiga qiziqib kanal adminlari bilan qiziquvchan yangi mijoz sifatida bog‘landi. Telegramda ancha faol bo‘lgan “Uzbekinvest” kanalining “Xalqqa yordam” nomli adminiga biz ham treyding orqali ko‘proq pul topishni istayotganimizni bildirdik va shartlari bilan tanishdik. Admin bizga quyidagi jadvalni yuborib, yagona shartni tushuntirdi: “Siz manga to‘lov qilasiz man uni ko‘paytirib beraman “opshiy” ketadgon vaqt 60 daqiqa bizada xammasi tez va ishonchli”.
Ishonchli ekaniga shubha bildirmasligim uchun ushbu faoliyat bilan shug‘illanishga asos, sertifikat, litsenziya yoki shunga o‘xshash qonuniy kuchga ega hujjat so‘raganimizdan adminning o‘zi bu ishlari qonunga xilof ekanligini bildirdi.
Tajirba sifatida yana bir “Ibrohim treyder halol invest” nomli telegram admini bilan bog‘langanimizda u ham aynan 60 daqiqada katta foyda olishimizni aytib, ishonch uchun bizga quyidagi “hujjat”larni taqdim etdi.
Pul o‘tkazishga tayyorligimizni bildirganimizdan so‘ng esa, bizga “Ibrohimov” nomidagi shaxsiy bank plastik kartasi raqamlarini yubordi. Ma’lum vaqt o‘tgandan keyin esa karta bloklanib qolganini ko‘rdik.
Bunday aldov va tovlamachilik bilan shug‘ullanayotganlar ham unga qurbon bo‘lib, peshona teri bilan topgan pulini oson ko‘paytiraman deb boridan ayrilayotgan soda insonlar ham ko‘p. Qopqondagi tekin o‘ljaga chang solib tuzoqqa tushgan fuqarolar IIV xodimlari bilan tez-tez uchrashishga majbur bo‘ladi. Mavzuni o‘rganish davomida to‘plangan savollarga IIV tezkor qidiruv departamenti kibir xavfsizlik markazi mas’ul xodimi Azizbek Irgashev javob berdi.
Aslida kiber jinoyat nima va u qanday sodir etiladi?
Kibir jinoyat va jinoyat tushunchasini oddiy misol bilan tushuntirish mumkin. Agar xonaga kirib, kompyuterni egasidan so‘roqsiz oladigan bo‘lsam, bu jinoyat va bu real makonda amalga oshirilmoqda. Shu ma’noda uning asoratlari (barmoq izi, kuzatuv kamerasi yozuvlari, guvohlar) qoladi. Ammo kibir jinoyatda iz qolmoqda. Unda chegara muhim emas. Dunyoning boshqa bir nuqtadan turib jinoyatni amalga oshirish mumkin.
Treyding nima?
Treyding – bu moliyaviy bozorlar, jumladan, aksiyalar, valyutalar yoki kriptovalyutalar bilan savdo qilish jarayonidir. Savdogarlar (trederlar) aktivlarni arzonroq narxda sotib olib, qimmatroq narxda sotishga harakat qilishadi. Maqsad – bozor o‘zgarishlaridan foyda ko‘rish. Bu faoliyat yuqori darajadagi bilim talab qiladi.
Bunday kanallar ko‘payib, auditoriyasining kengayib borishiga asosiy sabablar nimada?
Kanal adminlari jamiyatimizning diniy e’tiqodi, yashash tarzi, mehnat faoliyati, ish turning og‘irligidan kelib chiqib, qilayotgan ishlarining oson va serdaromad ekanligini yaxshi targ‘ib qilmoqda. Shuningdek, mashhur insonlarining yuz qiyofasi, ovozini sun’iy intellekt yordamida soxtalashtirib, ularning obunachilarini xizmatlariga qiziqtiryapti.
Chindan ham treyding orqali 60 daqiqa ichida 5 mln so‘mni 25 mlngacha ko‘paytirish imkoni bormi?
Yo‘q, bu narsani iloji yo‘q. Bu yolg‘on. Xalqimizda gap bor-ku, tekin pishloq faqat qopqonda bo‘ladi. Qopqonga tushganingiz qoladi. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, buni iloji bo‘lsa, kimnidir pulini ko‘paytirib bergandan ko‘ra o‘zi va yaqinlarining mablag‘ini sarmoya qilgani yaxshi emasmi?
Agar bu bizneslar yolg‘on bo‘lsa, guruh va kanallarda “men pul yutib oldim, adminlarga rahmat” deb chiqayotgan odamlar qayerdan chiqmoqda?
Ko‘pchilikni mana shunday savollar qiziqtiradi va ba’zilar ishonadi ham. Adminlar odatda pulga muhtoj yoki boshqa rag‘batlantirish evasiga fuqarolardan mana shunday video tayyorlatib olishadi. Shuningdek, umuman boshqa davr va makonda suratga olingan videodan sun’iy intellekt orqali o‘zlari xohlagan videoni yasab tarqatgan holatlar ham mavjud.
Shunday holatlarda, fuqarolar o‘zlari bila turib, mablag‘ evaziga video tayyorlab bergan bo‘lsa, ularga qonuniy chora ko‘riladimi?
Albatta yolg‘on ma’lumot tarqatish bilan jazolanadi. O‘zbekiston Respublikasi JK va MK da belgilangan tartibda jinoiy javobgarlikka tortiladi.
Tarmoqlarda mavjud kanallar turli xil aldovlar orqali fuqarolarning ishonchiga kirib, ularning mablag‘larini o‘zlashtirayotgani, jabrlanganlar, kanallar va ularning adminlari aniq. Nega ularning faoliyatiga chek qo‘yilmayapti?
Bu kabi masalalar yuzasidan tegishli tashkilotlar ish olib borib, holat yuzasidan aniqlik kiritilib kanallar bloklanadi. O‘zbekiston hududida jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan chora ko‘riladi. Ammo xorijdagi firibgarlarga tegishni kanallarning biri bloklansa, boshqasini ochib faoliyatini davom ettirmoqda. Ammo bu bilan jinoyatchilik kamaymaydi. Bu yo‘nalishda eng samarali ish aholining mediasavodxonligini oshirishdir. Axboriy xurujlarga qarshi immunitetni hosil qilish, bu kabi ko‘ngilsiz hodisalarning oldini olishga yordam beradi.
Firibgarlarning tuzog‘iga tushgan fuqarolar tegishli idoralarga murojaat qilgandan so‘ng ularning mablag‘lari qaytarib berilishi mumkinmi?
Avvalo aldangan ular. Lekin vaziyat o‘rganib chiqilib, firibgar qo‘lga tushgandan so‘ng, qonunda belgilangan tartibda undirib beriladi. Ammo chet elda turgan holda, jinoyatni sodir etgan bo‘lsa, vaziyat ancha qiyinlashadi. Bu holatda vakolatdan kelib chiqib jabrlanganlarga yordam berishga harakat qilamiz.
Chindan ham tarmoqlarda shunday qonuniy treyding orqali pulni ko‘paytirib beradiganlar bo‘lsa, fuqarolar ulardan qanday rasmiy hujjatlar talab qilishi kerak?
Yo‘q, bunday bo‘lishi mumkin emas. Unday insonlar sizga turli xil pasport, sertifikat kabi hujjatlarni tashlab berishadi. Lekin ularning ko‘pchiligi haqiqiy bo‘lmaydi. Pasport ma’lumotlari boshqa odamga, uning surati boshqa odamga tegishli bo‘lib chiqadi.
Agar siz bilan ham mana shunday vaziyatlar yuzaga kelsa, 102 yoki 1102 ishonch raqamlariga qo‘ng‘iroq qilishingiz yoki o‘z hududingizdagi ichki ishlar boshqarmasi binosiga borgan holda ariza topshirishingiz mumkin. Arizangiz belgilangan muddatda ko‘rib chiqiladi.
Chindan tekin pishloq, qopqonda. Mehnat bilan, kasb-hunarning ortidan topilgan nonning ta’mi esa totli bo‘ladi. Shunday turli yolg‘onlarga aldanib, firibgarlar tuzog‘iga tushmaslik uchun bugun hushyor, mediasavodxon bo‘lish talab etiladi.
Agar hayotingizda mana shunday chuv tushgan bo‘lsangiz o‘z hikoyangizni bining botimizga (https://t.me/RedAnhorBot) yuboring. Muallif ma’lumotlari sir tutilishi kafolatlanadi.
Ilhomjon Sobirov
Sharhlar