Mamlakatda sanoat strategiyasining ahamiyati

Foto: themanufacturer.com

1992-2016-yillar davomidagi xususiylashtirish jarayonida O‘zbekistonning sanoat potensiali ko‘p jihatdan yo‘q bo‘lgan. Mayda va o‘rta mashinasozlik, metallga ishlov berish bo‘yicha o‘rta va kichik korxonalar o‘z bozorlarini yo‘qotib, kasod bo‘lganlar va mulkiy komplekslar sifatida xususiylashtirilgan. Ko‘pgina sabablar tufayli o‘ylanmagan sanoat siyosati tufayli 1990-yildagi yalpi ishlab chiqarish potensialga mamlakat 2011-yildagina qayta oldi. Vaholan-ki, bu katta potensial 1940-yillardan so‘ng Ulug‘ Vatan Urushi ta’sirida Sovet Ittifoqining harbiy-sanoat potensialini janubga ko‘chirish siyosati ortidan yuzaga kelgan va rivojlangan edi.

Hozirgi kunlarda biz sanoat potensialini tiklashga, undagi diversifikatsiya darajasini oshirishga ko‘p urinishlar qilayapmiz. 2019 yilda Iqtisodiyot vazirligining vakolatlari kengaytirilib, unga Iqtisodiyot va sanoat vazirligi nomi berilib, “mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy va industrial rivojlantirish sohasida davlat siyosatini, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi investitsiya siyosatining strategiyasini ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha vakolatli davlat organi”[1] maqomi berilgan. Vazirlikning asosiy vazifalaridan biri qilib sanoat salohi­yatini mustah­kamlash va hududlarni kompleks rivojlantirish, inves­titsiya­larni jalb qilish, mamlakatning faol investitsiya siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etish yuklangan. Bu kabi yuksak vazifalarni bajarish, tabiiy-ki, uzoq va o‘rta muddatlarga mo‘ljallangan investitsiya va sanoat siyosati strategiyasini ishlab chiqishni kun tartibiga qo‘ydi[2]. Lekin Iqtisodiyot va sanoat, hamda Investitsiya va tashqi savdo vazirliklari (keyinchalik Investitsiya, sanoat va tashqi savdo vazirligi) o‘rtasida qolib ketgan bu ikki strategiya shu kungacha yaratilmadi. Buning bir nechta obyektiv va subyektiv sabablari bo‘lgan, lekin eng muhimi bu davrga kelib tarmoqlar va tarmoqlararo ishlab chiqarish va iste’mol balanslarini tuzadigan iqtiso­diy-ilmiy potensial batamom tugatilgan.

Ilgari bunday balanslar prezident ma’muriyati xuzuridagi Iqtisodiy islohotlar va tadqiqotlar Markazi (CERR – hozirgi qisqa nomi inglizcha abbreviaturada) va Iqtisodiyot vazirligi tomonidan ishlab chiqilar edi. Bu balanslarni ishlab chiqar­may turib, bu sohada doimo kadrlarni tayyorlab, ularga sanoat iqtisodiyoti, sanoatni joylashtirish, yuk tashish tizimini (hom-ashyo va tayyor mahsulotlar kesimida) optimizatsiya qilish modellarini singdirmay turib, sanoat sohalarini va mehnat taqsimotini tanlamay turib, sanoat siyosati, uni rivojlantirish strategiyasi haqida gap yuritib bo‘lmaydi. Iqtisodiyot va sanoat vazirligining asosiy vazifalaridan biri (sanoat rivojlanishi istiqbollarini ishlab chiqish) oradan 14 oydan o‘tgach, butunlay boshqa yo‘na­lishga (kambag‘allikni qisqartirish) o‘zgartirilishi[3] iqtisodiy boshqaruvda prioritetlar keskin o‘zgarganidan dalolat berar edi.

Vaholan-ki, O‘zbekiston sanoat rivojlanishi istiqbollarini belgi­lovchi strategiyasini ishlab chiqish tarmoqlar o‘rtasidagi nomutanosiblik­larni kamaytirish, investitsiya samarasini oshirish, kerakli tarmoqlarni drayver sifatida belgilab, ularning rivoj­lani­shiga davlat e’tiborini kuchaytirish, importga bog‘liqlikni kamaytirish­ning asosiy vositasi bo‘lib qoladi. Sanoat strategiyasi mavjud bo‘lsa, davlat boshqaruv organlari (Iqtisodiyot va moliya, Investitsiyalar, sanoat va tashqi savdo vazirliklari) aynan qaysi sohalarga investitsiyalarni jalb qilish, qanday loyihalar amalga oshirilishiga imkoniyat yaratish, tarmoqdagi qaysi texnologiya va bilimlar egasi bilan muzokaralar olib borishni tizimli asosda bilgan bo‘lar edi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti xuzuridagi Strategik islohotlar agentligi 2023-2024-yillar davomida bir necha strategik korxonalar faoliyatini o‘rganib, sanoat strategiyasini yaratishda quyidagi prinsipial omillarga ahamiyat berilishi kerakligini aniqladi:

Eng muhimi, O‘zbekiston YovroOsiyo kontinentining markazida ekani, bu yerga dunyo bozorlaridan har qanday homashyo olib kelib, ularni qayta ishlab mahsulot tarzida dunyo bozorlarida taklif etish avvaldan raqobat imkoniyatlarini keskin kamaytirishini inkor etib bo‘lmas fakt ekanini unutmaslik. Demak, asosiy e’tibor o‘z homashyosi yetarli bo‘lgan loyihalarga qaratilishi kerak. Gaz ishlab chiqarish xajmlari mavhum bo‘lib turgan sharoitda GTL, MTO kabi har biri kamida 3,0 mlrld m3 tabiiy gazni talab qiladigan (hozirgi potensialning 12-15%) loyihalarni amalga oshirish, import homashyoga umid qilish – bun­day loyihalarni hech qachon foydaga chiqmasligiga xukm etish degani. Bugungi kunda ichki iste’mol uchun olinayotgan import asosidagi tabiiy gaz davlat budjeti tomonidan subsidiyalanayotgani uchun budjet taqchilligi keskin oshganini unutmasligimiz kerak.

Metallurgiyada ham homashyo bazasini yaratishga birinchi e’tibor berilishi zarur. Bugungi kundagi fakt shu-ki, bu sohaning barcha istiqbollari Tebinbuloq temir rudasi konini o‘zlashtirish, undan qazib olinishi mumkin bo‘lgan rudani qayta ishlash, hamda iqtisodiyotda hosil bo‘ladigan ikkilamchi metallni (metallolom) qayta ishlash kelajagi bilan bilan bog‘liq. Lekin ikkilamchi metallni yig‘ish va davlatga sotish monopo­liyasi, yoki Tebinbuloq koni egalik xuquqidagi amaliyotdagi noaniqlik­lar O‘zbekiston metallurgiyasi kelajagini tamoman qirqishi mumkin. To‘g‘ri, har qanday monopoliya yomon va erkin raqobat yaxshi. Lekin 60 yil avvalgi voqe’lik sharoitida yaratilgan korxona va uning mamlakatimiz sanoat potensialidagi o‘rnini hisobga olsak, bu tezisga bunday mexanik yondashuv to‘g‘ri kelmasligini ko‘ramiz. Agar bu ikki omil o‘z yechimini topmasa (Tebinbuloq konini o‘zlashtirish va ikkkilamchi metallni yig‘ish va qayta ishlash monopoliyasining statusi), O‘zbekiston metallurgiya kombinati faoliyati surunkali kamomad keltiruvchi amalga aylanadi. Korxonada ana shu ikki omil asosida quyuv-prokat ishlab chiqarilishiga asos solingan, juda katta miqdorda xorijiy va mahalliy investitsiyalar (banklar kreditlari) jalb qilingan. Kreditlar asosiy ishlab chiqvarishdan olinayotgan foyda hisobiga koplanib borilmoqda. Agar kamomad bo‘lsa, kreditlarni qaytarish va quyuv-prokat ishlab chiqarish faoliyatini yurgizish perspektivalari juda mavhum bo‘lib qoladi.

Ikkinchidan, har qanday mahsulotning ichki bozori va unga bo‘lgan umumiy talabni shakllantirishda ichki tarmoqlar va tarmoqlararo ishlab chiqarish va iste’mol balanslaridan kelib chiqish, O‘zbekistonda ishlab chiqarish mumkin bo‘lgan tarif va notarif to‘siqlarni qo‘llash zarur. Tarif to‘siqlari ma’lum miqdordagina bo‘lib, ularning umumiy ta’siri import mahsuloti narxini 20% dan (empirik yo‘l bilan topilgan raqam) ortiqqa oshirmasligi kerak. Aks holda ichki monopo­liyalar yuzaga kelib, ular o‘z shartlarini bozorga singdira boshlay­dilar. AO “Uzavtomotors”, Artel kabi kvazidavlat monopolistlar siyosati biz uchun saboq bo‘lishi kerak.

Uchinchidan, o‘z xomashyo bazasi bo‘lgan va mamlakat iqtisodiy taraqqiyotida muhim rol o‘ynayotgan korxonalarni (masalan, qurilish materiallari sano­atida)  xomashyo bazalarini keskin rivojlantirish, bu aktivlarni davlat ixtiyorida ushlab turish kerak. Vaholan-ki, ayniqsa, qurilish materiallari sohasida (jumladan, sement, armatura, oyna ishlab chiqarish) davlatning ichki ishlab chiqaruvchilarni himoya qilish mexanizmi sezilmaydi. Boz ustiga ichki logistika xarjatlari juda yuqori. Homashyoni temir yo‘l bilan tashish, yoki ma’lum masofagacha (80 kmgacha) avtomobillarda ma’lum xarajatlar asosida tashish  imkoni bo‘lmagan ko‘pgina korxonalar bugungi kunda faoliyatini to‘xtatib, restrukturizatsiya qilish imkoniyat­la­rini izlayapti. Agar bu sohada davlatimiz o‘z imkoniyatlari va talabidan kelib chiqib bu korxonalarga ma’lum dastur taklif qilmasa, sanoat potensialoizmiz borgan sari tushib, importga qaramligimiz ortib boraveradi.

To‘rtinchidan, sanoat korxonalari ba’zi sanoqli holatlardan (boshqa tarmoqlarga ijobiy sinergetik ta’siri bo‘lgan korxonalar faoliyatidan tashqari) ichki subsidiyalar va narxlarni sun’iy chegara­lash, bojxona, soliq imtiyozlari, xomashyoni, energiya va boshqa resurslarni kvotali, imtiyozli taqsimlash kabi sun’iy g‘oyalar asosida faoliyat yuritmasliklari kerak. Bunday korxonalar uzoq muddatlarda na ichki va na tashqi bozorlarda raqobatbardosh bo‘la olmaydilar. Iqtisodiyotning ularni faoliyati uchun sarflagan transaksion xarajatlari (bu yerda ularning faoliyatini yuritish uchun davldat va jamiyat zimmasiga tushgan barcha xarajatlar to‘plami ma’nosida) imtiyozlarni yo‘q qilish oqibatlari bilan doim solishtirilishi kerak. Masalan, kvazidavlat monopoliyalari yuqorida aytilgan logistika va qo‘shilgan qiymat solig‘i borasidagi ustunlik doirasida faoliyat yurita olmasa, ularni saqlash xarajatlari iqtisodiyot uchun qimmatga tushayotganini aniqlash vaqti keldi.

Eng muhimi – ishlab chiqarishni rejalashtirishda eng avvalo ichki bozor ehtiyojla­rini qondirish asosiy mezon bo‘lishi kerak, chunki xalqaro bozor kon’yunk­turasi juda tez o‘zgaruvchan va uni mamlakat, yoki kor­xona nazorat qila olmaydigan, ta’sir o‘tkaza olmaydigan juda ko‘p ko‘rsatkich­larga bog‘liq. Biz eksportga mo‘ljallangan iqtisodiyot yaratimiz deb ichki narxlarni keskin ko‘tarib yubordik (ayniqsa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun). Raqobat bo‘lmagan va bo‘lishi qiyin bo‘lgan qishloq xo‘jaligi sohasida tashqi bozorga oriyentir olish iste’mol va sanoat mollari narxlari indekslarining keskin o‘sishiga olib keladi. Ichki bozor xajmi va ishlab chiqarish imkoniyati narxlar balansini belgilashda asosiy oriyentir bo‘lishi kerak, qolgani almashuv kursi orqali boshqarilishi kerak. Ya’ni bugungi kundagi narxlar o‘sib borishi sharoitida ham almashuv kursining barqarorligi bu importni oshiruvchi asosiy omil bo‘lib qoladi.

Va nihoyat, har bir sohada tarmoqni rivojlanishiga trigger bo‘ladigan omillar bo‘ladi va ularning sinergetik ta’siri nazarda tutilishi kerak. Masalan, metallurgiyani rivojlantirish uchun xomashyo bazasi ikkilamchi metall, mahalliy temir rudasi, yoki import xomashyo bo‘lishi mumkin. Lekin birlamchi metallurgiya metall prokati va yirik metall konstruksiyalari sohalari rivojlanishiga trigger bo‘lsa, bu omillar birga ko‘rilishi kerak. Yoki sement, oyna va boshqa mahsulotlarni ishlab chiqarish mamlakatdagi ohak, qum, gips va boshqa tabiatda ko‘p uchraydigan moddalarga bog‘liq. Bu moddalar konlarining o‘zlashtirilishi aynan shu sohalar rivojlanishiga turtki beradi. Yoki metallurgiya sanoatining rivojlanishi kichik va o‘rta mashinosizlik, metallni qayta ishlash sanoatlari rivojiga turtki beradi. Biz sanoatdagi barcha sohalarni barobariga ko‘tarish  o‘rniga, kam kapital mablag‘larni talab qiladigan, lekin tez orada sinergetik natija bera oladigan sanoat ishlab chiqarishlariga urg‘u berishimiz kerak. Demak-ki, barcha yirik kapital mablag‘larni talab qiluvchi va import homashyoga asoslangan loyihalar perspektivasini yangi mezonlar asosida qayta ko‘rib chiqish, davlatning katta xajmdagi investitsion loyihalari ro‘yxatini kamaytirish vaqti ham keldi.

 

A.Abduqodirov,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi

Strategik islohotlar agentligi direktori birinchi o‘rinbosari

[1] “Iqtisodiy rivojlanish sohasida davlat siyosatini amalga oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, 10.01.2019 y., №PF-5621: https://lex.uz/docs/4154478?ONDATE=11.01.2019%2000#4156514

[2] Qarang: https://old.gov.uz/uz/news/view/23101

[3] Qarang: https://lex.uz/docs/4776669?ONDATE=07.07.2023%2000

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.