Navoiyda tamaki kontrabandasiga qarshi qanday kurashilmoqda / Anhor.uz reportajida
Anhor.uz hududlarda mamlakat chegaralari orqali O‘zbekiston ichkarisiga kirib kelayotgan noqonuniy mahsulotlar, hususan, tamaki kontrabandasiga qarshi kurashishga oid qator surishtiruv va tahlillarni amalga oshirib keladi. Nashrimiz jurnalisti bu boradagi o‘rganishlarini Navoiy viloyatida amalga oshirdi.
Viloyat bo‘ylab qilingan safar, hududda nazorat organlari faoliyat samaradorligi, bozorlar va savdo nuqtalaridagi asl holatlar qanday ekanligi ushbu materialda to‘liq bayon etiladi.
Xududlarda xorijiy davlatlarda ishlab chiqarilgan, tegishli aksiz markalari bilan markalanmagan tamaki mahsulotlarini noqonuniy ravishda kirib kelishi va muomalaga chiqarilishi sezilarli darajada oshganligi kuzatilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, Navoiy viloyati hududiga tamaki mahsulotlari qo‘shni chegaradosh davlatdan olib kirilmasdan, balki Vodiy viloyatlari orqali Toshkent shahridan, keyichalik viloyatga chegaradosh bo‘lgan boshqa viloyatlar orqali olib kelinib, qayta sotish holatlari bo‘yicha ma’lumotlar olingan.
Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining Ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalar departamentining iyun oyida taqdim etgan ma’lumotlariga axamiyat qaratilsa Navoiy viloyatida noqonuniy tamaki mahsulotlarini sotish ulushi. — Navoiy shahri — 24,5%, — Navoiy tumanlari — 21,9 foizni tashkil etgan.
Ma’lumotlar asosida viloyatning Navoiy shahri, Karmana va Nurota tumanlarida o‘rganishlar olib borgan jurnalistimiz qator savdo nuqtalaridan kontrabanda yo‘llari orqali mamlakat hududiga olib kelingan va erkin muomalada savdoda bo‘lgan tamaki mahsulotlarini xaridini ham amalga oshirgan. 10 ga yaqin savdo nuqtalaridan xarid qilingan mahsulotlar uchun berilgan NKM cheklariga e’tibor bersangiz, alkogolsiz va gazlangan ichimliklar, kola, non yoki sut maxsulotlari xarid qilgan bo‘lib chiqasiz, aslida esa qo‘lingizga olgan mahsulotingiz bu tamaki. Xolatlarga huquqiy baho berilishi yuzasidan qator do‘konlarning qing‘ir ishlari to‘g‘risida “Soliq hamkori” tizimiga murojaat yuborildi.
Nashrimiz viloyat Soliq boshqarmasi faoliyatiga qiziqish bildirib, ularning kontrabanda va kontrafaktga qarshi amalga oshirayotgan ishlari bilan tanishish maqsadida axborot so‘rovi yubordi.
Unga kelgan javobga ko‘ra, “hududiy soliq inspeksiyalari tomonidan 2023-yil o‘tgan davri mobaynida davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan noqonuniy tartibda faoliyat olib borgan 17 ta holatda fuqarolar va tadbirkorlar tomonidan kontrabanda va kontrafakt (tamaki) mahsulotlarini aholiga sotish faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotganligi aniqlanib, ushbu fuqarolarga belgilangan tartibda dalolatnomalar rasmiylashtirilib, umumiy qiymati 30 068 000 so‘mlik tamaki mahsulotlari sud tartibida qonuniy hal bo‘lgunga qadar vaqtinchalik saqlash uchun olingan.
Shuningdek, tamaki mahsulotlarini realizatsiya qilayotgan 1 ta tadbirkorlik subyektida tamaki mahsulotlarini aholiga belgilangan tartibda yetkazib berishlari yuzasidan sayyor soliq tekshiruvlari o‘tkazilib, 1 ta holatda xo‘jalik yurituvchi sub’ektga nisbatan Soliq kodeksining 2271-moddasi (227 prim 1) talablari buzilganlik holatlari aniqlanib, qonun buzilishini sodir etgan tadbirkorga nisbatan 19 009 000 so‘m moliyaviy jarima qo‘llanilganligini ma’lum qilamiz.
Bundan tashqari, Navoiy shahar hamda barcha tuman hududlarda tamaki mahsulotlari savdosini amalga oshiruvchi tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida o‘rganishlar o‘tkazilib, o‘rganish davomida kontrabanda va kontrafakt tovarlarni sotmaslik yuzasidan tushuntirish ishlari hamda ogohlantirish xatlari berilib nazoratga olinganligini ma’lum qilamiz”, – deyiladi viloyat Soliq boshqarmasi matbuot xizmat taqdim qilgan ma’lumotda.
Viloyatda bojxona boshqarmasi faoliyati ham samarali yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, xodimlari tomonidan viloyat hududida boshqa tegishli davlat organlari hamkorligida aksiz markasiga ega bo‘lmagan tamaki mahsulotlarining savdo do‘konlari hamda bozorlarda sotilishi bo‘yicha tezkor kuzatuv va nazorat ishlari tashkillanmoqda.
Xususan, davlat tilida markirovka qilinmagan, xorijiy davlatlarda ishlab chiqarilgan “Milano”,“ESSE Special Gold”,“GARNI American blend”, “Milano Tech Losk”, “Mond Chocolate”, “Mond Green Apple”, “Rothmans” va boshqa nomdagi tamaki mahsulotlari sotilayotganligi bo‘yicha ma’lumotlar olingan.
Bundan tashqari, mazkur savdo do‘konlari va kafelarida faqat O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan, davlat tilida markirovka qilingan va ushbu faoliyat bilan litsenziyalangan tovarlar sotish uchun ruxsatnoma olingan bo‘lsada, berilgan ruxsatnomaga rioya qilmasdan balki xorijiy davlatlarda ishlab chiqarilgan va davlat tilida markirovka qilinmagan tamaki mahsulotlari mayda partiyalardan asosan dona va qutilab sotilayotganlik xolatlari aniqlanib ularga nisbata tegishli choralar qo‘llanilgan.
Viloyat Bojxona boshqarmasining nashrimiz so‘roviga yuborgan javobiga e’tibor qaratamiz.
Boshqarma tomonidan boshqa huquqni muhoafaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda 2023 yil yanvar-dekabr oylarida o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda 75 ta bojxona qonunchiligi buzilishlari aniqlanib, 989,6 mln. so’mlik tovarlar ushlab qolingan. Kontrabanda va strategik tovarlar yo’nalishida: 1 ta holatda 30 dona “Elektron” tamaki mahsulotlari aniqlangan. 1 ta holatda miqdori 4 litr, qiymati sal kam 1 mln. so’mlik alkogol mahsulotlari aniqlangan.
“2024-yilning o’tgan 7 oyi davomida boshqarma tomonidan 420 ta bojxona qonunchiligi buzilishi holatlari aniqlanib, qiymati 5 mlrd. 126 mln. so’mlik tovarlar ushlab qolingan. Unga ko‘ra, 2024 yil 1 fevral sanasida bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi hamda Navoiy viloyat YPX xodimlari bilan hamkorlikda, Karmana tumani hududida o‘tkazilgan tezkor tadbiri davomida “Samarqand-Navoiy” yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanib kelayotgan, “Nexia-2” rusumli avtotransport vositasi to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilganida hech qanday hujjatlari bo‘lmagan O‘zbekiston fuqarosi B.O.M.ga tegishli, xorijiy davlatda ishlab chiqarilgan, aksiz markasi bilan markalanmagan sotish maqsadida olib ketilayotgan, qiymati 25 800 000 so‘mlik, jami 1350 qutida, shundan 500 quti qiymati 8 000 000 so‘mlik, “Milano London”, 650 quti qiymati 13 000 000 so‘mlik “Milano Tech Lock” hamda 200 quti qiymati 4 800 000 so‘mlik “Esse Shange” yozuvli tamaki mahsulotlari borligi aniqlangan”.
Joriy yilning 6-may kunida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Karmana tumani hududida joylashgan “Qizilqum logistik” bojxona omboriga “Qo‘qon-G‘ijduvon” yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanib kelayotgan, N.M. boshqaruvidagi “Isuzi” rusumli avtotransport vositasi olib kelinib, yuk xonasi ko‘zdan kechirilganida hech qanday hujjatlari bo‘lmagan O‘zbekiston fuqarosi M.N.S. tomonidan, xorijiy davlatda ishlab chiqarilgan, aksiz markasi bilan markalanmagan sotish maqsadida olib ketilayotgan, qiymati 112 000 000 so‘mlik, jami 8000 qutida, “Milano London” nomli tamaki mahsulotlari borligi aniqlanadi 25 may kuni amalga oshirilgan tezkor tadbir davomida esa “Qo‘qon-G‘ijduvon” yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan fuqaro T.H. boshqaruvidagi “ISUZU” rusumli yuk avtomashinasi to‘xtatilib, avtomashina yuk xonasi tadbir ishtirokchilari va xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda O‘zbekiston fuqarosi H.T.T.ga tegishli, hech kanday hujjatlari bo‘lmagan, qiymati so‘zidan qiymati 122 500 000 mln. so‘mlik 2500 quti “Milano tech” va 5000 quti “Oris change” tamaki maxsulotlari borligi aniklangan”, – deyiladi javob xatida.
Bu ishlar tizimli tarzda davom ettirilib 2024-yil 9-iyul Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari va IJQK departamenti Navoiy viloyat boshqarmasi bilan hamkorlikda Navoiy shahri hududida o‘tkazilagan tadbir davomida hech qanday hujjatlari bo‘lmagan O‘zbekiston fuqarosi Yu.J.E. tomonidan, xorijiy davlatda ishlab chiqarilgan, aksiz markasi bilan markalanmagan sotish maqsadida saqlab kelinayotgan, “ESSE CHANGE” 28 quti, “Milano Techlock” 34 quti, “Milano London” 12 quti, “Milano change” 78 quti, “R 1” 18 quti, “Mondeo” 45 quti, “Oris” 7 quti, “Winston” 28 quti, “LD” 29 quti, “Samel” 12 quti, “Marlbaro” 13 quti, “Parliament” 35 quti, “Luckystrike” 14 quti, “Neo” 6 quti, “Pall mall” 50 quti, “Kent” 40 quti, “Milano change” 6 quti, “K Ritter” 4 quti, “Milano” 20 quti jami 479 qutida jami qiymati so‘zidan 12 mln. so‘mlik, tamaki mahsulotlari borligi aniqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasi axborot xizmatining anhor uzga ma’lum qilishicha, 2024 yilning shu davrida 303 ta holatda qiymati 39 mlrd 708 mln 300 ming so‘mlikdan ziyod noqonuniy tamaki mahsulotlari qo‘lga olingan. Ushbu holatlar bo‘yicha qator tekshiruv harakatlari olib borilib, sud hukmiga taqdim etilgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009 yil 15 iyuldagi “Davlat daromadiga o‘tkaziladigan mol-mulkni olib qo‘yish, sotish yoki yo‘q qilib tashlash tartibi to‘g‘risida”gi 200-son qaroriga muvofiq tamaki mahsulotlari majburiy tarzda yo‘q qilib tashlanishi belgilangan.
Qonunchilikka ko‘ra, tamaki mahsulotlarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish yoki muomalaga kiritish ancha miqdorda yoxud shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, quyidagi jazo choralaridan biri qo‘llanilishiga sabab bo‘ladi:
BHMning 200 baravaridan 400 baravarigacha miqdorda (66 mln so‘mdan 132 mln so‘mgacha) jarima;
3 yilgacha axloq tuzatish ishlari;
2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash;
5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Shuningdek, mazkur harakatlar quyidagi holatda sodir etilgan bo‘lsa, 7 yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi:
juda ko‘p miqdorda;
uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab.
Ogoh bo‘ling, Qonunni bilmaslik javobgarlikdan ozod qilmaydi…
Bobur Karimov
Sharhlar