О‘zbekiston “Dok-1 Maks” siropi kabi bolalar o‘limiga olib keladigan holatlarning oldini qanday olishi mumkin
Janubiy Afrikada Johnson & Johnson kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan yo‘talga qarshi bolalar siropining chaqirib olingan ikki partiyasi tekshirilganida hech qanday toksin izlari topilmadi, shuningdek mamlakatning dori vositalari bo‘yicha nazorat organi siropni iste’mol qilishdan hech qanday salbiy ta’sirlar qayd etilmagani haqida shu oy boshida ma’lum qildi.
Janubiy Afrika tibbiy mahsulotlarni tartibga solish organi chaqirib olish haqida aprel oyida e’lon qilgandi. Bu Nigeriya nazorat organi Janubiy Afrikada ishlab chiqarilgan Benylin bolalar siropi partiyasini chaqirib olgandan bir necha kun o‘tgach sodir bo‘ldi. Chaqirib olishga sabab siropda potensial o‘limga olib keluvchi zaharli modda – dietilenglikolning maqbul darajadan yuqori bo‘lishi edi. Bu modda boshqa yaqin toksin – etilenglikol bilan birga 2022-yilda О‘zbekiston, Kamerun, Gambiya, Indoneziyada 300 dan ortiq bolalarning o‘limiga sabab bo‘lgan edi.
Chaqirib olingan Benylin siropi partiyasi J&J kompaniyasi tomonidan Janubiy Afrikada 2021-yil mayda ishlab chiqarilgan. Kenvue (Johnson & Johnson bo‘linmasi) Nigeriya tomonidan chaqirib olingan partiyani sinovdan o‘tkazganini va unda na dietilen, na etilenglikol topilmaganini ma’lum qildi.
Nigeriya chaqirib olganidan so‘ng, mahsulot boshqa besh Afrika mamlakati – Keniya, Ruanda, Tanzaniya, Zimbabve va Janubiy Afrika do‘konlari peshtaxtalaridan ham olib tashlandi.
О‘shanda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti “tomonlardan ma’lum tafsilotlar tasdiqlangan taqdirda” Johnson and Johnson ishlab chiqargan potentsial zaharli bolalar yo‘tal siropi haqida kengroq ogohlantirish chiqarishni rejalashtirgan edi.
JSST Benylin Paediatric siropining qalbaki bo‘lish ehtimoli ham “tergov doirasida ko‘rib chiqilayotgani”ni ma’lum qildi.
О‘zbekiston bozorida kontrabanda va qalbakilashtirish xavfi yuqoriligini hisobga olib, dori vositalarini nazorat qilish va sertifikatlash masalasiga qaytishni muhim deb hisoblaymiz.
Garchi Benylin Paediatric qo‘llanilishi oqibatida jabrlanganlar haqida hozircha xabarlar kelmagan bo‘lsa-da, dietilenglikol iste’mol qilinganda inson uchun zaharli va o‘tkir buyrak yetishmovchiligiga olib kelishi mumkin.
“Dori vositalari tufayli o‘lim holatlarining oldini olish uchun har qanday davlat bir qator choralarni ko‘rishi kerak. Birinchi navbatda, qat’iy tartibga solish nazorati. Ya’ni, dori vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish, ishlab chiqarish, tarqatish va sotish uchun qat’iy me’yorlar va standartlar. Bunga majburiy sertifikatlash, legallashtirish va ishlab chiqarish korxonalarini muntazam tekshirish kiradi”, – deydi shifokor, plastik jarroh Luis Sanches.
Sanches Boliviyadan bo‘lib, 2018-yildan beri О‘zbekistonda ishlaydi. Uning aytishicha, Boliviyada faqat retsept bo‘yicha sotiladigan bir qator dori vositalari mavjud.
“Shifokor bunday dorilarga retsept yozganida, u o‘z litsenziyasi raqami ko‘rsatilgan maxsus shaxsiy muhrni qo‘yishi shart. Bu ma’lumotlarning barchasi Nazorat qilinadigan preparatlarning milliy ro‘yxatiga kiritiladi, bu esa mamlakatda dorilarni yozib berish va sotish jarayoni ustidan qat’iy nazoratni ta’minlaydi”.
Uning so‘zlariga ko‘ra, monitoring va hisobotdorlik muhim. Dorilarning nojo‘ya ta’sirlari va salbiy reaktsiyalarini kuzatib borish tizimi muammoli dori vositalarini tez aniqlash va tegishli choralar ko‘rishga yordam berishi mumkin, deydi u.
“Jamoatchilik va tibbiyot xodimlarini dori vositalaridan xavfsiz foydalanish, ularning ehtimoliy nojo‘ya ta’sirlari va qo‘llash qoidalari haqida xabardor qilish va ma’lumot berish dasturlarini amalga oshirish muhim”, – deya xulosa qiladi u.
Dana Oparina
Sharhlar