O‘zbekiston OTMlari 6 yilda 170 mingdan ziyod abituriyentni yo‘qotgan
2024-2025 o‘quv yili uchun oliy va professional ta’lim muassasalariga kirish bo‘yicha hujjatlarni qabul qilish jarayonlari yakunlandi. Endi raqamlar asosida tahlilga e’tibor qaratsak bo‘ladi.
Joriy o‘quv yilida barcha mulkchilik shaklidagi umumta’lim muassasalari 11-sinflarini jami 414,6 ming nafar o‘quvchi bitirgan bo‘lsa, joriy yilgi DTM imtihonlarida ishtirok etish uchun 894 279 ming nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tdi. Bitiruvchilarning hammasi ham OTMlarga hujjat topshirmaganini hisobga oladigan bo‘lsak, yuqoridagi raqamlarning katta qismini avvalgi yillarda topshirib yiqilgan va xorijiy abituriyentlar tashkil qilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu sonlar avvalgi yillarga qaraganda sezilarli darajada kam. Aslini olganda bu o‘sish nuqtasi faqat joriy yildagina past ko‘rsatgich berayotgani yo‘q. Jarayondagi pastlash bir necha yil avvaldan boshlangan.
Yuqoridagi infografikada 2019-2020 o‘quv yilidan boshlab joriy yilgacha bo‘lgan muddat ichidagi ma’lumotlar keltirilgan. Undan ko‘rish mumkinki, aynan pandemiya davridan keyin har yilgi raqamlarda ko‘tarilish va pastlash farqi katta.
O‘zbekistonda o‘tgan 7 yil mobaynida davlat va nodavlat oliy o‘quv yurtlari soni 77 tadan qariyb 213 taga yetgan. Yoshlarni ta’lim bilan qamrab olish jarayoni esa 9 foizdan 42 foizga ko‘tarilgan. Respublika bo‘yicha mavjud 67 ta nodavlat, 29 ta xorijiy va 114 ta davlat oliy ta’lim muassasalari yoshlarga ta’lim berishga shay turibdi. Ammo infografikadagi raqamlar negadir pastga qarab harakat qilmoqda.
Anhor.uz abiturentlarning qiziqish va tanlovini o‘rganish uchun so‘rovnoma o‘tkazdi. Unda nima asosida OTMlarni tanlagani va uning sabablari haqida so‘ralgan savollarga so‘rovnomada qatnashganlarning 80 foizdan yuqorisi asosan oilaviy holat va bilim darajasidan kelib chiqib davlat oliy ta’lim muassasalarini tanlagan bo‘lsa, 10 foiz ishtirokchilar xususiy ta’lim muassasalarining ta’lim berish sifati yaxshiligi va yuqori talabli yo‘nalishlarning mavjudligi sababli tanlashgan. 5 foiz respondentlar xorijiy ta’lim muassasalarini tanlagan. Qolgan 5 foizdan kamroq ishtirokchilar oliy ma’lumotli bo‘lishdan ko‘ra boshqa kasb-hunar bilan shug‘ullanishni maq’ul ko‘rishgan.
Ilhomjon Sobirov,
Anhor.uz jurnalisti
Sharhlar