O‘zbekistonda bandlikdagi gender farqi: ayollarni nima to‘xtatmoqda?
Bugungi kunning, global muammolaridan biri bu – ayollarning erkaklarga nisbatan ish topishda ancha qiyinalishidir. Xalqaro mehnat tashkiloti(ILO)dan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda dunyo ayollarining 47 foizi ish bilan ta’minlangan va erkaklar o‘rtasida esa bu ko‘rsatgich 72 foizni tashkil etmoqda. Gender tengsizligi, ayniqsa, rivojlanayotgan mamlakatlarda kuchliroq sezilmoqda. Xo‘sh, O‘zbekiston bu borada qanday ko‘rsatkichlarga ega?
Jahon bankining gender ma’lumotlar portalida keltirilishicha, 2023-yilda O‘zbekistonda mehnat bozorida ishtirok etayotgan ayollar darajasi 39,9 foizni, erkaklarda esa 72,8 foizni tashkil qilgan. Albatta, bu raqamlar yaxshi natijani ko‘rsatmayapti. Keling, bu farqlarni quyidagi rasm orqali batafsil tahlil qilamiz.
O‘zbekistonning gender tafovuti: raqamlar va tahlil
Ushbu xarita 2022-yilda Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan e’lon qilingan bo‘lib, unda turli davlatlardagi ish bilan band bo‘lgan erkaklar va ayollarning ko‘rsatkichlari o‘rtasidagi farqlar tasvirlangan. Ranglarga e’tibor beradigan bo‘lsak, bunda och ranglar mehnat bozorida ishtirok etayotgan erkaklar va ayollar o‘rtasidagi tafovut qanchalik kamligini ko‘rsatsa, to‘q ranglar buning aksini, ya’ni katta farq borligini aks ettirmoqda. Aniqrog‘i:
– Moviy: Bu hududlarda gender tafovuti kichik (0% ga yaqin).
– Och va to‘q pushti: O‘rtacha gender tafovutini bildiradi (taxminan 15% va 30% orasida).
– Qizil va to‘q qizil: Bu ranglar mehnat faoliyatida ishtirok etayotgan turli mamlakatlardagi erkaklar va ayollarning foizida katta tafovut mavjudligini ko‘rsatadi (30% dan 45% va undan yuqori).
Misol tariqasida xaritadan O‘zbekistonni ajratib oldik. Unda 2022-yilda mamlakatdagi gender tafovuti 26%ni tashkil etgan. Bunda band bo‘lgan erkaklar darajasi 70.9%, ayollarniki esa 44.9%. Bu o‘sha paytda mamlakatda gender tafovuti o‘rtacha darajada ekanligini bildiradi va xaritada och pushti rangda ko‘rsatilgan.
Lekin, oradan bir yil o‘tib, 2023-yilda (ikkinchi xat boshida keltirilgan) mamlakatdagi ish bilan ta’minlagan erkaklar foizi 1.9%ga oshgan bo‘lsa, ishli ayollarning darajasi 5%ga tushgan va bu yildagi gender tofovuti 32.9%ni ko‘rsatib, to‘q pushtidan qizil (katta farq mavjudligi)ga o‘zgargan.
Eskirgan stereotiplar va ijtimoiy soha muammolari ayollarning bandligiga salbiy ta’sir qilmoqda
Mamlakatda ayollarning erkaklarga nisbatan mehnat bozorida kamroq ishtirok etishiga bir qancha faktorlar mavjud. Shulardan bizning mintaqamizga ko‘proq taalluqlilarini ajratadigan bo‘lsak, ular quyidagilar:
Birinchidan, ko‘plab mamlakatlar qatori, O‘zbekistonda ham an’anaviy gender stereotiplari juda kuchli. Mamlakat aholisining aksariyati, ayollar asosan uy ishlari va farzand tarbiyasi bilan shug‘ullanishi kerak deb hisoblaydi va bu ayollar o‘rtasida ishsizlik darajasining oshishiga olib kelmoqda.
Ikkinchidan, qizlar “joyi chiqsa tekin ber” degan qarashga asosan, maktabni tugatishidanoq, erta turmushga berib yuborilmoqda, oqibatda oiladan ortib ta’lim olishiga hech qanday vaqt, sharoit qolmayapti.
Shuningdek, ayollar o‘rta yoki oliy ma’lumotli bo‘lishiga qaramasdan ularga oila a’zolari yoki turmush o‘rtog‘i tomonidan ishlash uchun ruxsat berilmaydi. Bu ham, albatta, jamiyatda qotib qolgan stereotiplar sababli.
Mehnat bozoridagi tengsizlik ham ushbu gender tafovutining kattalashishiga olib kelmoqda. Masalan, ko‘plab ish beruvchilar ayollarni tug‘ruq ta’tili yoki oilaviy majburiyatlari sababli kamroq foyda keltiradi deb bilishadi va ularni ishga olishdan bosh tortishadi.
Bundan tashqari, ayollar ish va oila o‘rtasida muvozanat saqlashga qiynalishadi hamda ish beruvchilar tomonidan moslashuvchan ish grafigi taqdim etilmagan hollarda, oilani tanlashga majbur bo‘lishadi.
Eng asosiysi, ayollarning o‘zlariga bo‘lgan ishonchning pastligi ham ularning ish bilan band bo‘lishiga to‘sqinlik qilmoqda. Ko‘plab ayollar jamiyatdagi stereotiplarga o‘rganib qolishgan va o‘zlarining imkoniyatlarini cheklanganligiga rozi bo‘lib qolgan.
Xullas, barchamizga ayon bo‘lganidek, O‘zbekistonda ayollarning mehnat bozoridagi ishtiroki erkaklarga qaraganda ancha past va bu ko‘rsatkich yanada yomonlashib bormoqda. Bunga an’anaviy stereotiplar tortib, ayollarning o‘ziga bo‘lgan ishonchi ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu holatni yaxshilashga yoki oldini olishga harakat qilinmasa, gender tafovuti yanada chuqurlashib boraveradi.
Umida Yakupova
Sharhlar