O‘zbekistonda tamaki kontrabandasi va qalbakilashtirilishiga qarshi kurash
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yil boshida 2024-yildagi makroiqtisodiy barqarorlikni va iqtisodiy rivojlanishni ta’minlashning ustuvor vazifalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda yashirin iqtisodiyot tufayli davlat budjetining yo‘qotishlarini raqamlarda e’lon qilib, bu raqam 30 trln so‘m ($2,4 mlrd)ni tashkil qilayotganini ta’kidlagandi. Ushbu mablag‘larni aholining zaif qatlamini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni ta’minlashga, maktablar qurilishi va rekonstruksiya qilinishiga, tibbiy muassasalarning zamonaviy jihozlar bilan jihozlanishi va boshqa xayrli maqsadlarga yo‘naltirilishi mumkinligi haqida ham to‘xtalgan.
Noqonuniy biznes
Noqonuniy biznes sohalari ichida yetakchi maqomlardan birini tamaki mahsulotlari kontrabandasi egallaydi. Har yili noqonuniy sigaretlar savdosi tufayli mamlakat davlat budjeti bir necha milliard so‘mga teng ziyon ko‘radi. Masalan, 2023 yilda respublika davlat budjetiga salkam 1 trillion so‘m miqdorida soliq tushumlar kelib tushmagan. Bu holat nafaqat O‘zbekistonda, balki dunyoning boshqa mamlakatlarida ham uchraydi. Masalan, yaqinda, Qirg‘izistonning O‘sh shahridagi savdo markazlaridan birida noqonuniy tamaki mahsulotlari savdosi bilan faoliyat yurituvchi do‘konda mamlakatning soliq va boshqa huquq-tartibot organlari tomonidan “mahsus mijoz” tekshiruvi o‘tkazilib, savdo do‘konida chindan ham noqonuniy mahsulotlar savdosi borligi aniqlanadi va shu jarayonni o‘zida tekshiruv ishlari olib borilishga kirishiladi, biroq savdo shahobchasi sotuvchilari ularning qonuniy harakatlariga qattiq qarshilik ko‘rsatgan holat aks etgan videoyozuv tarqaldi. Qo‘shni Qirg‘izistondan O‘zbekiston chegaralari orqali mamlakat ichki bozorlariga noqonuniy yo‘llar orqali tamaki mahsulotlari o‘tkazish holatlari ham tez tez uchrab turadi, bu jarayonlar ko‘p hollarda mamlakat Bojxona qo‘mitasi va DXX chegara xizmati hodimlari tomonidan tezkor aniqlanishi natijasida qo‘lga olinadi. Vodiy viloyatlaridagi chegara hududlari esa o‘tgan 5 yillikda ham tamaki mahsulotlari kontrabanda xolatlari aniqlanishida peshqadam bo‘lib kelmoqda, buni Bojxona va boshqa huquq-tartibot organlarining rasmiy berayotgan xabarlaridan ham anglashimiz qiyin emas. Nashrimiz ayni mavzuda vodiy viloyatlaridan 10 dan ortiq turkum reportajlar va surishtiruvlarni ham tayyorlagan.
Joriy yilning birinchi olti oyida davlat budjeti daromadlari va xarajatlari haqida yaqinda e’lon qilingan hisobotda ko‘rsatilishicha, daromadlar 115,9 trillion so‘mni, xarajatlar esa 149,8 trillion so‘mni tashkil qilgan. Budjet defitsiti 34 trillion so‘mga yetgan. Solishtirish uchun: 2023 yil birinchi yarmida davlat budjeti defitsiti 26,8 trln so‘mni tashkil qilgandi, ya’ni bir yilda 27% ga o‘sgan. Agar tamaki mahsulotlari eksportchilari va sotuvchilari o‘z faoliyatlarini qonunga muvofiq yuritganlarida, O‘zbekiston xazinasi ularning noqonuniy harakatlari tufayli ulkan miqdorda ziyon ko‘rmagan, budjet defitsiti keskin qisqargan bo‘lardi.
Biroq O‘zbekistonda, hukumat oldida noqonuniy tamaki bozori muammosi hali ham juda o‘tkir bo‘lib turibdi. Respublikada uning ulushi, joriy yil mart oyi holatiga, 15,3% ni tashkil qilgan. Eng ko‘p va tez-tez kontrabanda tamaki mahsulotlarini sotuvchi “qonunga bo‘ysunmas” hududlar – bu Farg‘ona vodiysi viloyatlaridir. Kontrabanda savdosi bo‘yicha bir necha yildan beri yetakchi hudud Namangan bo‘lib kelmoqda (47,8%). Uning ketidan Farg‘ona (35,4%) va Qo‘qon (31,9%) shaharlari joy oladi. Ro‘yxatni Andijon (19,1%) ko‘rsatgich bilan yakunlaydi. Farg‘ona vodiysida noqonuniy tamaki bozorining umumiy ulushi butun O‘zbekiston bo‘yicha jami hajmning 30,1 foizini tashkil qiladi.
Nashrimiz o‘tkazayotgan surishtiruvlarda, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning reydlari va kontrabanda mahsulotini yo‘q qilish to‘g‘risidagi yangiliklar axborot nashrlarida muntazam va tez-tez ko‘zga tashlanadi.
Shuningdek, 2023-2024 yilda Surxondaryo viloyati ham ko‘rsatgichlarda noqonuniy tamaki mahsulotlarining qo‘lga olinishi yoki bozorlarda kontrabanda sigaretlarni erkin sotilishida yetakchilikka erishdi.
Qonunbuzarlik Toshkentda ham ko‘p kuzatiladi. Poytaxtning Mirzo Ulug‘bek (Hamid Olimjon metro bekati va Akay city TJM yaqinida 2 ta ko‘chma savdo nuqtasi) tumani, Chilonzor (Chilonzor, Mirzo Ulug‘bek, Olmazor metro bekatlariga chiqish va tushishda mayda savdo shahobchalarida) tumani, Qo‘yliqdagi “Kompas” savdo markazi ortidagi mahalladagi 10 dan ortiq do‘konlar, u yerni kontrabanda tamaki bozori desak bo‘laveradi. Hususan, Yakkasaroy tumanidagi savdo nuqtalaridan kontrabanda tamaki mahsulotlarini topish muammo emas.
Bu va boshqa qo‘lga olishlar haqidagi ko‘plab yangiliklarga qaramay, yuqorida keltirilgan raqamlar ko‘rsatishicha, O‘zbekistonda noqonuniy tamaki bozoriga qarshi kurash hali ham talab darajasida emas, deyishimiz mumkin.
Anhor.uz axborot olish maqsadida Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmatiga yuborgan so‘rovga kelgan javobga ko‘ra, o‘tgan 6 yilda tamaki kontrabandasidagi o‘sish va pasayish holatlarini ko‘rishimiz mumkin.
Bojxona qo‘mitasi Matbuot xizmati Bosh inspektori Hurshida Muradovaning ma’llm qilishicha, “Bojxona organlari tomonidan 2019-yilda 342 ta holatda jami qiymati 5 mlrd 317 mln 800 ming so‘mlikdan ziyod 353 279 quti, 2020-yilda 139 holatda 14 mlrd 663 mln 100 ming so‘mlikdan ziyod 1 mlrd 065 ming 312 quti, 2021-yilda 140 ta holatda 17 mlrd 670 mln 700 ming so‘mlik 1 mlrd 543 ming 108 quti, 2022-yilda 316 holatda 18 mlrd 970 mln 700 minglikdan ziyod 1 mlrd 582 ming 609 quti, 2023-yilda 291 ta holatda 88 mlrd 403 mln 600 minglikdan ziyod 5 mlrd 622 ming 506 quti va joriy 2024-yilning shu davrida 303 ta holatda qiymati 39 mlrd 708 mln 300 ming so‘mlikdan ziyod noqonuniy tamaki mahsulotlari qo‘lga olingan”, – deyiladi.
Yuqoridagi raqamlar esa, nazoratni, qonunbuzarlarni aniqlash va jazolashga mas’ul tuzilmalar va idoralar yashirin tamaki bozorini qisqartirish masalasini hal etishga bahamjihat va mas’uliyat bilan yondashishlari lozimligini ko‘rsatmoqda.
Nima uchun tamaki kontrabandasi O‘zbekiston uchun dolzarb
Mamlakatda ham sigaretlarning kontrabandasi va qalbakilashtirilishi muammosi dolzarbdir. Tamaki mahsulotlariga yuqori aksiz solig‘i va mamlakatning yirik savdo yo‘llariga yaqin joylashgani sababli O‘zbekiston kontrabandachilar uchun jozibador bo‘lib qolmoqda. Bundan tashqari, chegara nazorati va huquqni muhofaza qilish organlarining yetarli darajada samarali bo‘lmasligi muammoni yanada kuchaytirmoqda. Hukumat hisobotlari va mustaqil tadqiqotlar ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda tamaki mahsulotlarining noqonuniy aylanmasi juda katta ulushni tashkil etadi. Har yili davlat budjeti milliardlab so‘m zarar ko‘radi. Tadqiqotlar ko‘rsatishicha, bozorda sotilayotgan har uchinchi sigaret kontrabanda yoki qalbaki bo‘lib chiqadi. So‘nggi besh yil ichida O‘zbekistonda sigaretlarning kontrabandasi va qalbakilashtirilishiga qarshi kurash borasida sezilarli o‘zgarishlar bo‘ldi. Bir tomondan, qonunchilikning kuchaytirilishi va aksiz soliq stavkalarining oshirilishi sigaretlarning rasmiy savdosini kamaytirdi. Boshqa tomondan, bu noqonuniy bozordagi sigaretlarning o‘sishiga olib keldi. Hibsga olish va kontrabanda partiyalarining musodara qilinishi holatlari ortgani muammo miqyosini ko‘rsatmoqda.
COVID-19 pandemiyasining kontrabandaga ta’siri
COVID-19 pandemiyasi sigaretlarning kontrabandasiga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi. Chegaralarning yopilishi va karantin choralari qonuniy biznes imkoniyatlarini chekladi, bu esa noqonuniy faoliyatga yo‘l ochdi. Kontrabandachilar yangi sharoitlarga moslashib, noqonuniy yo‘llar va sxemalarni qo‘lladilar. Natijada, bozorlarda sifatli va talabgir mahsulotlar qatori, kontrabanda mahsulotlari, hususan tamakining noqonuniysi ko‘payishi, natijada narxlarning o‘rtasidagi tafovuti sezilarli oshdi va pasaydi. Oshish holatlari qonuni mahsulotlarda kuzatilgan bo‘lsa, narxning pastlashi, savdoning talabgirligi noqonuniy mahsulotlar ulushiga to‘g‘ri keldi.
Tartibga soluvchi asosiy qonun hujjatlari
O‘zbekistonda tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish va sotishni tartibga soluvchi asosiy qonun hujjatlari qatoriga tamaki mahsulotlarining ishlab chiqarilishi va aylanmasi davlat tomonidan tartibga solinishi, aksiz soliq stavkalarini belgilash va qonunbuzarliklar uchun javobgarlik choralari kiradi. Qonunchilikning asosiy muammolaridan biri uning yetarlicha qattiq emasligi va qonunlarni chetlab o‘tishning qulayligi hisoblanadi. Kontrabandachilar soxta hujjatlar va noqonuniy yo‘llardan foydalanib, qonunlarni chetlab o‘tmoqdalar. Tamaki mahsulotlarining kontrabandasi va qalbakilashtirilishiga qarshi kurash uchun bir qator nazorat choralari va jarimalar qo‘llaniladi. Chegaralarda va chakana savdoda muntazam tekshiruvlar o‘tkaziladi, qonunbuzarliklar uchun katta jarimalar va jinoiy javobgarlik belgilangan. Biroq, bu choralar samaradorligi hali ham savol ostida. 2023-yilning may oyida “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida”gi O‘zR Qonuni qabul qilingan bo‘lib, unda qator soha va tarmoqlarga, huquq tartibot organlari, qonun qabul qiluvchi va ijro etuvchi idoralarga vazifa va vakolatlar berilgan. Biroq, amalda ushbu hujjat to‘liq qamrab olinmagandek.
Qonun fuqarolarning, eng avvalo, yigirma bir yoshga to‘lmagan shaxslarning sog‘lig‘ini alkogol va tamaki mahsulotlarini iste’mol qilishning zararli ta’siridan, bu bilan bog‘liq ijtimoiy va boshqa salbiy oqibatlardan himoya qilishga, shuningdek jamiyatda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish hamda qaror toptirish uchun tashkiliy va huquqiy shart-sharoitlarni yaratishga qaratilgandir.
Ushbu Qonunning amal qilishi:
“alkogol va tamaki mahsulotlarini, tamakini hamda nikotinni iste’mol qilish moslamalarini jismoniy shaxslar tomonidan tadbirkorlik maqsadlarda ishlatish niyatisiz o‘z ehtiyojlari uchun olib kirishga;
alkogol va tamaki mahsulotlarini, tamakini hamda nikotinni iste’mol qilish moslamalarini ko‘rgazmaviy namunalar va sinovlar uchun namunalar sifatida yuridik shaxslar tomonidan olib kirishga;
eksportga realizatsiya qilish uchun mo‘ljallangan yoki O‘zbekiston Respublikasining hududi orqali tranzit tarzida o‘tadigan alkogol va tamaki mahsulotlariga, tamakini hamda nikotinni iste’mol qilish moslamalariga nisbatan tatbiq etilmaydi”, – deb ko‘rsatib qo‘yilgan.
Bu borada qo‘shimcha qanday ishlar qilinganini bilish maqsadida O‘zbekiston Senati va Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga Axborot so‘rov yuborildi. Senat tomonidan berilgan javobga ko‘ra;
“Afsuski, giyohvandlik, pisixotrop, alkogol, tamaki kabi kontrabanda va kontrafakt mahsulotlarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish nafaqat mamlakatimizning balki jahon hamjamiyatining dolzarb muammolaridan biri bo‘lib qolmoqda.
Bu borada, qator qonun hujjatlariga asosan kontrabanda va kontrafakt mahsulotlari kirib kelishi va noqonuniy aylanmasining oldini olishga mas’ul etib O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi, Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari, Ichki ishlar vazirligi hamda Davlat soliq qo‘mitasi belgilangan.
Shu bilan birga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 4 apreldagi “Aholini sifatli iste’mol tovarlari bilan ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi PQ–110-sonli, 2024 yil 3 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti qoshida Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida” gi PQ–204-sonli qarorlari bilan kontrabanda va kontrafakt mahsulotlari kirib kelishining va noqonuniy aylanmasining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilab berilgan.
Bundan tashqari Oliy Majlis Senati tomonidan mutasaddi idoralarga kontrabanda va kontrafakt mahsulotlari kirib kelishining va noqonuniy aylanmasining oldini olish va bu boradagi qonunbuzarliklarga qarshi kurashish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlardagi mavjud havolalarni to‘liq xatlovdan o‘tkazish, sohaga oid qonunchilikni takomillashtirish, shuningdek, asossiz cheklovlar, ortiqcha ma’muriy tartib-taomillar va eskirgan tartibga solish mexanizmlarini bartaraf etish yuzasidan takliflarni ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritish kabi qator tavsiyalar berilgan”, – deyiladi Senat axborot xizmatining Axborot so‘rovimizga berilgan javobda.
Chegaralar va chakana savdoda nazoratning yetarli emasligi
Chegaralar va chakana savdoda nazoratning yetarli emasligi muammoning yana bir jiddiy sababidir.
Oxirgi besh yilda O‘zbekistonga tamaki kontrabandasi asosan quyidagi mamlakatlardan kirib kelgan:
1-Qozog‘iston: Qozog‘iston bilan chegaradagi qo‘shnilik va chegara nazoratining ba’zi nuqsonlari tufayli kontrabandachilar uchun qulay yo‘l bo‘lib qolgan.
2-Qirg‘iziston: Qirg‘izistondan ham kontrabanda mahsulotlari ko‘p miqdorda kirib kelmoqda. Bu yerdagi erkin bozor sharoitlari va chegara nazoratining yetarli emasligi sabab bo‘ladi.
3-Tojikiston: Tojikiston bilan chegarada ham kontrabanda faoliyati yuqori darajada. Bunda ko‘pincha tog‘li hududlardan foydalaniladi.
4-Rossiya: Rossiyadan keluvchi tamaki mahsulotlari ham ko‘p bo‘lib, Rossiya bozoridagi arzon tamaki mahsulotlari O‘zbekiston bozorida qayta sotilishi uchun olib kelinadi.
Yo‘qotilgan soliq tushumlari
O‘zbekistonda noqonuniy tamaki mahsulotlarining ulushi rasman 24,3 foizga yetdi, bu esa mamlakat iqtisodiyotidagi xavotirli hodisadir.
Sigaret kontrabandasi muammosi dolzarbligicha qolmoqda va davlat uchun katta xarajatlarni keltirib chiqarmoqda. Mutaxassislarning fikricha, noqonuniy savdodan ko‘rilgan zarar 1 trillion so‘mni tashkil qilishi mumkin, bu taxminan 80 million dollarga teng.
Tamakisoz tamaki sanoati uyushmasi ma’lumotlariga ko‘ra, kontrabanda sigaretlarining 70 foizdan ortig‘i BAAdan, 8,2 foizi esa Janubiy Koreyadan keladi.
Bu sigaretalar tranzit qoidalarini chetlab o‘tib, O‘zbekistonga firibgarlik yo‘li bilan kirib keladi va jiddiy iqtisodiy yo‘qotishlarga sabab bo‘ladi.
Bu esa infratuzilma, sog‘liqni saqlash va boshqa ijtimoiy dasturlarni rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan mablag‘larning yetishmasligiga olib keladi. Chunki, noqonuniy bozor adolatsiz raqobat yaratadi. Bu ularning daromadlarining kamayishiga va ishlab chiqarishni rivojlantirishga bo‘lgan investitsiyalarning qisqarishiga olib keladi.
Bu muammoga qarshi kurashish uchun ekspertlar turli chora-tadbirlarni, jumladan, Davlat bojxona boshqarmasida depozit hisobvaraqlarini joriy etish va aksiz markalarisiz tamaki mahsulotlarini O‘zbekiston orqali tranzit qilishni taqiqlashni taklif qilmoqda. Kontrabanda hajmini kamaytirish uchun ayrim markadagi sigaretalar importini taqiqlash imkoniyati ham muhokama qilinmoqda. Iqtisodiy yo‘qotishlardan tashqari, standartlarga javob bermaydigan va iste’molchilar salomatligiga tahdid solishi mumkin bo‘lgan noqonuniy tamaki mahsulotlarining sifati haqida ham savollar tug‘iladi.
Mamlakatda Soliq organlarining ayni ushbu yo‘nalishda olib borayotgan faoliyati bilan tanishish maqsadida nashrimiz Davlat Soliq Qo‘mitasiga axborot so‘rovi yubordi.
Unga ko‘ra quyidagicha berilgan savollarga, Soliq qo‘mitasi axborot xizmati tomonidan javoblar olindi.
2020-2021-2022-2023 va 2024 yilning shu davrida Soliq organlari tomonidan Respublika bo‘yicha kontrabanda tamaki mahsulotlari tarqatilishi, sotilishi va iste’mol bozorlariga chiqishi bo‘yicha qancha holatlar aniqlangan va qaysi holatlarda ularga nisbatan jarimalar qo‘llanilgan (har bir yil bo‘yicha alohida)?
Javobga ahamiyat qaratadigan bo‘lsak,
“2020 yilda 14 ta holatda 13,4 million so‘mlik;
2021 yilda 84 ta holatda 112,3 million so‘mlik;
2022 yilda 673 ta holatda 719,4 million so‘mlik;
2023 yilda 632 ta holatda 1 602,3 million so‘mlik
2024 yilning o‘tgan davrida 49 ta holatda 439,2 million so‘mlik tamaki mahsulotlari noqonuniy savdoga qo‘yilganligi aniqlanib, belgilangan tartibda olib qo‘yilgan”, – deyiladi.
Soliq organlari boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan noqonuniy tamaki aylanmasiga qarshi qay tarzda kurashadi. Reyd tadbirlar qancha muddatlarda o‘tkaziladi, degan savolga,
“Noqonuniy tamaki aylanmasi yuzasidan kelib tushgan ishonchli ma’lumotlar asosida zaruratga qarab, Soliq organlari boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan birgalikda o‘zaro kelishuv asosida hamkorlikda nazorat tadbirlari o‘tkazishi mumkin. Sayyor soliq tekshiruvi o‘n kundan ko‘p bo‘lmagan muddatda o‘tkaziladi”, – deyilgan.
Agar savdo nuqtalarida noqonuniy tamaki mahsulotlari sotilayotgan bo‘lsa va xaridor uni xarid qilgach NKM chekini talab qilsa, xaridorga berilgan (berilmasa) chekda boshqa mahsulot turi ko‘rsatilgan taqdirda u qayerga, qanday tartibda murojaat qilishi kerak?
“Sotilgan mahsulot uchun ONKM cheklarida Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 23 noyabrdagi 943-son qaroriga 1-ilova bilan tasdiqlangan Nizomning 7-bandiga asosan quyidagi ma’lumotlar bo‘lishi kerak: bank kartasi turi; chekning tartib raqami; onlayn-NKMning zavod raqami yoki virtual kassaning seriya raqami; tadbirkorlik subyektining nomi; soliq to‘lovchining indentifikatsiya raqami (STIR); pulli hisob-kitoblar amalga oshiriladigan manzil; Komitent (vositachi) STIRi; tovar/xizmat nomi; markirovka qilinadigan tovarlar uchun markirovka belgisi; Mahsulotlar (tovar va xizmatlar) yagona elektron milliy katalogi bo‘yicha identifikatsiyalash kodi; mahsulotlarning (tovar va xizmatlarning) shtrix kodi; o‘lchov birligi; tovar/xizmat miqdori; tovar/xizmat narxi (qiymati); tovar/xizmatning qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi; tovar/xizmatning qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi; to‘lov shakli: naqd, plastik karta yoki aralash; to‘lovning jami summasi; xarid uchun to‘lovning qo‘shilgan qiymat solig‘i jami summasi; to‘lov sanasi va vaqti. “SoliqUz” mobil ilovasidagi “Soliq hamkor” bo‘limi orqali tamaki mahsulotlari bilan noqonunniy savdo qilish turini tanlagan holda murojaat yuborish mumkin”, – deyiladi axborot xizmatining nashrimiz so‘roviga bergan javobida.
Aholi salomatligiga ta’siri
Qalbaki sigaretlar aholi salomatligi uchun katta xavf tug‘diradi. Ular ko‘pincha sifat standartlariga rioya qilmasdan ishlab chiqariladi, zararli moddalar va toksik qo‘shimchalarni o‘z ichiga oladi, bu esa kasalliklarning ortishiga va iste’molchilarning umumiy sog‘lig‘ining yomonlashishiga olib keladi. Iste’molchilar ehtiyojlarining tamaki bozoriga ta’siri katta bo‘lib, ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘tkazilgan auditoriya so‘rovi orqali bu muammo yanada chuqurroq o‘rganilishi mumkin. Iste’molchilar sifatli va xavfsiz mahsulotlarni xohlashadi, va qalbakilashtirilgan mahsulotlarning mavjudligi ularda norozilik uyg‘otadi.
Bu borada, amaldagi qonun xujjatlari qanchalik samarali ishlamoqda, yuridik nuqtayi nazardan kontrabanda va kontrafakt maxsulotlari aylanmasi qachon to‘xtatilishi mumkinligi haqida huquqshunos Madina Tursunovaga savol berdik.
“Umuman olganda, tamaki va alkogol mahsulotlarini sotish bo‘yicha savdo qoidalari alohida belgilangan. Undan tashqari ularni mamlakatga olib kirish masalalari, huquqiy masalalari aynan bojxona kodeksi bilan tartibga solinadi. Bu degani, ular albatta bojxona organlari tomonidan rasmiylashtirilib, kerakli bo‘lgan aksiz markalari bilan belgilanadi. Undan tashqari, O‘zbekistonda hozirgi kunda raqamli markirovka kuchga kirdi. Har bir qonuniy yo‘l bilan olib kirilgan yoki qonuniy yo‘l bilan ishlab chiqarilgan tamaki va alkogol mahsulotida davlat tomonidan tasdiqlangan aksiz markasi yoki QR-kod ko‘rinishidagi raqamli markirovka bo‘lishi kerak. Bundan tashqari savdo rastalarida ushbu mahsulotlarni iste’mol qilish sog‘liqga zarar keltirishi to‘g‘risida belgilar ham bo‘lishi kerak. Bu qonun talabi. Undan tashqari, bilamizki, alkogol va tamaki mahsulotlari faqat 21 yoshga to‘lgan fuqarolarga sotilishi mumkin. Shuning uchun agarda qandaydir bir savdo rastalarida tamaki va alkogol mahsulotlari aksiz belgilarisiz yoki raqamli markirovkasiz sotilayotgan bo‘lsa, bu aniq noqonuniy yo‘llar bilan kirib kelgan kontrabanda mahsulotlari yoki noqonuniy ishlab chiqarilgan mahsulot”,– deydi huqushunos, patent vakili Madina Tursunova.
Biz fuqarolar bilan suxbatlashganimizda, ayrimlari aksiz marka nimayu, raqamli markirovkalash tizimi nima ekanligini bilmasligi ma’lum bo‘ldi.
Yuqorida ta’kidlanganidek, tamaki va alkogol mahsulotlari sog‘liq uchun zararli bo‘lgan odatlarga asoslangan tovar hisoblanadi, biroq shundan foydalanib katta foyda olish mumkin. Aynan shu omil sababli ko‘p davlatlar tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish, import qilish va iste’mol qilish uchun turli xil soliqlarning yuqori stavkalarini belgilaydi.
Muammoni hal qilish uchun davlat va jamiyat darajasida amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan aniq chora-tadbirlar
Hulosa qilib aytadigan bo‘lsak, muammoni hal qilish uchun davlat va jamiyat darajasida quyidagi ishlar amalga oshirilishi kerak deb hisoblaymiz:
– Qonunchilikni yanada kuchaytirish va qat’iy nazorat choralarini qo‘llash.
– Chegaralar va chakana savdo nuqtalarida tekshiruvlarni kuchaytirish.
– Ijtimoiy axborot kampaniyalarini amalga oshirish orqali aholi o‘rtasida xabardorlikni oshirish.
– Rasmiy ishlab chiqaruvchilar va davlat o‘rtasida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish.
Sigaretlarning kontrabandasi va qalbakilashtirilishiga qarshi kurash samaradorligini oshirish uchun qonunchilikni kuchaytirish, chegaralarda va chakana savdoda nazoratni yaxshilash, shuningdek, xalqaro tashkilotlar bilan faol hamkorlik qilish zarur. Aholi o‘rtasida muammo va uning oqibatlari haqida xabardorlikni oshirish ham noqonuniy tamaki mahsulotlari aylanmasiga qarshi kurashda muhim o‘rin tutadi.
Bobur Karimov
Imkoniyatlar tor doirada cheklangan