Poytaxtdagi jamoat transportining imtiyozlari va narxlaridagi chegirmalar

Фото: Тошшахартрансхизмат

Jamoat transportlarida foydalanuvchilar uchun imtiyozlar talaygina. Uni yanada yaqindan o‘rganish uchun Anhor.uz eksperiment o‘tkazdi. Unga ko‘ra, Hamid Olimjon metro bekatidan Chilonzor bekatiga qadar 8.33 kmlik masofani “Yandex taxi” orqali bosib o‘tdik. Buning uchun biz o‘rtacha 20-25 daqiqa vaqt va komfort xizmatdan foydalanganimiz uchun 31 ming so‘m mablag‘ sarf qildik. Jamoat transportida esa shuncha masofani maxsus yo‘laklar orqali 30 daqiqadan ziyod vaqt ichida bosib o‘tib plastik orqali to‘lov qilganligimiz uchun 1 700 so‘m xarajat qildik xolos. Agarda yengil avtomobil xizmatidan foydalangan mablag‘imizga yana 5 ming so‘m qo‘shganimizda jamoat transportlaridan limitsiz foydalanish uchun 36 mingga 5 kunlik tarif sotib olgan bo‘lar edik. Bu esa oldindagi besh kun davomida cheklanmagan hisobda jamoat transportidan foydalanish imkonini beradi degani. Aslida jamoat transportlarining o‘ziga xosligi ham shunday. Yo‘lovchilarning o‘z manziliga tez, oson, arzon va xavfsiz yetib borishlarini ta’minlash bilan birga ularga to‘lovlarda imtiyoz va yengilliklar yaratish. Xabaringiz bor, avvallari 3-5-15-20 va 30 kunlik limitsiz transport karta tariflari mavjud bo‘lgan bo‘lsa, bugunga kelib 1-10 kunlik hamda 3-6 va 12 oylik limitsiz transport kartasi uchun maxsus tariflari mavjud. Siz ularga istalgan vaqtda ulanib, belgilangan muddat ichida cheklanmagan hisobda sayohatlarni amalga oshirish imkoniga ega bo‘lasiz.

Bu limitsiz tariflarga obuna bo‘lish summasi qanday hisob-kitob qilinadi degan savollar tug‘ilishi tabiiy.

Aytaylik, siz bir kunda ishga, o‘qishga, do‘stlar bilan dam olish yoki yo‘nalishlarni almashtirish hisobiga taxminan 6 marotaba jamoat transportlaridan foydalanasiz. Bir kuniga naqd pul hisobida 12 ming, plastik orqali to‘laganingizda 10 200 so‘mni tashkil qiladi, yo‘l haqqi. Albatta imtiyozlarni hisobga olmaganda. Bu raqamlarni bir oyga ko‘paytirganimizda 360 (2000 ming so‘m)  ming naqd pulda, 306 (1700 so‘m) ming plastikdan to‘lovlar amalga oshirishga to‘g‘ri keladi va oldindan to‘lov qilganligingiz uchun sizga 23 % chegirma taqdim etiladi.

Bu orqali esa bir oy davomida jamoat transportlaridan erkin, cheklanmagan holda foydalanish imkoniga ega bo‘lasiz. Endi yuqorida yengil avtomobildagi 8 kmdan ziyod masofaga borish uchun sarflagan mablag‘imizni bir oylik harakatlarga hisoblasak, katta raqamlarga qarshi kelishimiz aniq.

Ko‘chalarda avtobusdan foydalanar ekansiz yo‘nalishlarning masofasiga qarab katta-kichik jamoat transportlariga ko‘zingiz tushadi. Ta’kidlash kerakki, ularning naqd 1000 tasi o‘tgan 2023-yili yangidan olib kelingan bo‘lib, har bir o‘rindiq uchun alohida sovitkichlar, nogironlar uchun maxsus joylar, elektron to‘lov tizimi xullas barcha sharoitlar yaratilgan. Yangidan ishga tushgan avtobuslarning 300 tasi elektrobuslar. 200 tasi “King Long” rusumli katta sig‘imga ega avtobuslar bo‘lsa, yana 500 tasi gaz yoqilg‘isi bilan harakatlanadigan transportlarni tashkil qiladi. Demakki, shaharda harakatlanayotgan 60 foizdan ko‘p avtobuslar yangi va yo‘lovchilarga namunali xizmat ko‘rsatib kelmoqda.

Tajribalarimiz davomida biz ham mavjud imtiyozlardan foydalanishga qaror qildik. Avvaliga “Nizomiy” bekatidan 18 raqamli avtobusga minib, “Novza” metro bekatiga qadar bordik va plastik orqali 1 700 so‘m to‘lov qildik. Undan keyin metroga tushib, Hamid Olimjon Metro bekatiga qadar imtiyozdan foydalanib 1100 so‘mga yetib oldik. Keyingi manzilimiz “Oloy” bozori bo‘ldi. Bu yerga avtobus orqali atiga 700 so‘mga yetib keldik. Eksperimentni yakunlash uchun oxirgi bepul xizmatdan foydalanishimiz kerak edi. Shuning uchun xuddi shu avtobusda ortga Hamid Olimjon metrosi tomonga qaytdik va bir soat ichida 4-marotaba jamoat transportidan foydalanganimiz uchun bunisida bizdan yo‘l haqqi olishmadi.

Umuman olganda jamoat transportlaridan foydalanish samaradorligiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, o‘tgan 2023-yildagi aholini jamoat transportlariga qamrab olish ko‘rsatgichi amalga oshirilgan ishlar, tashkil qilingan imtiyoz va qulaylik natijasida bugun 21 % dan 33 % ga oshgan. Bu esa qariy 2 mln aholiga xizmat ko‘rsatyapti degani.

 

Reklama huquqi asosida.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.