Qashqadaryoda tamaki kontrabandasi 11 %ga yetgan. Fuqarolar qanday fikrda?

O‘zbekistonda davlat budjeti noqonuniy tamaki mahsulotlari savdosi tufayli ulkan mablag‘larni yo‘qotishda davom etmoqda. Joriy yilning 1-oktyabr holatiga ko‘ra, noqonuniy tamaki mahsuloti savdosi tufayli davlat budjeti 390,6 mlrd. so‘m soliq tushumlarini boy bergan.

Buning barobarida, hududlar bo‘yicha tamaki mahsulotlari yashirin bozorining ulushi hanuz kattaligicha qolmoqda.

Bu ko‘rsatgichlar Farg‘ona vodiysida — 21,8 foiz, Namanganda — 41,6 foiz, — Jizzaxda — 21,8 foiz — Navoiy viloyati tumanlari bo‘yicha — 11,8 foiz — Olmaliqda — 19,9 foiz hamda — Qarshida — 11 foizni tashkil qilgan. Ana shundan kelib chiqib bizning bu galgi manzilimiz Qashqadaryo viloyatining shahar va tumanlariga bo‘ldi.


Odatda reyd tadbirlar ortidan savol tug‘iladi: Bu kabi noqonuniy holatlar oldin ham bu darajada ko‘pmidi yoki aylanmalar reyd tadbirlariga qaramasdan jadallashib bormoqdami? Bu kabi noqonuniy aylanmalar odatda turar joylarda, savdo nuqtalarida va chegaralarda ko‘p fosh bo‘ladi. Agar, reyd tadbirlari ham foyda bermasdan ushbu aylanmalar jadallashayotgan bo‘lsa, ushbu masalalar jiddiyroq yechimni talab qiladi, ya’ni javobgarlik kuchayishi kerakdir degan so‘zlar ko‘payadi. Biroq tanganing ikkinchi tomoni ham bor hududlarda Bojxona va Soliq organlari hamda boshqa mutasaddi tashkilotlar kunda kun ora paloncha noqonuniy tamaki qo‘lga olindiyu, man bunchasi yo‘q qilindi kabi xabarlarni e’lon qiladi. Bu esa sohadagi ishlar amalga oshayotganini, biroq jadallashtirish va qonunlardagi normalarni yanada kuchaytirishni taqozo etadi.

Qashqadaryo viloyatining Qarshi va Shahrisabz shaharlarida, Yakkabog‘ va Qamashi tumanlarida bo‘lganimizda katta bozorlardan to mayda savdo nuqtalarigacha 30 dan ortiq xarid tadbirlarini amalga oshirdik. Ayrimlarida 18 yoshga to‘lmagan ko‘ngilli yoshlar ham ishtirok etishdi. Savdo nuqtalarida noqonuniy tamaki savdosi anchagina. Xatto istemolchi yosh ko‘rinib turgan bo‘lsada undan na yoshi, na shaxsini tasdiqlovchi hujjat so‘ralmasdan sotilishiga ham guvoh bo‘ldik.

Oqshom paytida yo‘lovchi taksilardan birida shahardagi yana qator savdo do‘konlarini o‘rganish maqsadida uning xizmatidan foydalandik. Haydovchi ham chekuvchilardan ekan, chekkanida ham ayni noqonuniysidan, Milano iste’mol qilar ekan. Ularga ham qator savollar bilan murojaat qildik.

“Assalomu alaykum, aka, mana siz ham tamaki iste’mol qilar ekansiz, aytingchi qanday markalisidan xarid qilasiz?

– “Milano”. Nega?

Qiziqda, bir so‘rovnoma o‘tkazayotgan edik. Shu uchun. Bilasizmi, ushbu mahsulot mamlakatga noqonuniy kirib kelishini?

– Ha bilaman. Endi siz menga aytingchi, nima kirib kelmayapti noqonuniy. Siz sigaretni aytasiza, bunda boshqa qator mahsulotlar ham qonuniy kirib kelib, qonuniy sotilmoqdami?

To‘g‘ri, gapingizda jon bor. Aytolmaysizmi tamakini ko‘chma savdolardan olasizmi yo?…

– Magazindan sotib olaman, Qarshidagi qator magazinlarda sotiladi. Ana istasangiz kirib ko‘ring…”

Suhbatimiz mana shu tarzda davom etdi. Ular aytganicha bor ekan. Suhbatni yakunlab Qarshi shahri markaziy ko‘chalaridan birida joylashgan “Xonadon market” nomli oziq-ovqat va aralash mollar savdo do‘koniga kirdik. Kirishingizdanoq kassa ortida rastalarda ham qonuniy, ham noqonuniy mahsulotlar terib qo‘yilganiga guvoh bo‘lasiz. Bu yerdan ikki nomdagi tamakining kontrabandasidan va bir nomdagi tamakining qonuniy savdodagisidan xarid qildik. Doimgidek nazorat kassa mashinasi cheki muammosi. Chek bermadi emas berdi biroq xarid chekida tamaki emas boshqa yozuvlar. Ammo bu marketda kirim qilinuvchi moslama ham bo‘lib unda barcha maxsulotlar kirim qilingan ammo uning chekini bizning qo‘limizga berishmasdan ko‘chani ko‘rsatib qo‘yishdi.

O‘zbekistonda noqonuniy tamaki savdosi kuchayishining asosiy sababi bir nechta omillarga bog‘liq. Eng muhimi, tamaki mahsulotlariga qo‘yilgan yuqori soliqlar va davlat tomonidan joriy etilgan cheklovlardir. Bu cheklovlar tamaki narxlarini oshiradi, bu esa ba’zi iste’molchilarni arzonroq, noqonuniy mahsulotlarni sotib olishga undaydi.

Bundan tashqari, qonuniy bozorning yetarlicha nazorat qilinmasligi va noqonuniy savdoga qarshi samarali kurash choralari yetishmasligi ham bu holatni kuchaytiradi. Mahsulotlarni kontrabanda yo‘li bilan mamlakatga olib kirish va noqonuniy sotuvchilar tarmog‘ining kengligi ham bu savdoning ko‘payishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Yana bir omil, iste’molchilarning tamaki mahsulotlariga bo‘lgan doimiy talabi va bu talabni noqonuniy yo‘llar orqali qondirishga bo‘lgan moyillikdir. Shahrisabzda bo‘lganimizda tamaki istemolchilaridan biri Baxtiyordan savollarimizga javob olishga muvaffaq bo‘ldik. (Uning javobi videomaterialda)

Noqonuniy aylanmalarning oldini olishning asosiy yechimlaridan biri bu konrabanda kanallarini yo‘qotishdir. Bu borada Qashqadaryo viloyati Bojxona boshqarmasiga ham qator savollar bilan murojaat qildik. Axborot so‘rovimizga kelgan javobga ahamiyat qaratilsa.

“Viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan muntazam ravishda kontrabanda va kontrafaktga qarshi samarali kurash ishlari olib boriladi. Buning natijasida qator noqonuniy xarakatlarning xam oldi olinishiga erishildi. Jumladan, 2024 yilning o‘tgan davri mobaynida 9 ta holatda jami 16 693 quti bo‘lgan qiymati 366 million so‘mlik kontrabanda tamaki mahsulotlarining viloyat hududiga kirishiga chek qo‘yilgan. Bu kabi ishlar yil davomida tizimli ravishda amalga oshirib boriladi”, – deydi Qashqadaryo viloyati Bojxona boshqarmasi matbuot xizmati inspektori Laylo Jurakulova.

Bu esa birgina Qashqadaryo viloyatidagi noqonuniy savdoda amalga oshirilayotgan ishlarning ko‘rinishi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.