Surxondaryoga safar. Tamaki kontrabandasi. “Milano” uchun “Pall Mall” yozuvi bilan beriluvchi NKM cheklari. Nazorat organlari kontrabandaga qanday kurashishmoqda / Anhor.uz reportajida

Anhor.uz hududlarda mamlakat chegaralari orqali O‘zbekiston ichkarisiga kirib kelayotgan noqonuniy mahsulotlar, hususan, tamaki kontrabandasiga qarshi kurashishga oid qator surishtiruv va tahlillarni amalga oshirib keladi. Nashrimizning navbatdagi manzili mamlakatning olis chegara hududlaridan biri Surxondaryo viloyati bo‘ldi.
Jurnalistimizning viloyatga qilgan safari, hududda nazorat organlari faoliyat samaradorligi, bozorlar va savdo nuqtalaridagi asl holatlar qanday ekanligi ushbu materialda va uning video shaklidagi reportajda to‘liq bayon etiladi.

Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi “Ayritom” chegara bojxona postiga qo‘shni davlatdan kirib kelgan fuqaro boshqaruvidagi yuk avtotransport vositasi belgilan tartibda bojxona nazoratidan o‘tkazilganda avtotransport vositasida yuk kuzatuv hujjatlarida ko‘rsatilgan tovarlardan boshqa mahsulotlar borligi ma’lum bo‘ladi. Shundan so‘ng, avtotransport vositasi holislar ishtirokida bojxona ko‘rigidan o‘tkaziladi.

“Natijada, avtotransport vositasi yukxonasida xufyona tarzda qog‘oz qutilarga joylashtirilgan, yuk kuzatuv hujjatlarida ko‘rsatilmagan, xorijda ishlab chiqarilgan va aksiz markalari bo‘lmagan umumiy qiymati 1 mlrd. 26 mln. so‘mlik 3 xil nomdagi jami 27 000 quti sigaret mahsulotlari yuklanganligi aniqlandi”, – deyilgan viloyat Bojxona boshqarmasi axborot xizmatining Anhor.uz so‘roviga bergan javobida.

Shuningdek, nashrimiz so‘roviga ko‘ra berilgan javobda 2023-yilda ham viloyatda qator mana shunday katta partiyalarda qo‘lga olingan jarayoylar bo‘lgani ham ochiqlangan. Unga ko‘ra, 2023-yilning avgust oyida 1 ta xolatda “Sariosiyo” temir yo‘l chegara bojxona postiga qo‘shni davlatdan Tojikiston Respublikasiga o‘tish uchun O‘zbekiston Respublikasiga kirib kelgan temir yo‘l poyezdi tarkibidagi vagonlardan biri bojxona postida mavjud bo‘lgan temir yo‘l vagonlarini skaner qilishga mo‘ljallangan inspeksion ko‘rik majmuasidan o‘tkazilganda, ushbu vagon bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda hujjatlarida ko‘rsatilmagan, aksiz markalari mavjud bo‘lmagan va bojxona nazoratidan yashirilgan umumiy qiymati 12 mlrd. 450 mln. so‘mlik 957 500 quti “Milano London” nomli sigaret mahsulotlari borligi aniqlangan.

2023-yilning sentyabr oyida esa viloyatning “Boldir” temir yo‘l chegara bojxona postiga qo‘shni davlatdan kirib kelgan temir yo‘l poyezdi tarkibidagi vagonlardan biri belgilangan tartibda bojxona nazoratida o‘tkaziladi. Natijada, ushbu vagonda yuk kuzatuv hujjatlarida ko‘rsatilmagan, aksiz markalari mavjud bo‘lmagan va bojxona nazoratidan yashirilgan umumiy qiymati 12 mlrd. 771 mln. so‘mlik 851 460 quti “Esse Change” nomli sigaret mahsulotlari borligi aniqlanadi. Yana bir holat esa 2023-yilning oktyabr oyida ayni shu chegara bojxona postida aniqlangan. Unda yuk kuzatuv hujjatlarida ko‘rsatilmagan, aksiz markalari mavjud bo‘lmagan va bojxona nazoratidan yashirilgan umumiy qiymati 15 mlrd. so‘mlik 999 956 quti “MILANO” nomli sigaret mahsulotlari borligi aniqlanadi.

Ayni ushbu holat nashrimizning Surxondaryo viloyati, Termiz shahri va viloyatning boshqa tumanlaridagi bozorlar, savdo markazlari va mayda savdo nuqtalarida bor jarayonni o‘rganishga sabab bo‘ldi desak bo‘laveradi.

Oddiy haridor sifatida kirib borilgan viloyat markazi va tumanlardagi qator savdo nuqtalarida chindan ham noqonuniy yo‘llar orqali mamlakat hududiga kirib kelgan va erkin muomalaga chiqib ketgan tamaki mahsulotlar bisyor. Boshqa hududlarda bo‘lgani kabi Surxondaryodagi savdo nuqtalarida ham kontrabanda tamakilarni ham savdo peshtoqlaridan, ham yashirincha kassa ostidan savdo qilinayotgani xatto taajjublantirmadi ham.

Aslini olganda esa, mamlakat qonunchiligiga ko‘ra, aksiz markalari yo‘q, raqamli markirovka kodlariga ega bo‘lmagan va sog‘lik uchun zararliligini ifodalovchi yozuvlarsiz tamaki mahsulotlarini erkin muomalada sotish taqiqlangan. Bu holatlarni esa uddaburon tadbirkorlarning qonunlarni chetlab o‘tayotgani deymizmi yoki nazorat organlarining faoliyati qoniqarli yo‘lga qo‘yilmaganimi. Viloyatda nazorat organlarining faoliyat samaradorligini bilish maqsadida Surxondaryo viloyati Soliq boshqarmasiga yuborgan axborot so‘rovimizga kelgan javobga ahamiyat qaratamiz.

“Surxondaryo viloyati soliq boshqarmasi hamda hududiy soliq inspeksiyalari tomonidan 2023-yil o‘tgan davri mobaynida davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan noqonuniy tartibda faoliyat olib borgan 22 ta holatda fuqarolar va tadbirkorlar tomonidan kontrabanda va kontrafakt (tamaki) mahsulotlarini aholiga sotish faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotganligi aniqlanib, ushbu fuqarolarga belgilangan tartibda dalolatnomalar rasmiylashtirilib, umumiy qiymati 3 900 000 so‘mlik tamaki mahsulotlari sud tatibida qonuniy hal bo‘lgunga qadar vaqtinchalik saqlash uchun olingan hamda qonun talablarini buzgan fuqarolarga nisbatan jami 112 500 000 so‘m miqdordagi moliyaviy jarimalar qo‘llanilgan.

Shuningdek, tamaki mahsulotlarini realizatsiya qilayotgan 1 ta tadbirkorlik subyektida tamaki mahsulotlarini aholiga belgilangan tartibda yetkazib berishlari yuzasidan sayyor soliq tekshiruvlari o‘tkazilib, 1 ta holatda yakka tartibdagi tadbirkorga nisbatan soliq kodeksining 2271-moddasi talablari buzilganlik holatlari aniqlanib, qonun buzilishini sodir etgan tadbirkorga nisbatan 58 977 000 so‘m moliyaviy jarimalar qo‘llaniganligini ma’lum qilamiz”, – deyilgan.

Shuningdek, “Termiz shahar hamda barcha tuman hududlarda tamaki mahsulotlari savdosini amalga oshiruvchi tadbirkorlik subyektlari faoliyatida o‘rganishlar o‘tkazilib, o‘rganish davomida kontrabanda va kontrafakt tovarlarni sotmaslik yuzasidan tushuntirish ishlari olib borilib ogoxlantirish xatlari berilib nazoratga olinganligini”, – ma’lum qilingan.

Viloyatga safarimiz davomida qator savdo do‘konlarida tamaki mahsulotlarini harid qilgan bo‘lsakda u yerlardan NKM cheklari olish imkonsiz bo‘ldi, sotuvchilarning esa bahonasi tayyor, “Yaqindagina ish boshladik”, “Soliqqa borib kelishga imkon bo‘lmayapti, chek mashina chiqqan, olib kela olmay turibmiz”, “Bu yer kichik do‘kon bo‘lsa, chek berilmaydi, NKMsi yo‘q” va shu kabi fikrlar, xatto, Termiz sho‘ahri markazi, “Do‘stlik” mahallasida joylashgan, “National Trend” MCHJga qarashli savdo shahobchasida qo‘rqmasdan kontrabanda sifatida malakalanuvchi “Milano nomli tamaki mahsuloti uchun “Pall Mall Blue” harid qildi degan chekni taqdim etish holati ham bo‘ldi. Shu va shu kabi holatlardan 10 tasini Soliq hamkori tizimiga NKM cheklarini bermaslik va Aksiz marka talablarini buzish bandlarini ko‘rsatgan holda kiritdik. Bu bo‘yicha viloyat Soliq boshqarmasiga yana bir bor axborot so‘rovi yuborildi. Ijrosi bo‘yicha kelgusi materiallarimiz orqali xabardor qilamiz.

O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasi axborot xizmatining anhor uzga ma’lum qilishicha, 2023-yil davomida – 291 ta holatda, qiymati 92,3 mlrd so‘mlik 5 mln 622 ming 442 ta quti tamaki mahsulotlari aniqlangan. Bu jarayon 2024-yilda ham davom ettirilib, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 266 ta holat, qiymati 21,6 mlrd so‘mlik sal kam 979 ming quti tamaki mahsulotlari ushlab qolingan. Ushbu holatlar bo‘yicha qator tekshiruv harakatlari olib borilib, sud hukmiga taqdim etilgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 15-iyuldagi “Davlat daromadiga o‘tkaziladigan mol-mulkni olib qo‘yish, sotish yoki yo‘q qilib tashlash tartibi to‘g‘risida”gi 200-son qaroriga muvofiq tamaki mahsulotlari majburiy tarzda yo‘q qilib tashlanishi belgilangan.

Qonunchilikka ko‘ra, tamaki mahsulotlarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish yoki muomalaga kiritish ancha miqdorda yoxud shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, quyidagi jazo choralaridan biri qo‘llanilishiga sabab bo‘ladi:

BHMning 200 baravaridan 400 baravarigacha miqdorda (66 mln so‘mdan 132 mln so‘mgacha) jarima;
3 yilgacha axloq tuzatish ishlari;
2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash;
5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Shuningdek, mazkur harakatlar quyidagi holatda sodir etilgan bo‘lsa, 7 yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi:
juda ko‘p miqdorda;
uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab.

Ogoh bo‘ling, Qonunni bilmaslik javobgarlikdan ozod qilmaydi… Anhor.uz surishtiruvlarini davom ettiradi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.