Suvsiz “Shukrona” mahallasi yoki odamlar qanday qilib 30 daqiqada obi-hayot olishlari mumkin

Foto: Anhor.uz

Anhor.uz’ga Sirdaryo viloyatining Yangiyer shahri “Shukrona” MFY “Bahor” ko’chasida istiqomat qiluvchi 45 yoshli Nargiza Dobranosova yashash hududida ichimlik suvi yo’qligi bo’yicha murojaat qildi.

Murojaatchi qariya onasi va ikki farzandi bilan yashaydi.

“Mahallamizda suv yo‘q. Ko‘chalarga suv quvurlari tortilgan, ammo ulardan suv deyarli tushmaydi. Faqatgina tushdan keyin soat 18:00 larda 20-30 daqiqaga suv beradi. Mana shu vaqt ichida butun mahalla ahli artizanning oldiga yig‘iladi. Odamlar navbatda turishdan zerikkan, ba’zan qo‘shnilar orasida ham kichik nizolar bo‘lib turadi suv sababli. Qolaversa, quvurlar orqali kelayotgan suvning sifati ham yaxshi emas. Biz undan faqat idish-tovoqlarni va kirlarni yuvishda foydalanamiz. Ichish uchun esa maxsus mashinalarda tashiladigan suvni yana mablag‘ sarflab, 10 litrini 3 ming so‘mdan sotib olamiz”,- degan Nargiza opa o‘z murojaatida (muallifning murojaati tahrir qilinmagan).

“Shukrona” mahallasida 2950 nafar fuqaro 833 ta xonadonda istiqomat qiladi. Turar joylarning 187 tasi kottejlar bo‘lsa, 53 tasi 2,3 va 4 qavatli uylarni tashkil qiladi. Hudud aholisi asosan ko‘cha boshlari va ma’lum bir nuqtalarga o‘rnatilgan kranlardan suv olishadi. Suv kuniga ko‘pi bilan 1 soat beriladi. Qo‘shni 2 qavatli uylarda yashovchi odamlarning ko‘pligi, ammo suv krani bir dona bolgani va suv atigi ikki soat berilishi sababli katta navbat paydo bo’ladi. Ulgurgan ulguradi, ulgurmagan suvsiz qoladi.

Joyga chiqib vaziyatni o’rganish holat chindan ham ayanchli ekanligini ko’rsatdi . Mahalladagi uylarda bor idishlar suv saqlash uchun ishlatiladi. Aholi bu suvga kir yuvadi, uyni tozalaydi va yuvinadi, lekin kamdan-kam ichimlik suvi sifatida foydalanadi.

Muammoning muhim va zudlik bilan yechilishi zarur bo‘lgan tomoni – suv mahallaga uzluksiz ravishda berilishi darkor.

Mahallaning 53 ta ko‘p qavatli uylardagi xonadonlarga quvurlar orqali suv bormaydi. Holat shu darajaga kelganki, hatto xonadon ichkarisidagi suv jo‘mraklari aylanmaydigan bo‘lib, zanglab qolgan. Endi tasavvur qilib ko’ring: ko’p qavatli uylar, suvi yo’q oshxona, hammon va hojatxona!

Hudud fuqarolari bu muammo yuzasidan bir necha bor mahalla idorasiga shikoyat qilgan, lekin mahalla mutsaddilrining xizmati xatlarni tegishli idoralarga yetkazishdan nariga o’tmaydi. Muammo yechilmaydi, odamlar sarson.

Sirdaryo suv ta’minoti Yangiyer shahar bo’limi boshlig’i Rustam Almamatov voqea joyiga kelib, ushbu mahallaning suv tarmoqlari 2023-yilda yangilanganligini, ayni damda har bir xonadon uchun maxsus suv tarmoqlari tortilganini ma’lum qildi. Ammo, suv ta’minotining zimmasidagi vazifa emasligi sababli, fuqarolardan uyining ichiga o’zlari suv quvurlarini tortib olishlari so’ralgan. Bo’lim boshlig’i ko’chalarga qo’yib berilgan kranlar aslida Vazirlar Mahkamasining “Kommunal xizmatlar ko’rsatish qoidalarini tasdiqlash to’g’risida” qarorida belgilangan tartib qoidalarga to’g’ri kelmasligini ma’lum qildi. Shuning uchun mahalla fuqarolari suv tarmoqlarini  uyiga to’liq tortib olgunga qadar vaqtincha qo’yib berilgan emish.

Suvning sifati haqida ma’lumot olish maqsadida Anhor.uz Sirdaryo suv ta’minoti Yangiyer shahar bo’limi boshlig’I nomiga axborot so’rovi yubordi. Unga kelgan javobga ko’ra “Yangiyer shahrida 8 ta xususiy tadbirkor ichimlik suvini qayta ishlab filtrlab aholiga sotib kelmoqda, aholi filtrlangan ichimlik suvi ta’miga o’rganib qolib suv ta’minoti tomonidan yetkazib berilayotga suvning mazasi, ta’mi sifatini yaroqsiz deb o’ylab kelmoqda. Ishlab chiqarilgan ichimlik suvini har oyda Shahar SEO va JQ bo’limi va “Sirdaryo suv ta’minoti” AJ laboratoriya bo’limi tomonidan analizlar olinib tekshirib boriladi. Analiz javoblari salbiy chiqqan holatlarda ichimlik suv quduqlarida zararsizlantirib texnik ishlar olib boriladi. “Shodlik” suv inshoatidan olingan analiz javoblari ilova qilib boriladi”, – deyilgan.

Shuningdek, aholiga suv berish tartibi haqidagi savolimizga kelgan javobda quyidagicha fikrlar bayon etilgan. “Shaharning “Shukrona”, “Fazilat”, “Davlatobod”, “Shodiyona” mahallariga “Shodlik” suv haydash inshoatidan grafik asosida har kuni soat 18.00 dan 20.00 ga qadar ichimlik suvi tarmoqdan yetqaziladi. “Shodlik” suv haydash inshoati 4 dona yer osti ichimlik suv qudug’idan soatiga 210 metr/kub ichimlik suvi ishlab chiqarilib maxsus suv saqlash rezervuarida saqlanadi. Kun davomida yig’ilgan suv is’temolchilarga tarqatiladi”.

Suvning ichish uchun yaroqlilik darajasini bilish maqsadida Anhor.uz Sirdaryo viloyati Sanitariya epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi Yangiyer shahar bo’limi boshlig’i nomiga ham axborot so‘rovi yurbordi. Unga kelgan javobga ko‘ra, “Yangiyer shahar SEO va JSBo’limi mutaxassislari tomonidan 13.07.2024 yilda Shukrona MFY, Quruvchilar ko’chasi 8-uy, Bahor ko’chasi 22-uy hovlisida joylashgan ichimlik suvi vodoprovod kranlaridan O’zbekiston milliy standarti “Ichimlik suvi, gigiyenik talabloar va sifatini nazorat qilish” O’z MST 133:2024 talabiga mikrobilogik va kimyoviy tarkibini tekshirish uchun ichimlik suvi namunalari olindi. SEO va JSQ Sirdaryo viloyati boshqarmasi Yangiyer shahar bo’limi IJRO.GOV.UZ тизими орқали ЭРИ билан тасдиқланган, Ҳужжат коди: BL34208506 bakteriologiya laboratoriyasining 15.07.2024 yildagi namunalarni bakteriologik tekshiruvi protokoli №61-62-sonli xulosasiga ko’ra tekshirilgan ichimlik suvi namunalari mikrobiologik ko’rsatigichlar bo’yicha sanitariya-gigiyena talabiga mos”. Shu nuqtaga kelganda “Unda nega fuqarolar ichimlik suvidan bosh tortmoqda”, – degan savolga duch keldik!

Aholini ichimlik suv bilan ta’minlashning ma’nosi – har bir oila uydagi jumrakni buraganda undan toza ichimlik suvi oqishidir. Shunday holatga erishmaguncha Yangiyer “Suv ta’minoti bo’limi” vazifasini bajardi degan xulosa erta.

PS : Agar sizning ham viloyatingiz, tuman yoki shahringizda, qishloq va mahallalaringizda shunday muammolarga uchrab kelayotgan boʻlsangiz, Telegram bot – @RedAnhorBot orqali bizga yozing. Murojaatingiz joyiga chiqib oʻrganiladi. 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.