Talabalarning poytaxtga qaytishiga sanoqli kunlar qoldi, yotoqxona muammosi qanday hal qilinadi
Talabalarning poytaxt, Toshkent shahriga qaytishlariga ham sanoqli kunlar qoldi. Lekin, yozgi damdan kuch-g‘ayratga to‘lib kelayotgan talabalar aksariyatining hayoli o‘qishda emas, balki, “Iloji bo‘lsa talabalar turar joyiga joylashish yoki arzonroq joydan kvartira topish”. To‘g‘ri, mas’ul xodimlar ushbu masaslani hal qilishga urinayotgan bo‘lsa ham, muammo talabalar soni bilan birgalikda o‘sishda davom etmoqda.
Qonunchilikka ko‘ra, yotoqxonaga asosan kunduzgi ta’lim shaklida tahsil oluvchi talabalar joylashtiriladi. Statistik ma’lumotlariga ko‘ra, oxirgi 4 yilda davlat OTMning kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan talabalar soni quyidagi raqamlarda aks etmoqda.
2020/2021-o‘quv yili boshiga 441,8 ming nafar;
2021/2022-o‘quv yili boshiga 553,9 ming nafar;
2022/2023-o‘quv yili boshiga 622,6 ming nafar;
2023/2024-o‘quv yili boshiga 661,8 ming nafarni tashkil etgan.
Bu yil davlat oliy ta’lim muassasalarida kunduzgi ta’lim shakli uchun 127 995 ta joy ajratilgan bo‘lsa, uni bitiruvchilar soni 86 458 nafarni tashkil qilmoqda. Bu turar joyga muhtoj bo‘lgan talabalar soni yanada ortishining isbotidir.
Ma’lumot uchun, 2023-yilda respublika bo‘yicha yil yakuniga qadar 18 ming o‘rinli talabalar turar joylarini foydalanishga topshirish vazifasi belgilangan edi. O‘tgan yili 1-iyul holatiga ko‘ra esa 4 ming 702 o‘rinli 12 ta talabalar turar joylari foydalanishga topshirilgan. Ayni paytda esa 24 ming 394 o‘rinli 51 ta talabalar turar joylarini qurish ishlari davom etmoqda, deyiladi vazirlik axborotida. Bu jarayonlar qachon yakunlanadi, bu hamon savol ostida.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi axborot xizmati rahbari Nazokat Abduqunduzova e’lon qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda jami 112 ta oliygohda, 338 ta talabalar turar joyi mavjud. Ularning sig‘imi esa 127 ming 792 o‘rinni tashkil etadi. Shuningdek, 2024-yil davomida talabalar turar joylarini qurish hisobiga 27 mingta o‘rin yaratish topshirig‘i berilgan va hozirda 34 ming 320 o‘ringa mo‘ljallangan 67 ta talabalar turar joyi qurilmoqda. Davlat dasturida belgilangan talabalar turar joylari joriy yil yakuniga qadar qurib foydalanishga topshirilishi belgilangan. Biroq, bu ishlar yakunlandimi yoki yo‘q hali ko‘pchilkga qorong‘u.
Hozirda davlat OTMlarida talabalarning turar joyga joylashishiga ko‘mak beruvchi markazlar tashkil etilmoqda va joriy yilgi o‘quv yilida ham yotoqxona bilan qamrab olinmagan hamda ijara huquqi asosida yashaydigan talabalarining 60 foiziga oylik ijara to‘lovining bir qismi Davlat budjetidan qoplab berilishi ham reja qilingan.
Xo‘sh, mana shu qilinayotgan say-harakatlar har yangi o‘quv yili boshida, asosan, poytaxtda muammo bo‘ladigan holatni yumshatishga yordam beradimi? Joriy yilda ham talabalar avvalgi yillardagidek, yaqinlari va yuklari bilan ertalabdan kechqurungacha yotoqxona javobini kutib, universitet darvozasi olidida sarg‘ayib o‘tirmaydimi yoki o‘rindiqlarda tunab qolishga majbur bo‘lmaydi?
Bu savollarga javob olish maqsadida Anhor.uz Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga Axborot so‘rovi yuboradi. Natijasi va joriy yilgi o‘quv yilida talabalar bilan bog‘liq shunga o‘xshash sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan holatlar haqida keying maqolalarimizda yoritiladi…
Avvalgi o‘quv yili oldidan Anhor.uz tayyorlagan material bu yerda.
Umida Yakupova
Sharhlar