Ta’miri yillarga cho‘zilgan Toshkent yo‘llari
2020-yilning yanvar oyida poytaxtning Farg‘ona yo‘li, Ahmad Donish va Yangi Sirg‘ali ko‘chalarini qayta ta’mirlash rejalashtirilgan edi. Bu haqda Toshkent hokimi o‘rinbosari, poytaxt Bosh uy-joy kommunal xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i Baxtiyor Rahmonqulov matbuot anjumani doirasida ma’lum qilgandi. Berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, loyihaning qiymati 230,9 milliard so‘mni tashkil etgan. Jarayon Factchecknet.uz nashri e’tiboriga tushdi.
“Xususan, Ahmad Donish ko‘chasi Mega Planet savdo markazidan Nurafshon ko‘chasi chorrahasigacha rekonstruksiya qilinadi. Ushbu uchastkaning uzunligi 4,5 kilometrdan ortiq, kengligi esa 40 metrni tashkil etadi”, – deb ma’lumot bergan Baxtiyor Rahmonqulov.
2020-yilda Yunusobod metro liniyasining yangi bekatlari ochildi, hamda yo‘lning o‘tish qismi ko‘cha markazidagi keng xiyobon evaziga kengaytirildi. Shu bilan ishlar yakunlandi deb OAVlarida yangiliklar e’lon qilindi va Prezident tashrifi davomida ko‘cha rasman ochildi.
“Yo‘l qurilishiga qo‘shimcha pul berib, zamonaviy texnikalar olingani bugun natijasini beryapti. Bu esa odamlarga manfaat, sifat keltirishi kerak”, – dedi Shavkat Mirziyoyev rasmiy marosim davomida.
Oradan mana 4 yildan ortiq vaqt o‘tdi, lekin hali ham yakunlanmagan rekonstruksiya ishlari piyodalar va haydovchilarga noqulaylik tug‘dirib kelmoqda. Ahmad Donish va Gulg‘uncha ko‘chalari kesishmasida joylashgan piyodalar uchun yer usti o‘tish yo‘lining tugallanmay qolgani yo‘lovchilar va haydovchilar uchun jiddiy muammolar keltirib chiqarmoqda. Yo‘lni havfsiz kesib o‘tish, havfsiz harakatlanish imkoniyatlari yo‘qligi, bolalar yoki nogironlar aravachasi bilan yo‘lning chetini yopib qo‘ygan to‘siqlar kabi qator muammolarni keltirish mumkin.
Ko‘prik qurilishi rejadan 2 yil o‘tib, 2022-yil 11 martida boshlandi. Toshkent shahar hokimiyati rasmiy xabarida shunday deyilgan edi:
“Hurmatli poytaxt aholisi va mehmonlari! Ahmad Donish ko‘chasida yer usti piyodalar o‘tish ko‘prigi qurilishi boshlanganligi sababli, 11-martdan ko‘chaning bir qismida qurilish va ta’mirlash ishlari olib boriladi. Rejaga ko‘ra, Ahmad Donish ko‘chasining Gulg‘uncha (Ashurova) ko‘chasi bilan kesishmasidan boshlab, qatnov qismining bir tarafi har ikki tomondan transport uchun yopiladi. Ishlar 15-martgacha davom etadi. Noqulayliklar uchun uzr so‘raymiz”.
Qiziq jihati, ushbu xabar yakunida ishlar 15-martgacha davom etadi deb yozilgan. Ammo, qaysi yilning 15-martigacha, bu aniq ko‘rsatib o‘tilmagan. Sababi, yo‘lning qatnov qismi juda katta, u yerda ko‘prik qurilmoqda, xoh osma, xoh tirkama bo‘lsin, bu ishlarni yakunlashga 4 kun kamlik qiladi. Agar, ayni 2022-yilning 15-mart sanasi belgilangan bo‘lsa. Holatni o‘rganish maqsadida jurnalistimiz ko‘prik qurilishi to‘xtab qolgan manzilda bo‘ldi. Natija esa fotosuratlarda ko‘rib turganingizdek.
HUKM: BAJARILMADI
Ahmad Donish va Gulg‘uncha (Ashurova) ko‘chalari kesishmasidagi yer usti piyodalar o‘tish ko‘prigi qurilishi boshlanganiga 4 yildan oshgan bo‘lsa hamki hanuz yakuniga yetmagan. Qurilish ishlari to‘xtab qolgan. Atrofi chiqindixonaga aylanishni boshlagan. Hudud aholisi ushbu holatdan norozi.
Ko‘prik qurilishida yakunlanmagan ishlar va yo‘lovchilar havfsizligining ta’minlanishi borasidagi savollar yuzasidan nashrimiz O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati va Toshkent shahar hokimligiga axborot so‘rovi yubordi. Mavzu bo‘yicha sizni xabardor qilib boramiz.Eslatib o‘tamiz, yer usti yo‘llaridagi kamchilik va nosozliklar bo‘yicha O‘zbekiston Oliy Majlis Senatida 2023-yilda qator masalalar ko‘tarilgan edi.
Bu mavzuda saytimizda e’lon qilingan “Poytaxtdagi yer usti o‘tish yo‘llari muammolari qanday hal qilindi?” nomli material e’lon qilingan edi.
Sharhlar