2024/2025-o‘quv yili uchun kirish test sinovlari qanday o‘tmoqda / Anhor.uz reportaji

Foto: Anhor.uz

2024/2025-o‘quv yili professional va oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun test imtihonlari boshlandi. 14-iyul kuni start olgan davlat imtihonlariga joriy yilda 805 688 nafar abituriyent qatnashishi kutilmoqda. Bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 18 foizga kam.

Testlar 14-25 iyul kunlari 2 smenada 73 ta yopiq turdagi binolarida bo‘lib o‘tadi. Birinchi smena soat 8:00 da, ikkinchi smena soat 15:00 da boshlanadi. Ayni jarayonlar bilan tanishish maqsadida Anhor.uz kamera ob’yektivlarini UzEXPO markazida ketayotgan test sinovlariga qaratdik.

Abituriyentlardan test sinovlari boshlanishidan kamida bir yarim soat oldin pasport (ID) va abituriyent ruxsatnomasi bilan belgilangan hududga kelish talab etilmoqda. Ular imtihonga kirishdan avval maxsus xodimlar tomonidan tekshirilib, ortiqcha narsalar olib qo‘yiladi. Belgilangan vaqtdan kech qolgan abituriyentlar imtihonlarga qo‘yilmaydi.

Har bir abituriyentga uchta majburiy fanlarga oid testlarga javob berishi uchun 60 daqiqa, ikkita mutaxassislik faniga 120 daqiqa vaqt berilgan. Testlarga umuman uch soat beriladi.

Shuningdek, test imtihonlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan ob’yektlar qarshisida ota-onalar uchun kutish joylari tashkil qilinib, ular qulay o‘rindiqlar, sovitish moslamalar va soyabonlar bilan ta’minlanishi belgilangan. Kutish joylariga maxsus monitorlar qo‘yilib, test topshirish jarayonlarini jonli tarzda kuzatish imkoniyati ham ko‘zda tutilgan.

Abituriyentlarning shaxsiy buyumlari uchun ham maxsus burchaklar tashkil etilib, imtihonga kirishdan avval topshirilgan buyumlar test jarayonlaridan keyin qaytarib beriladi.

Imtihonlar 25-iyulgacha davom etadi.

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.