Tezlik cheklovlari: Toshkentdagi jamoat transporti haydovchilari uchun yangi talablar
Tezlik cheklovlari odatda yengil avtomobil haydovchilariga tegishli deb o‘ylaymiz. Biroq, Toshkentda jamoat transporti haydovchilari ham bu qoidalarga qat’iy rioya qilishlari talab etiladi. Shaharda avtobuslarning tezligi maxsus dastur orqali 50 km/soat bilan cheklanmoqda.
Bu tajriba Toshkentda birinchi marta joriy etilayotgani yo‘q. Shvetsiya, Niderlandiya, Yaponiya va Germaniya kabi davlatlar jamoat transporti xavfsizligini oshirish maqsadida tezlikni maxsus dasturlar orqali cheklash va YTHlarni kamaytirish borasida bir necha o‘n yillik tajribaga ega.
Shvetsiyaning Stokgolm shahri nisbatan kichik va aholi zich yashovchi shahar. 2013-yilda avtobuslar uchun tezlikni nazorat qilish tizimini joriy etish ko‘plab qulayliklarni yaratgan. Avtobuslar avtomatik ravishda yo‘llarda tezlik cheklovlariga rioya qilishga dasturlangan. Natijada, shahar ichida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan YTH soni kamaygan, avtobuslarning harakatlanish tartibi me’yorlashtirilgan va yo‘lovchilarga ko‘rsatiladigan xizmatlar sifati bir necha barobarga oshgan.
Yaponiyada esa jamoat transportida tezlik chegarasi joriy etilgandan keyin yo‘l-transport hodisalarining statistikasi sezilarli darajada yaxshilangan. 2010-yillarning boshida Yaponiyada jamoat transporti vositalari uchun o‘rtacha tezlik shahar hududlarida 60 km/soatni tashkil qilgan. Shu davrda avtobuslar ishtirokidagi yo‘l-transport hodisalari soni nisbatan yuqori bo‘lgan, ayniqsa piyodalar va boshqa yo‘l harakati ishtirokchilari bilan to‘qnashuvlar ko‘plab yo‘lovchilar uchun og‘ir oqibatlar bilan tugagan.
2015-yilda Yaponiyaning yirik shaharlarida jamoat transporti vositalarining tezligini 50 km/soat bilan cheklash choralari joriy qilindi. 2018-yilga kelib, ushbu cheklov kengroq tarqaldi va natijada yo‘l-transport hodisalari soni bir necha barobarga, jamoat transportlari bilan bog‘liq noxush hodisalar esa 20% qisqargani qayd etilgan.
Bu raqamlar shuni ko‘rsatadiki, tezlikni cheklash bo‘yicha amalga oshirilgan choralar Yaponiyada jamoat transporti xavfsizligini sezilarli darajada oshirgan va yo‘l-transport hodisalarini kamaytirishga xizmat qilgan. Bu tadbirlar jamoat transporti tizimini yanada xavfsiz va ishonchli qilishga yordam bergan.
Toshkentda tezlikni cheklash choralari qanday tashkil qilinmoqda?
Yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash va yo‘llarda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan favqulodda holatlarni oldini olish maqsadida, “Toshshahartransxizmat” AJning tasarrufidagi barcha avtobuslarda haydovchilarning tezlikni oshirmasliklari uchun maxsus dastur o‘rnatilmoqda. Bu dastur orqali avtobuslarning tezligi 50 km/soat bilan cheklanadi.
Avgust oyining avvalida boshlangan ishlar bugungachga AJ tasarrufidagi mavjud avtobuslarning 30%iga maxsus dastur o‘rnatilgan nuqtaga keldi. Qolgan qismi esa oktyabr oyiga qadar o‘rnatilishi rejalashtirilgan.
Mutaxassislarning fikricha, avtobuslar har oyda texnik ko‘rikdan o‘tish vaqtida dastur o‘rnatiladi, bu jarayon taxminan 1,5 soat davom etadi. Shu sababli, dastur o‘rnatish bir necha oyga cho‘zilishi mumkin.
Bu muddat davomida shahardagi avtobuslar harakatini “Toshshahartransxizmat” AJ Harakat xavfsizligini nazorat qilish boshqarmasi xodimlari reyd tadbirlari davomida nazorat qilmoqda.
*Reklama huquqi asosida
Sharhlar