Toshkent avtobuslari xorijlik sayyohlarga xizmat ko’rsata oladimi?

Foto: Anhor.uz

Statistika qo’mitasi ma’lumotlariga ko’ra, 2024-yilning yanvar-iyul oylarida jami 4 mln  242 ming 900 nafardan ortiq chet el fuqarolari turistik maqsadlarda O‘zbekistonga tashrif buyurgan.  Toshkent, respublikaning ma’muriy va madaniy markazi sifatida, avvalo sayyohlarning e’tiboriga tushishi tayin.

Poytaxtning transport tizimi, asosan, mahalliy aholining ehtiyojlarini qondirish uchun yoʻlga qoʻyilgan boʻlsa-da, so’ngi yillarda turistlar uchun ham imkoniyatlarni kengaytirishga qaratilgan bir qancha ishlar amalga oshirildi. Avtobuslarda asosan o’zbek va rus shuningdek, ingliz tillarida e’lonlar, eslatmalar va jamoat transportlaridan foydalanish qonun-qoidalar haqida ma’lumotlar keltirilgan boʻlib, bu xorijlik sayyohlar uchun transportdan foydalanishni yengillashtiradi. Biroq, hali barcha avtobuslarda bu qulaylik yetarli darajada emas.

Turistlar uchun eng muhim masalalardan biri — shahar boʻylab diqqatga sazovor joylarni qamrab olgan yoʻnalishlarni topishdir. Hozirda Toshkentda turistlar koʻproq 2- va 8-sonli yoʻnalishli avtobuslardan foydalanishadi. Ushbu yoʻnalishlar shahar markaziy hududlarini, koʻplab sayyohlik maskanlarini qamrab oladi. Masalan, “Amir Temur hiyoboni”, “Mustaqillik maydoni”, “Hasti Imom majmuasi” va “Temuriylar tarixi” davlat muzeyi kabi maskanlar bilan bogʻlangan marshrutlar sayyohlar uchun ayni muddao.

Toshkentda turistik ekskursiya uchun maxsus tashkil etilgan avtobus xizmatlari yo’lga qo’yilishi sayyohlar uchun ko’p qulayliklar orttiradi. Bu kabi xizmatlar, ya’ni shaharning eng mashhur joylarini qamrab oladigan “sightseeing” turdagi avtobuslarning kiritilishi turistlar oqimini boshqarish va ularning koʻchada uzoq vaqt sarflashiga yoʻl qoʻymasliklariga xizmat qildi.

Hozirgi kunda ayrim avtobus bekatlarida jamoat transporti yoʻnalishlari haqidagi axborotlar, interaktiv xaritalar yoki QR kodlar orqali yuklab olish mumkin boʻlgan mobil ilovalar mavjud. Bu sayyohlarga kerakli manzilga yetib borishda qoʻshimcha qulayliklar yaratadi. Lekin turistlarning ayrimlarida milliy operatorlarning simkartalari va mobil interneti yo’qligi sabab yoki ilovalardan foydalanishni bilmagan vaqtlarida avtobus haydovchilari-yu chiptachilar yordam beradi.

Toshkentda ATTO ilovasi orqali avtobusning harakatini kuzatib borish mumkin. Ushbu o’zbek, rus va ingliz tiladagi ilova  nafaqat turistlar, balki mahalliy aholiga ham katta yordam beradi. Biroq, sayyohlarda bu kabi ilovalar haqida maʼlumot yoʻqligi sababli, undan foydalanish imkoniyati pastligicha qolmoqda.

Toshkentda turistlar uchun infratuzilmani kuchaytirish boʻyicha baʼzi loyihalar ishlab chiqilmoqda, lekin ular hali toʻliq amalga oshmagan. Shaharni oʻz ichiga olgan keng koʻlamli turistik marshrutlarni tashkil qilish, Italya, Ispaniya, Fransiya, Turkiya kabi davlarlarda yo’lga qo’yilgan mobikl ilovalar singari sayyohlar uchun xorijiy tillardagi qoʻllanmalar, audio gidlar, elektron xaritalar va interaktiv yoʻnalish panellari yaratilsa, bu shahar uchun katta yutuq boʻladi.

 Ilhomjon Sobirov

*Reklama huquqi asosida

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.