Toshkent avtosaroylarida ish qanday ketyapti

Foto: Anhor.uz

Xitoydagi Pekin Xalq Transport Xizmati Markazi avtobus saroyi 1100 dan ortiq avtobuslarga xizmat ko‘rsatadi va u dunyodagi eng katta avtosaroylaridan biri. Xitoyliklar avtobusga toza, tezkor va arzon transport vositasi sifatida qaraydi. Negaki, avtosaroy ishi samarali tashkil etilib, avtobuslarga maxsus kirish va chiqish yo‘laklari hamda turar joylar ajratilgan. Texnik xizmat ko‘rsatish kuchli nazoratga olingan, transportlar muntazam ravishda tekshiriladi va ta’mirlanadi. Shuningdek avtobuslar kuniga 3 soat davomida tozalanadi va ularga texnik xizmat ko’rsatiladi. Elektrobuslarning to‘liq quvvat olishi uchun 8000 dan ortiq zaryadlash stansiyalari mavjud.

Xo‘sh, Toshkent avtosaroylarda ish qanday tashkil etilgan?  Bu savolga Anhor.uz 18-avtobus saroyi filialidan javob izladi.

Uchtepa tumanida joylashgan “Toshshahartransxizmat” AJning 18-avtobus saroyi filialida 240 ta avtobus 24 ta yo‘nalishda shaharning 9 ta tumanini bir-biriga bog‘laydi. Unda umumiy hisobda 900 ga yaqin xodimlar faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, ulardan 550 nafari haydovchilar, 160 nafari chiptachilar va qolgan 190 kishini texnik hamda boshqa kasb egalari tashkil qiladi.

Filialda haydovchi va chiptachilar soat 4:00 dan xalq xizmatiga hozirlik ko’radilar. Avvaliga IIBB YHXB xodimlari va Transport nazorati inspeksiyasi inspektorlaridan tashkil topgan ishchi guruh avtobuslar faoliyatini yaxshilash va nazorat qilish yuzasidan haydovchilar bilan suhbat o‘tkazib, yo‘llarda qoidalarga amal qilgan holda harakatlanish, yo‘lovchilarga xushmuoma bo‘lish, belgilangan tartib-qoidadan chetlashmaslik haqida eslatma beradi.

Nozimxonaga kelgan haydovchilar ism-familyasi, ish vaqti, yo‘nalish tartibi va qatnovlar soni yozilgan elektron yo‘l varaqasini qabul qiladi. Keyingi bosqichda hamshira haydovchilarning salomatligi, ruhiy holati, tashqi ko‘rinishini ko‘rib, tibbiy ko’rik va alkotestdan o‘tkazadi hamda ishga tayyor degan xulosaga kelganidan so‘ng yo‘lga chiqishga ruxsat beradi.

Avtobusga o‘tirishdan oldin haydovchilar g‘aznaga borib belgilangan tartibda elektron yo‘l varaqasi bilan ro‘yxatdan o‘tadi. Transportni qabul qilish bosqichida har bir haydovchiga transportning texnik holati soz yoki nosoz ekanligini tekshirish uchun 20 daqiqa vaqt beriladi.

Yo‘lga chiqishdan oldin avtobuslarni IIBB YHXB xodimlari, ransport nazorati inspeksiyasi inspektorlaridan tashkil topgan ishchi guruh va avtobus saroyining navbatchi mexaniklari tekshiruvdan o‘tkazadi. Unda avtobusning texnik holati, moy oqmayotgani, balonlari, sovutgichlarning sozligi, tungi va burilish chiroqlari ishlayotgani ko‘zdan kechiriladi va haydovchilar yo‘nalishlarga ketadi.

114- avtobus haydovchisi Shukurillo Nuraliyev ham ikkii yildan buyon aynan 18-avtobus saroyidan shu tartibda yo‘nalishga chiqadi. Ibn Sino 1 mavzesidan to Qushbegi to‘qimachilik mavzesiga qadar har bir bekatlarda to‘xtab yo‘lovchilarga xushmuomalalik bilan xizmat qiladi. Bundan o‘zi ham fuqarolar ham mamnunligini bildirdi.

Shukurillo Nuraliyev – haydovchi

“Odatda 7:10 dan 20:30 gacha yo‘lovchi tashiman. Har ish kuni belgilangan masofaga o‘rtacha 10-12 ta marta qatnayman. Ishim qiyin emas. Faqat yo‘ldagi tirbandlik va tartibsiz haydovchilarning “sho‘x”ligi charchatadi, ishimizga halal beradi.”, – deydi Nuraliyev.

Yo‘nalishdan qaytgan avtobuslar avval navbatchi mexaniklar tomonidan tekshirilib, avtobuslarni yuvish markaziga yuboriladi. Maxsus xodimlar avtobuslarning ham tashqi ham ichki qismini yuvib, tozalaydi. Elektrobuslar quvvatlash uchun elektr manbaiga ulanadi. Avtobuslar ertangi ish kuniga tayyor.

Haydovchilarning yana bir vazifasi kun davomida naqd pul orqali yo‘l haqi to‘lovini amalga oshirgan yo‘lovchilardan yigʻilgan pul va yo‘l varaqasini g‘aznaga topshirish. U yerda g‘azna xodimlari yo‘l haqqini sanab, qabul qilishadi.

Umuman olganda 18-avtosaroy avtobuslari har kuni o‘rtacha 200 minga yaqin yo‘lovchini tashiydi. Bu raqamlar kundan-kunga o‘smoqda, chunki xizmat sifati ko‘tarilmoqda va shu sababli yo‘lovchilar soni ham ortib bormoqda.

*Reklama huquqi asosida

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.