Toshkentda jamoat transportiga ehtiyoj ortmoqda, uning afzalliklar nimada
Istalgan yo‘lovchini o‘z manziliga tez, xavfsiz va arzon yetkazishda jamoat transportlari katta ahamiyat kasb etadi. Bu vazifani poytaxtda “Toshshahartransxizmat” AJ mas’uliyat bilan bajarib kelmoqda. 8 ta avtobus saroylari, 1 ta xususiy korxona hamda 2 ta yuridik maqomga ega unitar korxona tarkibiga ega “Toshshahartransxizmat”da 1660 ta avtobus 163 ta yo‘nalishda yo‘lovchilarni manziliga yetkazish bilan band. AJ va 8 ta avtobus saroylarida 2024-yil 31-may holatiga ko‘ra 5880 nafar ishchi-xodimlar fuqarolarga xizmat ko‘rsatib kelmoqda.
Poytaxt ko‘chalarida jamoat transportlaridan foydalanuvchilar sonini orttirish va kengroq qulayliklar yaratish maqsadida bir-birini takrorlovchi yo‘nalishlar sonini kamaytirish hamda optimallashtirish natijasida o‘rtacha masofa 18 kmdan 12 kmga qisqartirildi. O‘tgan vaqt davomida umumiy hisobda foydalanilgan 2 666 km yo‘l 2 962 kmga oshganiga qaramasdan jamoat transportiga maxsus yo‘laklar ajratilishi hisobidan o‘rtacha tezlik 18 km/soatdan 21 km/soatga ya’ni 116,6 foizga ko‘tarilishiga erishildi.
Amalga oshirilgan ishlar ko‘lamiga qarab yo‘lovchilar tashish hajmi ham oshgan. Agar raqamlarga e’tibor beradigan bo‘lsak, 2021-yildagi natijalar 2023-yilga kelib qariyb 100 mln kishiga farq qilmoqda.
2024-yilning I choragida esa jami 77 million nafarga yaqin yo‘lovchi jamoat transportlarida o‘z manziliga yetkazilgan.
AJ mutaxassislarining bergan ma’lumotlariga qaraganda, bugungi kunda poytaxtda 1 mln transport harakatlanadi. Shaharda amalga oshiriladigan 6 mln tashuvlarning 2 mlnni aynan jamoat transportlari hissiga to‘g‘ri keladi. 950 mingdan ortiq doimiy ro‘yxatdagi va 500 ming kunlik kelib ketadigan yengil avtomobillar, kuniga 4 million yo‘lovchini manziliga yetkazadi. Agar qatnovlardagi yo‘lovchilar soniga nazar soladigan bo‘lsak, bir vaqtning ichida yengil avtomobillar va shaxsiy avtomobil haydovchilari bilan birga hisoblaganda o‘rtacha 1,8-2 nafar yo‘lovchi tashiladigan bo‘lsa, jamoat transportlari o‘rtacha hisobda bir kunda 700 nafardan ziyod yo‘lovchilarni tez, xavfsiz va qulay sharoitda, manzillariga yetkazadi. Aynan jamoat transportlarining afzallik tomonlari ham shu.
Kunlik harakatlanishda aholining shaxsiy transportdan foydalanishi yo‘llarda avtomobillar sonini ortib borishiga, bu esa o‘z o‘rnida tirbandliklarni ko‘payishiga va ko‘chalardagi transport harakat tezligini pasayib borishiga, odamlarning kundalik ishga, o‘qishga borib kelishiga sarflayotgan vaqtlarini ortib borishiga olib kelmoqda, bu holat ayniqsa oxirgi 3-4-yilda sezilarli darajaga ko‘tarildi. Uch yil oldin ishga o‘qishga yarim soatlarda yetib oladiganlar hozirda yo‘lga 50-60 daqiqa sarflashyapti.
Hozirda umumiy transportda harakatlanishning 70% yengil transportda amalga oshirilayotgani tirbandliklarning asosiy sabablaridan biri deya hisoblash mumkin.
Aholini harakatlanishga bo‘lgan ehtiyojlarini, sifatli xavfsiz qulay transport xizmatlari taklifi orqali qondirish, tirbandliklardan ko‘rilayotgan zararlarni kamaytirishga, asosan, jamoat transporti qulayligini oshirish, muntazamligi va ishonchliligini ta’minlash orqali erishiladi.
Bu o‘rinda poytaxtda o‘tgan ikki yilda qarib 1400 ta harakat tarkibi to‘liq yangilandi, bir vaqtda tashuv quvvati katta va o‘ta katta avtobuslar hisobiga qariyb ikki barobarga oshirildi, natijada ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati, tizim qulayligi, jozibadorligi yaxshilandi. Yo‘nalishlar tarmog‘ini metro liniyalari bilan bog‘liqligini ta’minlash, transport transportga o‘tishda imtiyozlar berayotgan tariflarni joriy etilishi, poytaxt jamoat transportidan (avtobus metro) foydalanuvchilar ulushini 2021-yildagi umumiy kunlik 800 mingdan 2024-yilda 2,1 millionga ko‘tarilishiga sabab bo‘ldi. Shu o‘rinda birgina 2023-yilda 2022-yilga nisbatan qariyb faqat avtobuslarda 100 mingga yaqin yo‘lovchi tashildi.
Kunlik harakatlanishga bo‘lgan ehtiyojning 31% metro va atigi 1600 ta avtobuslarda tashilayotgani, jamoat transporti samaradorligi bo‘yicha katta potensialga egaligini ko‘rsatadi aslida.
Rejalarga ko‘ra avtobuslar alohida yo‘laklarini barcha asosiy ko‘chalarda joriy etilsa, chorrahalarda avtobuslar harakat ustuvorligi ta’minlansa, bekatlar talab darajasiga keltirib rekonstruksiya qilinsa, avtobuslarni qatnov vaqtlari tejalishiga, o‘rtacha harakat tezligi yaxshilanishiga, bu esa harakat tarkibidan foydalanish samaradorligini oshirilishiga olib keladi, Bugun avtobuslar ko‘p joylarda tirbandlik, bekatlarga kirib chiqish, chorrahalardagi noqulay burilish joylari kabi texnik sabablarga ko‘ra katta vaqtlarini yo‘qotmoqda. Shu joylarda avtobuslar uchun harakat ustuvorligi ta’minlanganda ularni o‘rtacha harakatlanish tezligi yengil transportdan yuqori bo‘lishi, bu esa jamoat transporti jozibadorligini yanada oshirishi tayin.
Jamoat transporti infratuzilmasini yanada rivojlantirish orqali tizim samaradorligini yaxshilashga, yo‘lovchilar sonini kamida ikki barobarga oshirishga erishish mumkin, bu esa o‘z o‘rnida tashuvlardagi jamoat transporti ulushini 50% ga yetkazishga imkon beradi. Endi tasavvur qiling, hozirda harakatlanayotgan yengil transportlardan qariyb, 500 ming harakatlanish bir kunda kamayadi, natijada ko‘cha yo‘l tarmog‘iga tushayotgan yuklamani kamayishiga, bu esa o‘z o‘rnida tirbandliklardan ko‘rilayotgan zararni kamaytirilishiga olib keladi.
Jamoat transportlarining samaradorligini oshirish, aholining shaxsiy avtomobillardan foydalanishini tartibga solish orqali mavjud talabning 50 foizini qamrab olish imkoniyati yaratilsa, shahar ko‘chalarida yengil avtomobillar bilan bog‘liq tirbandliklar bartaraf etilib, harakatlanish tezligi ortadi, aholining vaqti tejaladi va ortiqcha energiya resursi tejab qolinadi. Eng muhimi esa poytaxtda avtomobillar sonining kamayishi bilan havoning tozaligi ham ortadi. Sababi avtomobillar tomonidan foydalanilayotgan yoqilg‘ilarning atiga 20 foizdan oshiq qismi energiyaga aylanadi xolos. Qolgani esa havoga zaharli gaz holatida ajralib chiqadi. Bu borada Anhor.uz aholi murojaatlarini tinglashda va mutasaddilar bilan doimiy hamkorlik qilib, mavjud jarayonlar haqidagi xolis axborot yetkazishda davom etadi.
Kelgusi materialimizda “Poytaxt jamoat transportlarining narxlar borasidagi imtiyozlari va qulayligi haqida” fikr yuritamiz.
Sharhlar