“Toshshahartransxizmat” yangi o‘quv yiliga tayyor(mi)?
Yana bir o‘quv yili bo‘sag‘asida turibmiz. Maktab o‘quvchilaridan tortib, oliy ta’lim muassasalari talabalarigacha yozgi ta’tilni yakunlab, ta’lim olishga shaylangan. Huddi, Asal Abatova singari. U uzoq viloyatdan o‘qish uchun poytaxtga keladi. 3-kurs talabasi bo‘lgan qahramonimizning darslarga kechikish, avtobus kutish va tiqilinch kabi muammolar bilan yuzma-yuz kelishi endi ortda qolmoqda. Chunki…
Bu muammolardan mas’ullar, xususan, “Toshshahartransxizmat” AJ yaxshi xabardor va ular yangi o‘quv yiliga tayyorgarlikni allaqachon boshlab yuborishgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi uch yilda poytaxt aholisi soni 15 foizga (385 ming), avtomobillar 29 foizga (172 ming), oliy ta’lim muassasalari soni esa qariyb 1,7 barobarga (34 ta) o‘sgan. Shunga ko‘ra talabalar soni ham 2 barobar ko‘payib, qariyb 210 ming nafardan oshgan. Bu esa arzon, qulay va doimiy jamoat transportiga bo‘lgan talabning oshishini anglatadi.
Shu sababli “Toshshahartransxizmat” tomonidan poytaxt bo‘yicha jami 163 ta avtobus yo‘nalishi tashkil etilgan bo‘lib, ulardan 95 tasi Toshkent shahridagi 34 ta oliy ta’lim muassasalari joylashgan hududlarni kesib o‘tadi. Ushbu yo‘nalishlarda 11 ta o‘ta katta sig‘imli, 72 ta katta sig‘imli va 12 ta o‘rta sig‘imli avtobuslar harakat qiladi. Kunlik yo‘nalishlarga umumiy hisobda 1556 ta avtobuslar harakatgga chiqarilsa, shundan 1037 tasi ta’lim muassasalari yo‘nalishlarida xizmat ko‘rsatadi. Qatnovlar orasidagi intervallar o‘rtacha 8-12 daqiqa bo‘lib, bu bekatlarda uzoq kutishlarning oldini oladi.
Yo‘nalishlarda xizmat ko‘rsatuvchi avtobus saroylari o‘quv yili boshlanishidan oldin avtobuslardagi kamchiliklarni bartaraf qiligan holda ta’mirlash ishlarini boshlagan. Ularning sanitar holati ko‘zdan kechirilgan holda mavjud kamchiliklari bartaraf etilmoqda. Texnik nosozliklar tufayli yo‘ldan qolgan avtobus va elektrobuslarni tezkor ta’mirlash uchun “Toshavtota’mirxizmat” unitar korxonasi tomonidan maxsus “Texnik yordam” avtotransportlari tashkillashtirildi. Bundan tashqari, avtobuslar harakatini nazorat qilish va muvofiqlashtirish uchun “IVMS” yagona intellektual transport tizimi joriy etildi.
Ushbu avtomatlashtirilgan dispetcherlik boshqaruvi avtobuslarning harakat jadvallarini shakllantirish, yo‘nalish intizomini monitoring qilish, haydovchilarning ishini nazorat qilish va tizim texnik vositalarini masofaviy kuzatish imkonini beradi. Shu bilan birga, bekatlarga avtobuslarning kelish vaqtlarini real vaqt rejimida ko‘rishlari mumkin bo‘ladi.
Avtobus saroylarida korxona resurslarini boshqarish uchun ERP tizimi to‘liq joriy etildi. Bu tizim orqali ish joylarini avtomatlashtirish, HRM inson resurslarini hisobga olish va boshqarish hamda yoqilg‘i-moylash, ehtiyot qismlar xarajatini nazorat qilish, elektron to‘lov tizimi АTTO orqali pul tushumlarini nazorat qilish va tahlil qilish imkoniyati yaratildi.
Shuningdek, ushbu tizim orqali haydovchilar tomonidan sodir etilgan yo‘l-transport hodisalari tahlili, qoidabuzarliklar statistikasi, pul tushumlarining shaffofligini nazorat va tahlil qilish, yo‘lovchi oqimi to‘g‘risidagi aniq ma’lumotlarni kuzatish imkoniyati mavjud.
Demak, yangi o‘quv yilida qahramonimiz Asal kabi boshqa talabalar hamda maktab o‘quvchilari yo‘llarda transport yetishmovchiligi, tirbandlik va avtobuslar kechikishi kabi muammolardan aziyat chekmay, xavfsiz, qulay va hamyonbop jamoat transporti xizmatidan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Biz esa o‘z kuzatuvlarimizni davom ettiramiz.
Ilhomjon Sobirov
*Reklama huquqi asosida
Sharhlar