Ukrainadagi urush O‘zbekiston va YEI o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikka qanday ta’sir ko‘rsatdi
So‘nggi yillarda O‘zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi munosabatlar hamjamiyat darajasida ham, alohida davlatlar darajasida ham jadal rivojlanmoqda. Ukrainada urush boshlanganidan keyin va Rossiyaga qarshi sanksiyalar joriy etilganidan buyon O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik qo‘shimcha turtkiga ega bo‘ldi, chunki tomonlar bir-biri bilan hamkorlik qilishning o‘zaro manfaatli ekanini anglab yetdi. Shu fonda O‘zbekiston Yevropa davlatlari bilan nafaqat iqtisodiy, balki siyosiy masalalarda ham munosabatlarni faollashtirdi, nozik jihatlarga to‘xtaldi, masalan, O‘zbekiston rasmiylarining sanksiyaga kiritilgan tovarlarni Rossiyaga reeksport qilishga bo‘lgan urinishlarga qarshiligi.
Yevropaga darcha
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2017 yilda hokimiyatga kelganidan so‘ng O‘zbekiston dunyoga yanada kengroq ochila boshladi. Bu boradagi harakatlar asosan, 2005 yilgi Andijon voqealaridan keyin respublika o‘zini-o‘zi yopib qo‘yganidan keyin, Amerika Qo‘shma Shtatlari va Yevropa davlatlari bilan munosabatlarni yumshatishga qaratildi.
Aloqalarni tiklash uchun O‘zbekiston o‘z niyatlarining jiddiyligini G‘arb jamoatchiligiga ko‘rsatish uchun bir qancha siyosiy yon bosishlarga borishga majbur bo‘ldi. Masalan, O‘zbekiston hukumati bir nechta siyosiy mahbusni ozod qildi, minglab mahkumlarni birinchi marta afv etdi, shuningdek, mashhur «Jasliq» koloniyasini yopib qo‘ydi, bu Yevropa Ittifoqi tomonidan ijobiy baholandi.
Sanksiyalarni bekor qilish uchun O‘zbekiston paxta terimida majburiy mehnatga, jumladan, bolalar mehnatiga qarshi kurashish jarayonini boshladi. Shunday qilib, Xalqaro mehnat tashkiloti 2021 yilgi paxta terimiga jalb etilganlarning 99 foizi ixtiyoriy ravishda mehnat qilganini qayd etdi. Shu asosda 2022 yilda Cotton Campaign xalqaro koalitsiyasi Mehnat vazirligi 2020 yildan beri intilib kelayotgan O‘zbekiston paxtasiga boykotni bekor qildi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Yevropa Ittifoqi bilan iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirishga intildi. 2018 yilda tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev O‘zbekistonga ko‘proq tovarlarni bojsiz olib kirish imkoniyatining joriy etilishi Yevropa Ittifoqi bilan savdo shartlarini yaxshilashga qaratilgan qadamlardan biri bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi. O‘zbekiston 6200 dan ortiq tovarlarni bojsiz olib kirishga ruxsat beruvchi Umumiy imtiyozlar tizimi (GSP+) doirasida Yevropa Ittifoqining ko‘proq bir tomonlama tarif imtiyozlarini olishni mo‘ljallamoqda. Bunga javoban O‘zbekiston inson huquqlari, mehnat sharoitlari va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha 27 ta xalqaro konvensiyani amalga oshirish majburiyatini olgan.
2020 yil 30 noyabr kuni Yevropa komissiyasi O‘zbekistonga GSP+ umumiy imtiyozlar tizimining benefitsiari maqomini berish bo‘yicha muddatidan oldin qaror qabul qildi. Xususan, Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen inson huquqlari va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi 27 ta xalqaro konvensiya qoidalarining O‘zbekiston tomonidan bajarilishi, mehnat standartlariga rioya qilish va yaxshi boshqaruv yuzasidan monitoring guruhlari hisobotlari asosida ijobiy qaror qabul qilinganini ta’kidladi. Natijada O‘zbekiston Yevropa Ittifoqiga bojsiz olib kirishi mumkin bo‘lgan tovarlar soni ikki baravarga ko‘paydi – 3000 tadan 6200 tagacha. 2021 yil 10 apreldan boshlab respublika GSP+ umumiy imtiyozlar tizimi doirasida rasman benefitsiar davlatga aylandi.
2019 yilda O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida 1996 yilda imzolangan amaldagi Sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi Bitim o‘rnini bosuvchi Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi yangi Bitim bo‘yicha muzokaralar jarayoni boshlandi. 2022 yil iyun oyi oxirida tomonlar muzokaralarning o‘n raundi va turli darajadagi 150 dan ortiq uchrashuvlar o‘tkazgan holda muzokaralarni yakunladi. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining ta’kidlashicha, yangi kelishuv savdo, bojxona ma’muriyati, texnik jihatdan tartibga solish, sanitariya va fitosanitariya choralari, raqobat va nizolarni hal etish bilan bog‘liq qoidalarni qamrab oladi.
“Kelishuv endi doiraviy emas, balki O‘zbekiston va YEI o‘rtasidagi har tomonlama hamkorlik, jumladan, savdo-iqtisodiy hamkorlik sohasida ham to‘laqonli mexanizmni yaratadi”, — deya qayd etadi vazirlik.
2022 yil iyul oyida O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni dastlabki imzolashni amalga oshirdi. Biroq, ushbu material tayyorlanayotganda, hujjat imzolanmagan edi. Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel Shavkat Mirziyoyev bilan sentyabr oyida Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda tomonlar o‘rtasida kelishuv imzolanishi va amalga oshirilishiga umid bildirdi. Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va Italiya prezidenti Serjio Mattarella respublikaga tashrifi chog‘ida O‘zbekiston Yevropa Ittifoqi bilan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi Bitimni tezroq imzolash tarafdori ekanini ochiq aytishdi.
Yevropa Ittifoqi bilan faollashgan hamkorlik natijasida O‘zbekistonning Yevropa davlatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi olti yil ichida 2016 yildagi 1,98 milliard dollardan 2022 yilda 4,5 milliard dollargacha, ya’ni ikki baravardan ziyod o‘sdi. Misol uchun, Germaniya bilan tovar ayirboshlash hajmi o‘tgan yili ikki barobar ortib, 1 milliard dollardan oshdi. Bugungi kunda O‘zbekiston iqtisodiyotining turli tarmoqlarida Yevropa kompaniyalari ishtirokidagi investitsiya loyihalari portfeli 20 milliard yevrodan ortiqni tashkil etadi, ularning yarmi Germaniya kompaniyalariga to‘g‘ri keladi.
2022 yil 24 fevraldan keyin
Ukrainada urush boshlanganidan keyin, bu holat Yevropa davlatlari, AQSH va boshqa rivojlangan davlatlar Rossiyaga qarshi ko‘plab sanksiyalarni joriy qilishiga olib keldi, bu aslida Moskva bilan iqtisodiy va siyosiy aloqalarning uzilishini belgiladi. Shu fonda har ikki tomon bilan hamkorlik qilgan O‘zbekiston o‘zining milliy manfaatlariga mos keladigan optimal muvozanatni topishga harakat qildi. Bir tomondan, qulay logistika, infratuzilmaning mavjudligi va Yevropa kompaniyalarining ochiq vakolatxonalari tufayli O‘zbekistonning Yevropa davlatlari bilan hamkorligi doimo Rossiya orqali o‘tib kelgan, bu esa hozirgi voqelikda imkonsiz bo‘lib qoldi. Boshqa tomondan, O‘zbekiston Rossiya bilan barcha sohalarda yaqin aloqalarga ega, shuning uchun ham Toshkent uchun Moskva bilan yaxshi munosabatlarni davom ettirish muhim edi. Bunday sharoitda O‘zbekiston Rossiya hududini chetlab o‘tib, Yevropa bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri va mustaqil hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi kerak edi.
Yevropa va Rossiya o‘rtasidagi ziddiyatda O‘zbekiston hech bir tomonni qo‘llab-quvvatlamay, neytral pozitsiyani egalladi, buning natijasida respublika har ikki sherik bilan hamkorlikdan foyda ko‘rdi. Shu bilan birga, Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston va boshqa Markaziy Osiyo davlatlariga Rossiya bilan hamkorlikdan voz kechishga majburlash uchun bosim o‘tkazmadi. Biroq Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyoga o‘z iqtisodiyotini diversifikatsiya qilish va Rossiyaga bilvosita qaramligini kamaytirishga yordam berish niyatida ekanini ochiq e’lon qildi. Bundan tashqari, Yevropa mintaqa davlatlari Yevropa iqtisodiyoti uchun ta’sirchan bo‘lgan ba’zi sohalarga, xususan, energetika sohasida Rossiyaning o‘rnini bosa oladi, deb ishondi.
Shavkat Mirziyoyev 2022 yil oktyabr oyida Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” formatidagi delegatsiyalar rahbarlarining uchrashuvida Yevropa Ittifoqi bilan iqtisodiy va savdo hamkorlik masalalarini ko‘targan edi. Masalan, prezident Markaziy Osiyoga Yevropa texnologiyalari va sarmoyalari, shuningdek, Yevropa bozoriga chiqish uchun transport-logistika yo‘laklarini rivojlantirish zarurligini ta’kidladi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston alohida Yevropa davlatlari darajasida hamkorlikni faol rivojlantirdi. 2022 yil noyabr oyi oxirida O‘zbekiston prezidenti Fransiyaga rasmiy tashrif bilan borib, u yerda prezident Emmanuel Makron bilan uchrashdi. Safar oldidan ikki tomonlama biznes-forumda 6 milliard yevrolik shartnomalar imzolandi. Muzokaralar natijasida tomonlar 14 ta ikki tomonlama hujjatni tuzdilar, ulardan biri Fransiya taraqqiyot agentligi bilan infratuzilma, yashil energetika va qishloq xo‘jaligiga 1 milliard yevrolik sarmoya kiritish bo‘yicha kelishuv bo‘ldi. Bundan tashqari, Fransiyadan 815 million yevroga samolyot sotib olish, Voltalia kompaniyasi tomonidan O‘zbekistonda quyosh-shamol elektr stansiyasini qurish, Orano va «Navoiyuran» o‘rtasida strategik hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlar ham bor. Shuningdek, prezident va Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev fransuz biznesini O‘zbekistonga yanada faol sarmoya kiritishga chaqirdi.
Oradan bir yil o‘tmay, 2023 yilning noyabrida Emmanuel Makron Shavkat Mirziyoyevning shaxsiy taklifiga binoan ilk bor O‘zbekistonga uchib keldi. Tashrifning asosiy natijasi biznes hamkorligini rivojlantirish maqsadida qo‘shma savdo palatasining ishga tushirilishi va Toshkentda Business France agentligi vakolatxonasining ochilishi bo‘ldi. Tomonlar, shuningdek, sakkizta ikki tomonlama hujjat, jumladan, O‘zbekistonning ichimlik suvi ta’minoti infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha hukumatlararo moliyaviy protokollarni ham tuzdilar. Bundan tashqari, fransuz biznesi respublikada yangi investitsiya loyihalarini e’lon qildi:
Voltalia ikkita yangi elektr stansiyasini quradi;
Lactalis kompaniyasi Namanganda yangi ishlab chiqarish korxonasini ishga tushiradi;
Semmaris Samarqand, Andijon va Toshkent viloyatida zamonaviy agrotexnika majmualarini quradi;
Orano O‘zbekistonda uran qazib olish va qayta ishlashga 500 million dollargacha sarmoya kiritadi;
Meridiam “Yangi Toshkent” qurilishi doirasida bir qator infratuzilma loyihalarini amalga oshirishi mumkin;
Boehringer Ingelheim birgalikda onkologik preparatlar ishlab chiqarishni tashkil etishni rejalashtirmoqda.
2023 yil may oyida Shavkat Mirziyoyev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Germaniyaga jo‘nab ketdi va u yerda kansler Olaf Shols bilan uchrashdi. Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar iqtisodiyot, savdo, moliya, ta’lim, fan va innovatsiyalar sohalarida 16 ta ikki tomonlama hujjatni imzoladilar. Ikki tomonlama biznes-forumda «yashil» energetika, kimyo sanoati, farmatsevtika, transport va qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish sohalariga taalluqli bo‘lgan savdo-sotiq, sarmoyaviy va texnologik bitimlar hajmi 9 milliard yevroni tashkil etdi. O‘zbekiston KfW, Deutsche Bank va Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati bilan respublikadagi nemis biznesiga yordam berish to‘g‘risida kelishib oldi.
Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, O‘zbekiston mamlakatda faoliyat yuritish istagida bo‘lgan nemis tadbirkorlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilishiga ishontirdi. Bundan tashqari, Siemens Energy bir nechta yangi elektr stansiyalarini qurishni rejalashtirgan va Germaniyaning Infineon kompaniyasi respublikada mikrochiplar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni maqsad qilgan. Bundan tashqari, Germaniya O‘zbekistonni Germaniya hukumati imtiyozli sarmoya kafolatlari orqali iqtisodiy hamkorlikni rag‘batlantiradigan 34 ta davlat ro‘yxatiga kiritdi va sentyabr oyida tomonlar Gamburgda qo‘shma iqtisodiy palata tuzishga kelishib oldilar.
2023 yil iyun oyida O‘zbekiston prezidenti Italiyaga tashrif buyurib, Bosh vazir Jorjia Meloni bilan uchrashdi. Tashrif arafasida ikki tomonlama biznes-forumda tomonlar umumiy qiymati 9 milliard yevrodan ortiq shartnoma va bitimlar tuzdilar, shundan Italiya 2,2 milliard yevrodan ortig‘ini O‘zbekistondagi energetika loyihalari uchun kredit sifatida ajratdi. Muzokaralar natijasida, jumladan, sanoat mulki va qishloq xo‘jaligi sohalarida 11 ta davlatlararo hujjat imzolandi. Shuningdek, Mirziyoyev Milanda Italiyaning 25 nafar yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashdi, unda italiyalik investorlar «O‘zmetkombinat» aksiyadorlik jamiyati ishlab chiqarish quvvatini oshirish hamda Turin politexnika universiteti bilan birgalikda 2024 yilda Toshkentda Italiya texnologiyalari va innovatsiyalari markazini ochishni taklif qildi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Vilnyus va Barselonada o‘z savdo uylarini ochdi. Xususan, Ispaniya vakolatxonasi orqali O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlari eksportini yo‘lga qo‘yish rejalashtirildi.
YETTB faoliyatini kuchaytirish
Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki O‘zbekistonda 1993 yilda respublikani bozor iqtisodiyotiga o‘tishda va yangi xususiy sektorni yaratishda qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘z faoliyatini boshlagan. Amalga oshirilgan birinchi loyiha 1996 yil sentyabr oyida Sirdaryo viloyatidagi elektr stansiyasini qayta tiklash bo‘lib, buning uchun bank tomonidan 22 million yevro ajratildi, bu mablag‘ qurilish ishlarining yarmidan ko‘pini qopladi.
Umuman olganda, 2007 yilgacha YETTB davlat hamkorlari bilan emas, balki xususiy sektor bilan ishlashga ustuvor ahamiyat berib, 17 ta loyihani amalga oshirdi. Biroq 2010 yildan boshlab YETTB O‘zbekistondagi faoliyatini to‘xtatdi. Masalan, Andijon voqealaridan keyin va o‘z faoliyati to‘xtatilgunga qadar bank KDB Bank va Hamkorbank ishtirokida atigi ikkita loyihani amalga oshirgan.
2017 yil sentyabr oyida – o‘n yillik tanaffusdan so‘ng – YETTB Samarqand viloyatida zamonaviy ombor qurish loyihasini ma’qulladi va buning uchun 10 million dollar ajratdi. 2017 yil oxiriga kelib YETTB yana oltita investitsiya loyihasini tasdiqladi. O‘sha yilning oktyabr oyida Yevropa banki prezidenti Suma Chakrabarti Shavkat Mirziyoyevga murojaat yo‘llab, unda o‘sha yilning noyabr oyida YETTBning Toshkentda vakolatxonasi ochilishini ma’lum qiladi.
2023 yil sentyabr oyi oxirida YETTBning O‘zbekistondagi loyihalari soni 146 taga yetdi, ulardan 82 tasi faol. Bankning jami investitsiyalari hajmi qariyb 4,5 milliard yevroni tashkil etadi, shundan 2,5 milliard yevro barqaror infratuzilma (77 foiz), moliya institutlari (16 foiz), shuningdek, sanoat, savdo va agrobiznes (7 foiz) sohasidagi faol loyihalarga to‘g‘ri keladi. YETTB portfelidagi loyihalarning yarmidan ko‘pi xususiy sektor bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. 2017 yildan 2022 yilgacha bankning yillik investitsiyalar hajmi 12 baravardan ortiq – 69 million yevrodan 839 million yevrogacha, loyihalar soni esa to‘rt barobarga – 6 tadan 26 taga oshdi.
Hamkorlik yo‘lidagi to‘siqlar
O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqining siyosiy irodasiga qaramay, ular o‘rtasidagi iqtisodiy va savdo hamkorligi bir qator obyektiv cheklovlarga duch kelmoqda. 2023 yil iyun oyida Shavkat Mirziyoyev “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” ikkinchi sammitida so‘zlagan nutqida Yevropa bilan tovar ayirboshlash hajmining o‘sishiga to‘sqinlik qilayotgan muammolarga to‘xtalib o‘tgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston eksportchilari Yevropa bozoriga umumiy qiymati 4 milliard yevro bo‘lgan 500 dan ortiq tovarni yetkazib berishga tayyor.
Birinchidan, bunga Markaziy Osiyoda Yevropa Ittifoqi talablariga muvofiq zamonaviy laboratoriyalar va standartlashtirish va sertifikatlashtirish markazlarining yo‘qligi to‘sqinlik qilmoqda. Masalan, O‘zbekiston ushbu muammoni hal qilish uchun Chexiya bilan kelishib oldi, bu mahalliy tovarlarni Yevropa standartlari bo‘yicha sertifikatlashda yordam beradi. Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, Yevropa Ittifoqi bilan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzolash muhimligini ta’kidlab, mintaqadagi eksportchi va importchilarni qo‘llab-quvvatlash dasturini ishlab chiqishni taklif qildi.
Ikkinchidan, prezident transport-logistika sohasidagi qiyinchiliklarni qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Transkaspiy tranzit yo‘lagini takomillashtirish zarur, uni rivojlantirish uchun kelishilgan yondashuv mavjud emas. Bundan tashqari, Mirziyoyev ushbu avtomagistraldagi tarif va to‘lovlar muqobil yo‘laklarga qaraganda bir yarim baravar yuqori ekanligini ta’kidladi. Davlat rahbari 2022 yilning noyabr oyidayoq Transkaspiy multimodal koridorini Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun jahon bozorlariga chiqish uchun eng qulay yo‘l deb atagan edi.
O‘z navbatida, Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili Jozep Borrel Markaziy Osiyoga Rossiya hududini chetlab o‘tuvchi yangi transport yo‘laklarini qurishni qo‘llab-quvvatladi. Yevropa Ittifoqi TIV rahbari mavjud transport yo‘nalishlari yetarli darajada ishlab chiqilmagani, shu bois mintaqa mamlakatlarida Rossiyani chetlab o‘tib Yevropa bozoriga chiqishning maqbul yo‘nalishlari yo‘qligini ta’kidladi. Shuningdek, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi mahalliy eksportchilar uchun seminarlar o‘tkazmoqda, ularda Yevropa bozoriga qanday to‘g‘ri chiqish yo‘llari tushuntirilmoqda.
Uchinchidan, Shavkat Mirziyoyev Yevropa davlatlari bilan sarmoyaviy hamkorlikka to‘xtaldi. O‘zbekistonda yevropalik biznes vakillari ishtirokidagi loyihalar portfeli 20 milliard yevrodan oshganiga qaramay, Yevropa kompaniyalari Markaziy Osiyodagi sarmoyaviy imkoniyatlardan yaxshi xabardor emas. Shu munosabat bilan davlat rahbari iqtisodiy forumlar doirasida sanoat va texnologik ko‘rgazmalar o‘tkazish hamda Yevropa kompaniyalarining ishlab chiqarish quvvatlarini mintaqa mamlakatlariga o‘tkazish uchun moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning maxsus vositalarini ishlab chiqishni taklif qildi.
Qolaversa, O‘zbekistonning o‘zida ham Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlik salohiyatini cheklaydigan ko‘plab muammolar mavjud. Xususan, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso sud-huquq tizimida, qonun ustuvorligini takomillashtirish, korrupsiyaga barham berishda, shuningdek, davlat va sanoat korxonalari o‘rtasida islohotlar o‘tkazish zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, u O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘sish istiqbollarini yaxshilashi mumkin bo‘lgan bank islohoti va xususiylashtirish muhimligini ta’kidladi.
Sanksiyalar xavfi
Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi ko‘plab sanksiyalar kiritganidan so‘ng, cheklovlarni chetlab o‘tish talabi paydo bo‘la boshladi – xususan, buning uchun Rossiyaga qo‘shni davlatlar, jumladan, O‘zbekistondan ham foydalanildi. 2022 yil mart oyida Rossiya hukumati ro‘yxati asta-sekin kengaytirilgan ayrim tovarlarning “parallel importiga” ruxsat berdi. Ushbu qaror ichki bozorni ruxsat etilgan tovarlar bilan to‘ldirish uchun mualliflik huquqi egasining ruxsatisiz mahsulotlarni import qilish imkonini berdi. May oyida Rossiya O‘zbekistonni tranzit operatsiyalarini amalga oshirish markazlarini yaratish orqali reeksportni tashkil qilish markazi sifatida ko‘rgandi.
2022 yil iyun oyida AQSH moliya vazirligi O‘zbekistonni Rossiya korxonalari sanksiyalarni chetlab o‘tish uchun foydalanishi mumkin bo‘lgan davlatlar ro‘yxatiga kiritdi. Ro‘yxatga O‘zbekistondan tashqari Markaziy Osiyoning barcha davlatlari, shuningdek, Armaniston va Gruziya ham kiritilgan. Keyinroq Amerika rasmiylari O‘zbekiston orqali Rossiyaga tovarlar yetkazib berish bilan bog‘liq operatsiyalarni shubhali deb tan oldi, chunki bu sanksiyaviy cheklovlarini chetlab o‘tish belgisidir.
Yevropa Ittifoqining Rossiyaga tovarlar eksporti qisqarishi fonida Armaniston, Gruziya, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekistonga yetkazib berish sezilarli darajada oshdi. 2023 yil fevral oyida Yevropa Ittifoqining sanksiyalar bo‘yicha maxsus vakili Devid O’Sallivan ochiqchasiga Rossiyaning qo‘shni davlatlarini sanksiyalar rejimini buzganlikda gumon qilib, ushbu masala bo‘yicha rejalashtirilgan tekshiruvni e’lon qildi. Mart oyida Bloomberg Yevropa rasmiylari Rossiyaga uchinchi davlatlar tomonidan kiritilgan sanksiyalarga rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytirishga tayyorlanayotgani haqida xabar bergan edi.
Aprel oyi oxirida Devid O’Sallivan O‘zbekistonga uchib keldi va u yerda Shavkat Mirziyoyev, mahalliy biznes vakillari, Bojxona qo‘mitasi va Markaziy bank bilan muzokaralar olib bordi. Maxsus vakil O‘zbekiston rasmiylarini YEI respublikaga qarshi sanksiyalar qo‘llash niyatida emasligiga ishontirdi, biroq ayrim yuridik shaxslarga nisbatan cheklov choralari qo‘llanilishi mumkinligini qayd etdi.
May oyida Wall Street Journal postsovet davlatlari Rossiyaga sanksiya qo‘yilgan tovarlarni reeksport qilish markaziga aylanganini ta’kidlagan edi. Masalan, 2022 yilda O‘zbekiston Yevropa tovarlari importini 1,3 milliard dollarga, Rossiyaga eksportini esa 0,9 milliard dollarga oshirdi. Shuningdek, O‘zbekistonga kir yuvish mashinalari va o‘lchash uskunalarini yetkazib berish keskin oshdi, respublika keyinchalik ularni Rossiyaga faol eksport qilgan.
Iyun oyida bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” ikkinchi sammitida Yevropa Kengashi prezidenti Sharl Mishel Yevropa Ittifoqi mintaqa davlatlariga qarshi sanksiyalar qo‘llamasligini aytgan edi. 11-paketdagi cheklovlar faqat Rossiya harbiy-sanoat kompleksini qo‘llab-quvvatlaydigan kompaniyalarga ta’sir qilishi kerak edi. 21 iyun kuni YEI davlatlari vakillari cheklovlarni chetlab o‘tishning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan navbatdagi sanksiyalar paketini ma’qulladi. Xususan, Yevropa Ittifoqi MDH mamlakatlariga, jumladan, O‘zbekistonga cheklangan tovarlarni yetkazib berish keskin ortib borayotganidan, keyinchalik ular Rossiya bozoriga chiqishidan xavotir bildirdi.
Oktyabr oyi boshida Yevroparlamentning O‘zbekiston bo‘yicha Tashqi ishlar qo‘mitasi tomonidan tayyorlangan hisobotni muhokama qildi, unda, xususan, respublikaning Rossiyaga sanksiyalarni chetlab o‘tishda yordam berishi mumkinligi qayd etilgan.
“Biz O‘zbekistonning Rossiyaga yordam berishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlarga e’tibor qaratamiz, chunki bu Rossiyaning YEI tomonidan joriy qilingan savdo sanksiyalarini chetlab o‘tishdagi yordami bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Biz vaziyatni diqqat bilan kuzatib borishga chaqiramiz”, — deyiladi rezolyutsiyada.
Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo davlatlari tashqi ishlar vazirlarining oktyabr oyida Luksemburgda bo‘lib o‘tgan uchrashuvi yakunlari bo‘yicha qo‘shma kommyunike qabul qilindi, unda YEI Rossiyaga qarshi qabul qilingan 11 ta sanksiyalar paketini esga oldi. Yevropa Ittifoqi ham mintaqa davlatlarini cheklovlarni chetlab o‘tish holatlariga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirdi, bunga Markaziy Osiyo vakillari ham rozi bo‘ldi.
Noyabr oyida Bloomberg Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi 12-sanksiyalar paketini qabul qilishga tayyorlanayotganini yozgan edi. Bu safar O‘zbekiston, Qozog‘iston va Singapurning 30 dan ortiq kompaniyasi cheklovlarga duch kelishi mumkin. Jami 100 ta jismoniy va 40 ta yuridik shaxs sanksiyalar ro‘yxatiga kiritiladi.
Xulosa
So‘nggi yillarda O‘zbekiston Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlarda sezilarli yutuqlarga erishdi, GSP+ umumiy imtiyozlar tizimi doirasida benefitsiar davlatga aylandi va Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim bo‘yicha muzokaralarni yakunladi.
Biroq, ikki tomonlama munosabatlarning yanada rivojlanishi O‘zbekistonning ijtimoiy-siyosiy masalalar bo‘yicha ilgari o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarini bajarishiga, shuningdek, respublikani Yevropa davlatlari uchun jozibador qiladigan mamlakatni isloh qilish yo‘nalishini davom ettirish va chuqurlashtirishga bog‘liq bo‘ladi.
Shuningdek, O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi respublika Yevropa bozoriga kirishi bilan bir qator logistika va savdo muammolarini hal qilishi kerak bo‘ladi, bu esa hamkorlikning iqtisodiy salohiyatini sezilarli darajada cheklaydi. Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan sanksiyalarni chetlab o‘tish sxemalarida ayrim kompaniyalarning ishtirok etishi mumkinligi sababli O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun sanksiya xatarlari muhimligicha qolmoqda.
Shahriyor Ismoilxo‘jayev
Sharhlar