Vazirlar Mahkamasining qarori bajarilmayapti, yetim bola esa ko‘chada qolmoqda

Фото: Anhor.uz

Hokimlik xohlasa so‘z beradi, xohlasa qaytib oladi

Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisi 23 yoshli Baxtiyor Samatov O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yildagi 656-sonli “Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan normal hayot uchun zarur bo‘lgan barcha narsalar – mebel, muzlatgich, televizor, kir yuvish mashinasi va uy-ro‘zg‘or buyumlari bilan jihozlangan qulay uy-joy olishi kerak edi, biroq u hamon uy-joysiz qolmoqda.

Barcha xalqlar orasida yetimning rizqini qiyish eng katta gunohlardan hisoblanadi, shuning uchun tahririyat bunday vaziyatni chetlab o‘tolmadi.

Anhor.uz o‘rganishi va ixtiyorida bo‘lgan, ochiq ma’lumotlardan manbaa.

Debocha o‘rniga

Baxtiyor uch yoshida Toshkent viloyati Bo‘ka shahrining mehribonlik uyiga tushgan. Oradan yetti yil o‘tib, 2011-yilda u Toshkentdagi Xlebushkina nomidagi bolalar uyiga o‘tkazilgan. Baxtiyorning fikricha, u Xlebushkina nomli bolalar uyida o‘tkazgan olti yili hayotidagi eng baxtli yillardan biri bo‘lgan. Maktabni tugatgach, Chirchiq shahridagi 7-sonli kasb-hunar bilim yurtiga o‘qishga kirdi, yotoqxona oldi, lekin yangi joyga ko‘nika olmadi. 2018-yilda o‘qishini Toshkent aloqa kollejiga o‘tkazdi va shu maskanning yotoqxonasida o‘qishini biturguncha yashab keldi.

2021-yilda kollejni tamomlash arafasida Baxtiyorga Chirchiq shahridagi “Hususiylashtirishga ko‘maklashish markazi” davlat korxonasining uy-joy bo‘limi tomonidan Chirchiq shahar hokimligining “Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni turar joy bilan ta’minlash bo‘yicha komissiyasi”ning 2021-yil 31-may kungi 1-sonli majlis bayonnomasiga asosan Chirchiq shahrining 10-kichik mikrorayonidagi 52-chi ko‘p qavatli uydan 2 xonali kvartiraning 1 xonasi 3 yil muddatga (23 yoshga to‘lguniga qadar) Vazirlar Mahkamasining 164-sonli qarori talablariga zid ravishda ikki nafar yetimga ajratilgan, vaholanki bitta uyga bir nafar odam joylashishi lozim. Bunday o‘yinga rozi bo‘lmagan Baxtiyor bu taklifni rad etdi va Toshkent aloqa kolleji yotoqxonasiga qaytishga majbur bo‘ldi. U avvalo Chirchiq shahri, Toshkent viloyati, Toshkent shahar hokimliklarida adolatni topishga harakat qildi, ammo behuda. Baxtiyor O‘zbekiston Prezidenti portali va boshqa davlat tashkilotlariga qayta-qayta murojaat qilishda davom etdi.

Uning Chirchiq shahri “Hususiylashtirishga ko‘maklashish markazi” davlat korxonasiga qilgan murojaati natija beradi va unga 2022-yilning 10-yanvarida Chirchiq 50 yilligi ko‘chasidagi 2-chi uyning 1 xonalik 49 kvartirasi ko‘rsatiladi va ushbu uy ham yashash uchun yaroqsiz  chiqdi va yana kollej yotoqxonasiga qaytishga majbur bo‘ldi.

Hokimlikdan hujjatsiz yaroqsiz kvartira

Nihoyat, bir yarim yil o‘tgach, 2023-yilning iyul oyida unga Chirchiqning Konstruktorlar dahasi 4 eski uy-joy binosining 4-chi qavatidan bir xonali kvartira ajratildi. Biroq, bu xonadon ham umuman Vazirlar Mahkamasining va qonun talablariga zid bo‘lib chiqdi: birinchidan, “o‘lgan” toifasida, yaroqsiz holatda, ikkinchidan, umuman jihozlanmagan – yashash uchun umuman hech qanday jihozsiz. Eng muhimi – yigitning qo‘liga shu kungacha hech qanday xujjat ham berilmagan. Ba’zilar uchun bu ahamiyatsizdek tuyulishi mumkin, ammo mustaqil hayotning ilk qadamlarini qo‘yayotgan yetim uchun bu deyarli hal qilib bo‘lmaydigan muammo.

Ushbu uy ajratilgan paytda Vazirlar Mahkamasining amaldagi 164-sonli qarori allaqachon o‘z kuchini yo‘qotgan, Baxtiyorga uy topishda ko‘maklashgan “Hususiylashtirishga ko‘maklashish markazi” davlat korxonasi faoliyati tugallangan, mehribonlik uylari bitiruvchilarini turar joy bilan ta’minlash bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi yangi qarorni qabul qilingan.

Baxtiyorga esa, uning vaziyati bilan bog‘liq bo‘lmagan qaror asosida, ya’ni, Vazirlar Mahkamasining 170-sonli “Davlat uy-joy fondidagi turar joylarni taqsimlash va fuqarolarga ijara shartnomasi shartlari asosida berishni tartibga solishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori asosida uy-joy ajratilgan. Biroq ushbu uy davlat ixtiyorida bo‘lishiga qaramay, qarzdorlik sabab uch marotaba taqiqga qo‘yilgan. (Taqiqga olinganlik haqidagi hujjatlar quyida)

Qanday qilib?

Biz jarayonni batafsil o‘rganish uchun qayta Chirchiq shahriga bordik, u yerda “Hususiylashtirishga ko‘maklashish markazi” davlat korxonasining uy-joy bo‘limi (hozirda faoliyati tugallangan tashkilot) vakillari bilan uchrashdik. Bizga O‘zbekiston Milliy Gvardiyasi Toshkent viloyati boshqarmasi mas’ullari ham hamroh bo‘lishdi. Sobiq markaz xodimalari yuqoridagi barcha jarayonlarni tasdiqlashdi, bo‘lim vakillarining ta’kidlashicha ular qo‘lidan kelgan barcha ishni qilishgan, Baxtiyorni ko‘chada qoldirmaslikka intilishgan. Ammo, hozirda ularning ham tizimlari chalkash, qator avtomatlashtirilayotgan tizimlar ishlashini kutib, ishsiz, kimga bo‘ysunishni bilmasdan faoliyat olib borishmoqda, Baxtiyorga 170-sonli qaror asosida berilgan uyda yashashga order berish uchun hali yangi tuzilmalari to‘liq shakillanmagan.

Baxtiyor esa – rasman, hisobot uchun uylik, lekin amalda – uysiz va de-fakto, yuridik jihatdan ham ko‘chada qolmoqda. Vazirlar Mahkamasining yangilangan va amaldagi 656-sonli qarorida qator tashkilotlar mas’ul sifatida ko‘rsatilgan. Ularga tahririyat axborot so‘rovi yubordi. Agar Samatov bu yil uy bilan ta’minlanmasa keyingi yilda u 24 yoshga to‘ladi va 656-sonli qarorda ko‘rsatilgan imkoniyatlardan ham quruq qolishi mumkin.

Fotosuratlarda siz ushbu kvartiraning holatini ko‘rishingiz va baholashingiz mumkin:

Uy portlashdan keyingiga o‘xshaydi – hatto kirish eshigining qulf-kaliti ham yo‘q, derazalarda shisha o‘rniga kulrang mato bor.

Shu boisdan ham O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining yangilangan qaroriga asosan shakillangan Nizomning 27-bandida “Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar tuman (shahar) hokimligi tomonidan yashash uchun barcha zarur shart-sharoit yaratilgan uy-joy bilan ta’minlanadi (ta’mirlangan va jihozlangan) deyilgan.

U ayni 2023 yilda hech qanday xujjati yo‘q uyni qabul qilib olgach shahar hokimligiga murojaat qilgan. Ular “yaqin kunlarda kvartirani ta’mirlashga, barcha zarur narsalar bilan jihozlashga va unga uy egasi ekanligini tasdiqlovchi kadastr hujjatlarini berishga” va’da berishgan. Biroq, mana navbatdagi bir yildan ortiq vaqt o‘tib, va’daning puchligi yaqqol ko‘rindi. Chirchiq shahar hokimligi Vazirlar Mahkamasining yangi qarorida yetim bolalarga uy-joy sotib olib berish nazarda tutilganligini bilmagandek harakat qilmoqda.

Bugun holat qanday?

“Cho‘pon ko‘p bo‘lsa – mol xarom o‘ladi” degan naql bor. Chirchiq hokimligi ham, Toshkent viloyati hokimligi ham (Prezident Mirziyoyev tomonidan ba’zan “shahar otalari” va “viloyat otalari” deb atalmish amaldorlar), na Ijtimoiy himoya milliy agentligi – bir qarashda nufuzli ko‘ringan tashkilotlar, bitta yetim bola – O‘zbekiston fuqarosiga munosib hayot boshlanishini ta’minlay olishmayapti.

Bu holatni nima deb atashni bilmaymiz, lekin aniq bilamizki, bularning barchasi O‘zbekiston va uning prezidenti siyosatiga juda noloyiq ko‘rinadi.

Baxtiyorning uylarni olishdan bosh tortishiga sabab, u hujjatlar bilan to‘liq tanish bo‘lganida.

Samatovga 1-uy o‘sha vaqtda amalda bo‘lgan Vazirlar Mahkamasining 2010 yilda qabul qilingan va yni paytda o‘z kuchini yo‘qotgan “Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni turar joylar bilan ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 164-sonli qarori bo‘yicha berilgandi.

Biroq turar joy ushbu qaror asosida chiqgan Nizomning 27 moddasida belgilangan tarzda berilmayotgani sabab Baxtiyor uyni olishdan bosh tortgan.

Unga ko‘ra,

“Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni turarjoylar bilan ta’minlash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 27 moddasi. “Turarjoylar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan belgilanadigan uy-joy maydonining ijtimoiy normasi doirasida, O‘zbekiston Respublikasining Uy-joy kodeksiga muvofiq ijara shartnomasi asosida beriladi.

Berilayotgan turarjoy bo‘sh, alohida, qulay va shinam bo‘lishi, belgilangan sanitariya me’yorlariga va texnik me’yorlarga, qonun hujjatlarining boshqa talablariga javob berishi lozim”.

Nizomning 41 moddasida esa shunday deyiladi: “Mazkur Nizom talablarini buzgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilagan tartibda javobgarlikka tortiladi”.

Baxtiyor ikkinchi uyni ham ushbu talablar buzilgani sabab bekor qilgan.

Ikkinchi uy uchun hatto mutasaddi organning qarori ham chiqarilmagan bo‘lgan.

Uchinchi bor berilgan uy esa Baxtiyor Samatovning Mehribonlik uyi bitiruvchisi ekanligi inobatga olinmagan holda taqdim etilgan. Bu esa O‘zbekiston Qonunchiligiga zid ravishda amalga oshirilgan harakatdir. Sababi u birinchi va ikkinchi uydan bosh tortgan paytda amalda bo‘lgan Vazirlar Mahkamasining 164-sonli bekor bo‘ladi. Oradan 3 yildan ortiq vaqt o‘tganda esa Vazirlar Mahkamasining yangi 656-sonli qarori kuchga kirib bo‘lgandi, biroq, Baxtiyorga “o‘roqda yo‘q, mashoqda yo‘q, hirmonda hozir” naqli qo‘llanilganu Vazirlar Mahkamasining 170-sonli qarori bo‘yicha xat-xujjatsiz uy berilgan.

Anhor.uz barcha masalalar yuzasidan tegishli davlat tashkilotlari va mutasaddi organlarga Axborot so‘rovlarini yuboradi. Javobi va masalaning yechimi yuzasidan qo‘shimcha material e’lon qilinadi.

 

Tahririyatdan: Agar Sizda ham mana shunga o‘xshash jarayonlar bo‘lsa bizga botimiz orqali https://t.me/RedAnhorBot yozing. Anhor.uz sizni qiyanyotgan muammolarni eshitishga tayyor.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.