Xitoyning “taʼlim yoʼlidan” borayotgan Markaziy Osiyo yoshlari bilan nimalar yuz bermoqda
Ilgari Markaziy Osiyo yoshlari ogʼir jismoniy mehnat qilish uchun asosan Rossiya va boshqa mamlakatlarga ketayotgan boʼlsa, hozirgi yosh avlod xorijda taʼlim olish imkoniyatlarini izlashga koʼproq eʼtibor qaratmoqda.
Xitoy rahbari Si Szinpin 2022 yil kuzida pandemiyadan keyingi birinchi rasmiy chet el safari sifatida Markaziy Osiyoga borishga qaror qildi. Bir yil oʼtgach, u Markaziy Osiyoning beshta davlat rahbarini Sian shahrida (Xitoy) oʼtkazilgan sammitga taklif etdi, bu esa Xitoy bilan mintaqa oʼrtasidagi munosabatlar chuqurlashayotgani haqidagi taassurotni kuchaytirdi. Bundan tashqari, Pekin “Bir kamar, bir yoʼl” tashabbusining 10 yilligini Markaziy Osiyo davlatlari bilan, jumladan, Qozogʼiston bilan 16,54 mlrd dollarlik investitsiya va savdo bitimlarini imzolash orqali nishonladi.
Аmmo shov-shuvli koʼrsatkichlar ortida Xitoyning mintaqa hayotiga chuqurroq aralashishi yoshlar hayotiga ham taʼsir qilmoqda. 2000-2017 yillar davomida Xitoy universitetlariga oʼqishga kirgan Markaziy Osiyolik talabalar soni 144 mingdan ortiqni tashkil etdi. Bu Xitoy Markaziy Osiyo yoshlari migratsiyasiga qanchalik kuchli taʼsir qilayotganini koʼrsatadi.
Pekinning 2015 yildagi “Bir kamar, bir yoʼl” boʼyicha “Tasavvurlar va harakatlar” deb atalgan siyosiy hujjatida ikki tomonlama va koʼp tomonlama hamkorlikni rivojlantirish uchun akademik almashinuvlarning ahamiyati taʼkidlangan. 2017 yildagi “Bir kamar, bir yoʼl” loyihasida Xitoyning oliy taʼlim sohasidagi xalqaro hamkorligining ahamiyati yanada kuchaytirilganki, bu Pekinning 2050 yilga qadar oliy taʼlim, fan va texnologiyalar sohasida yetakchilik qilish maqsadlarini qoʼllab-quvvatlaydi. Xitoyning sogʼliqni saqlash va raqamli sohaga investitsiyalari baʼzan “salomatlik ipak yoʼli” va “raqamli ipak yoʼli” deb atalgani kabi, taʼlim sohasidagi xalqaro hamkorlik baʼzan “taʼlim ipak yoʼli” deb ataladi.
Pekin mamlakat ichida stipendiyalar orqali, shuningdek xalqaro miqyosda Konfutsiy institutlari kabi tashkilotlar orqali xitoy tilini oʼrganishni ragʼbatlantirish orqali Xitoy haqidagi chuqurroq tushunchani qoʼllab-quvvatlaydi. 2023 yilga qadar Markaziy Osiyoda jami 13ta Konfutsiy instituti mavjud edi: Qozogʼistonda 5ta, Qirgʼizistonda 4ta va Oʼzbekiston hamda Tojikistonda 2 tadan.
Turli davlat stipendiyalari talabalarni Xitoyda oʼqishga jalb qilmoqda — 2018 yilda xorijiy talabalarning deyarli 14 foizi XXR davlat stipendiyalarini olgan. Oʼqishni moliyalashtirishni qoplashda turli stipendiya dasturlari va taʼlim muassasalari, jumladan, xitoylik universitetlar, Xitoy fanlar akademiyasi va Jahon fanlar akademiyasi hamda Konfutsiy instituti stipendiyalari va Xitoy hukumati stipendiyalari ishtirok etadi. Bu dasturlarning koʼpchiligi xitoy tilini oʼrganishni qoʼllab-quvvatlashga yoʼnaltirilgan.
Bunday koʼplab dasturlar va xitoy tilini oʼrganishning jozibadorligi hatto Markaziy Osiyoda qora bozorlarning paydo boʼlishiga ham olib keldi. Аyrim hollarda bu yerda soʼrovnomada ishtirok etgan talabalar Toshkentdagi kompaniyalar va alohida shaxslar Konfutsiy instituti va boshqa stipendiya oʼrinlarini olib, soʼngra “talabalarga sotishini” aytishgan. 2023 yil sentyabrь oyida Qirgʼiziston Milliy xavfsizlik davlat qoʼmitasi Qirgʼiz davlat milliy universiteti (QDMU) va Bishkek davlat universitetining (BDU) ikki dekani Xitoyda oʼqish uchun stipendiyalar roʼyxatiga kiritish evaziga talabalardan 900 АQSh dollari miqdorida pora olishda ayblanganligi uchun qamoqqa olgan.
Talabalarning aytishicha, Xitoy universitetlarida bunday amaliyot yoʼq. Аksincha, agar xorijiy talabalar yuqori akademik natijalarni koʼrsatmasa, ular moliyalashtirishdan mahrum boʼlishadi. Fudan universitetining bitiruvchilaridan biri shunday deydi: “Mening universitetim dunyodagi eng yaxshi 50 ta universitetdan biri va Xitoydagi eng yaxshi uchta universitetdan biridir. Fudan universitetini muvaffaqiyatli tugatish uchun katta harakat talab etiladi. Birinchi kursda imtihon paytida koʼchirgani uchun talaba stipendiyadan mahrum qilingan voqeasi boʼlgandi”.
Uch yil davomida Kovid-19 tufayli Xitoyning uzoq vaqt izolyatsiyada boʼlganiga qaramay, talabalar oʼqishni boshlash yoki davom ettirish uchun mamlakatga kira olmagan boʼlsalar-da, shundan keyin ham mamlakat Kovid-19 pandemiyasi boshlanishidan oldingi darajasiga yaqin Markaziy Osiyodan talabalar oqimini tiklashga muvaffaq boʼldi. CGTN maʼlumotlariga koʼra, 2023 yilda Xitoydagi oʼzbek talabalar soni 8 000 kishidan oshdi, 2023 yilda 4 000 ga yaqin tojik talabasi xitoylik universitetlarga qabul qilingan, shuningdek taxminan 15 000 qozoq talabasi oʼqiydi.
Yoshlar nega taʼlim olish uchun Xitoyni tanlamoqda?
Toshkentlik bitiruvchi uchun, Xitoyda yetti yil davomida xitoy tilini oʼrganib, bakalavriat va magistraturada tahsil olgan, mazkur sayohati xitoy tili tarjimonlariga juda yaxshi haq toʼlanishi gʼoyasidan boshlangan. “2012 yilda bobom Xitoy kompaniyasida ishlagan edi, oʼshanda tarjimonga bir ish kuni uchun 300 dollar toʼlanardi. Hozirda ham bu katta pul boʼlsa-da, 2012 yilda u yana ham katta edi. Hozir xitoy tilini biluvchilar soni koʼpaygani bois tarjimon xizmatlarining narxi ancha pasaygan”, deydi u.
Boshqalar uchun Xitoyga safar aloqalar oʼrnatish va oʼz biznesini boshlash imkoniyatini berdi, shuningdek xalqaro muhitda shaxsan rivojlanish uchun ham imkon yaratdi.
Respondentlar bir ovozdan taʼkidlashicha, Xitoydagi taʼlim sifati jihozlar bilan taʼminlash, maʼmuriy ishlarni tashkil etish va bilim berish usullari jihatidan Oʼzbekiston va Qirgʼizistondagi taʼlim sifatidan ancha ustun turadi. Аmmo ayrim oʼzbek va qirgʼiz talabalar “uygʼurlar tarixi va harakatlari bilan bogʼliq tarix Xitoy dasturlarida tabu hisoblanadi” va “tarixiy voqealar Xitoy foydasiga burib talqin qilinadi”, deb taʼkidlashadi.
Xitoy taʼlimi Oʼzbekistondan kelgan ayol va kvir-talabalar uchun ham qiziqarli rol oʼynaydi. Oʼzbek jamiyati patriarxal qarashlari tufayli yosh ayollar va kvir-odamlar Xitoydagi turmush sharoitlarini uydagisiga nisbatan ancha qulayroq deb hisoblashadi: “Oʼqish shart-sharoitlari va moliyaviy qoʼllab-quvvatlash yosh ayollarga jamiyatdagi rollarini yaxshiroq anglashva mustaqilroq boʼlish uchun ajoyib imkoniyat beradi”, deydi respondentlar ayollardan biri.
Bunday moliyaviy koʼmakka qoʼshimcha ravishda oʼqishga kirish talablarining pastligi Markaziy Osiyodan kelgan, oʼzini rivojlantirish va karьera orzu-umidlarini amalga oshirishni istagan yoshlar uchun xitoy taʼlimini osonga erishiladigan qilmoqda — hatto ularning ayrimlari dasturlardagi XXR narrativlarini tanqidiy baholashda davom etmoqda.
Taʼlimdan keyingi tajriba
Xitoy taʼlimi mahalliy taʼlimdan sifat jihatdan ustun tursa-da, ish bozoriga chiqqanda oʼzbek talabalarning tajribasi qirgʼiz talabalarnikiga nisbatan farq qiladi, oxirgilar uchun esa bu tajriba achchiq hisoblanadi.
Qirgʼizistondagi imkoniyatlar va ish haqi kutilganidan pastroq boʼlsa-da, Oʼzbekistonda soʼrovdan oʼtkazilganlarning umumiy fikri shunday: “Xitoy taʼlimi olgan yoshlar ishsiz oʼtirmaydi — ular oʼrtacha ish haqidan yuqori turgʼun ish va daromad oladi”. Bu xitoy tili fakulьteti bitiruvchilari uchun Oʼzbekistonda yozma va ogʼzaki tarjimonlikdan tortib, to maʼmuriy vazifalar va oʼqitish kabi keng qamrovli kasb-hunarlarni anglatadi. Buning sababi Oʼzbekistonda faoliyat yuritayotgan va/yoki Xitoy moliyalashtirib kelayotgan koʼplab Xitoy korxonalarining mavjudligi bilan bogʼliq boʼlishi mumkin — 2022 yil oxiriga kelib ularning soni 2141 tani tashkil etgan.
Oʼzbekistondagi eng yirik xitoy korxonalaridan biri Huaweida ishlagan sobiq xodim Xitoy diplomi tufayli kompaniyada ishga joylashish va karьera oʼsishimizdagi muvaffaqiyatli tajribasini biz bilan ulashdi: “Men tashqi logistika mutaxassisi lavozimiga ariza bergan edim, ammo darhol muhandislik boʼlimiga yoʼnaltirildim, keyin esa moliya boʼlimiga oʼtkazildim”. Boshqa bir respondent qoʼshimcha qildiki, Oʼzbekistondagi xitoylik ish beruvchilar Oʼzbekiston universitetlari reytingidan koʼra, Xitoy universitetlari reytingi bilan yaxshiroq tanish boʼlib, bu Xitoy OTMlari bitiruvchilari uchun afzallik beradi.
Bundan tashqari, Oʼzbekiston hukumati xorijiy diplomli yosh mutaxassislarga moddiy yordam koʼrsatmoqda. Hukumat qarorga koʼra, dunyoning eng yaxshi 500 ta universiteti roʼyxatiga kiruvchi nufuzli universitetlar bitiruvchilariga har oyda mukofot puli toʼlanadi.
Oʼzbekiston xitoy tilini biluvchi yosh mutaxassislarni qoʼllab-quvvatlasa, Xitoyda taʼlim olgan qirgʼiz yoshlari taʼlimdan keyin, Xitoyda qolish va karьera qurish istagiga qaramay, oʼzlarini ish qidirish uchun Xitoy bozoriga chiqishga yetarli “ishonchli va raqobatbardosh” deb hisoblamaydi. Ularning koʼpchiligi uchun bu gʼoya Kovid-19ga qarshi Xitoydagi cheklov choralari choʼzilib ketgani tufayli katta zarar koʼrdi.
Chet elga sakrash tramplini
Koʼplar uchun Xitoyda boʼlish tajribasi boshqa mamlakatlarda yashash imkonini ochdi. Shanxay universiteti bitiruvchisi “Xitoyda boʼlish tajribasi migratsiya qilish imkoniyatlariga koʼzimni ochdi — men mustaqil yashay olaman”, deb qoʼshimcha qiladi. Koʼplab yoshlar uchun Xitoyda taʼlim olish boshqa mamlakatlarda oʼqish uchun arizalarini raqobatbardoshroq qiladi.
Аyrim respondentlar uchun Xitoyda boʼlish tajribasi hayot darajasining yuqoriligi haqida tasavvur berdi. “Oʼzbekistondagi hayot sifati past — bu juda konservativ jamiyat”, deydi bitta respondent, u Germaniyada oʼqishni davom ettirishga qaror qilgan va doimiy yashash uchun xorijga koʼchishga qaror qilgan. Suhbatlashgan yosh ayollardan bir nechtasi Markaziy Osiyo jamiyatlarida mavjud gender kamsitishlar haqidagi oʼxshash xavotirlarini bildirdi, bu ularni Xitoyda qolishga yoki gʼarb mamlakatlariga koʼchib oʼtishga undadi.
Mintaqada xitoy tilini biluvchi yoshlar sonining keskin ortishi BААda ish imkoniyatlarini qidirib koʼchib borish tendentsiyasini ham keltirib chiqardi. BААda ish tajribasiga ega respondentlar Xitoyda taʼlim olgan turli mamlakatlardan kelgan yoshlarni ishga taklif qiladigan koʼplab eʼlonlar xitoy va rus tillarini biluvchi xodimlarga talab savdo markazlari va turli doʼkonlarda xitoy tilini gapiruvchi sayyohlarga xizmat koʼrsatish bilan bogʼliq koʼplab vakansiyalar tufayli mavjudligini aytishdi. BААdagi XXR elchisining soʼzlariga koʼra, Dubay aholisining 4 foizini, yaʼni taxminan 400 000 kishini xitoyliklar tashkil etadi.
Аmmo Dubayga koʼchi oʼtish haqidagi ayrim eʼlonlar shubha uygʼotadi – Dubayda yashovchi Qirgʼizistonlik respondentlar tasdiqlashicha, bu takliflarning koʼpchiligi Xitoyda taʼlim olgan turli mamlakatlar yoshlarini ishga taklif qiladigan qonuniy boʼlmagan Xitoy kompaniyalaridan kelmoqda.
Аvvalgi yillarda, asosan, Markaziy Osiyo yoshlari ogʼir jismoniy mehnat qilish uchun Rossiya va boshqa mamlakatlarga koʼchib ketayotgan boʼlsa, hozirgi yosh avlod taʼlim olish imkoniyatlarini qidirishga koʼproq eʼtibor qaratmoqda. Tobora koʼproq Markaziy Osiyoliklar bu imkoniyatlarni Xitoyda izlamoqdalar. Koʼpchilik xorijiy talabalar faqat til oʼrganadilar, boshqalari esa Xitoy haqida ijobiy taassurot olish uchun kelganday his qilishadi, ammo kamida oʼzbek talabalar uchun bu tajriba, oʼz vatanida xitoy kompaniyalarida ishlash uchun katta imkoniyatlar ochishi mumkin.
Xitoyda dunyoning turli burchaklaridan kelgan xorijiy talabalar hamda mehnat migrantlari yashayotgan xilma-xil muhitda boʼlish talabalarga yangi rivojlanish imkoniyatlarini ochadi. Shu maʼnoda, Xitoy yuqori maoshli ish va uydagidan koʼra qulayroq hayot topishni istagan yoshlar uchun keyingi migratsiya uchun tramplin vazifasini oʼtaydi.
Аdina Masalbekova – mustaqil tadqiqotchi (Bishkek)
Nigora Tangatarova – oʼzbekistonlik tadqiqotchi. Sharqiy Xitoy pedagogika universitetida xalqaro munosabatlar sohasi magistri
Sharhlar