Zo‘ravon: 500 ming so‘mga baholangan or-nomus

“O‘sha paytlar hali 16 ga ham to‘lmagan, qalbi orzu-umidlarga to‘la qiz edim. Maktabda yaxshi o‘qib, tengdoshlarimdan ajralib turardim. Bo‘sh vaqtim dars tayyorlash-u onamga uy ishlarida yordamlashish bilan o‘tardi. Qachonki, o‘sha xotiramda qora nuqta bilan saqlanib qolgan voqea bo‘lguniga qadar…”

Hikoyamiz qahramoni Jizzax shahridagi maktabda o‘qib, darsdan keyin repetitorga borardi. Faqat dam olish va bayram kunlarigina uyga qaytardi. Ramazon hayiti sababli onasi Maftunani uyga chaqirdi. Sog‘ingani uchun kechroq bo‘lsa-da yo‘lga chiqqan Maftuna odam tashuvchi taksilar yoniga borganida uzoq qarindoshi Sanjarni yo‘lovchi kutib turganini ko‘radi. Sanjarning “Chiq-chiqaver mashinaga, o‘zi shoshib turgandim, sen bilan yuraveraman”, – degan aldoviga ishonib, o‘zini xavfsiz sezadi va mashinaga o‘tiradi.

Sanjar yo‘l-yo‘lakay uyidan zarur narsa olishi kerakligini, keyin Maftunani tashlab qo‘yishini aytib mashinani uyi tomon haydaydi. Kun qoraygani sari qizaloqning qalbida xavotir kuchayadi. Sanjar mashinasiga yuk joylash bahonasida Maftunaning yoniga o‘tirib, kutilmaganda unga tashlangan. Bexosdan bo‘lgan bu hamladan o‘zini yo‘qotib qo‘ygan qahramonimiz unga qarshilik qilgan, bor kuchi bilan baqirgan, ne ajabki hech kim yordamga kelmagan. O‘zidan 15 yosh katta erkakdan or-nomusini himoya qilgan ojizaga uzoqdan kelayotgan mashina chirog‘i najot bo‘lgan. Ammo mashina eshiklari qulflanganligi sababli qochishning iloji bo‘lmagan.

Qochishga imkon, yurishga madori yo‘q Maftuna kuchli stress sabab labidagi tishlashdan qolgan yaralar-u ko‘karishlarga –“Bo‘lar ish bo‘ldi. Sening nomusingni buzmadim. Hammasi joyida. Agar hech kimga aytmasang plastigingga 500 ming pul tashlab beraman”, – degan gapidan keyin e’tibor beradi. Maftunadan sir qolishini so‘ragan zo‘ravon o‘z foydasini ko‘zlab, mahallada gap tarqatadi.

Bo‘lgan voqeani eshitgan Maftunaning onasi Muhabbat opa zudlik bilan USAIDning O‘zbekiston huquqiy islohotlar dasturi doirasida tashkil qilingan “Istiqlol avlodlari” ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy qo‘llab-quvvatlash markaziga belgilangan tartibda murojaat qilgan. Ijtimoiy yordam ko‘rsatish sohasida katta tajribaga ega markaz xodimlari Maftuna bilan bo‘lgan voqeani batafsil o‘rganib, ularga yordam berish mexanizmlarini ishlab chiqqan. Avvalo, qahramonimizga psixologik va tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Keyingi masala zo‘ravonga chora ko‘rish edi. Huquqshunos va jabrlanuvchilar bilan olib borilgan suhbatlar, huquqiy maslahatlardan keyin zo‘ravon ustidan sudga ariza berilib, bir qancha harakatlardan so‘ng g‘alaba qozonilgan. Sanjar O‘zbekiston Respublikasi JKning 25.118-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan aybdor deb topilib, 6 yilga qamoq jazosiga hukm qilingan.

O‘zbekistonda zo‘ravonlik masalasi, ayniqsa ayollarga nisbatan, jiddiy muammo sifatida qaralmoqda. 2023-yilda ayollarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha 3 mingga yaqin jinoyat ishi ochilgan. Ichki ishlar vazirligi tomonidan olib borilgan tahlillarga ko‘ra, zo‘ravonlik holatlari so‘ngi 4 yilda 140 foizga oshgan. Shuningdek, 1,5 mingdan ortiq bola zo‘ravonlikka uchrash xavfi ostida yashamoqda. Achinarli jihati shundaki, O‘zbekistonda har uch nafar bolaning ikkisi oila a’zolari yoki yaqin qarindoshlari tomonidan tazyiq ostida tarbiyalanmoqda. Bu holatlar umumiy zo‘rlikning 9 973 tasini tashkil etadi.

Ayni shu yo‘nalishdagi natijalarni raqamlarda ko‘radigan bo‘lasak, 2023-yilning to‘qqiz oyida 1240 ta voyaga yetmaganlarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari qayd etilgan, shundan 417 tasi jinsiy zo‘ravonlik bilan bog‘liq. Raqamlarni o‘tgan yillarga solishtirganda quyidagi natijaga guvoh bo‘lamiz.

Jinsiy zo‘ravonlik: 2021-yilda 334 ta, 2022-yilda 395 ta jinoyatni tashkil qilsa, ruhiy va jismoniy zo‘ravonlik: Har uch nafar bolaning ikki nafarida uchramoqda.

O‘zbekistondagi zo‘ravonlikka uchragan bolalar uchun qonuniy himoya tizimi doirasida jabrlanganlarga nisbatan himoya orderi berilib, maxsus markazlarga joylashtirish orqali ularga huquqiy, psixologik, tibbiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatiladi. Mutaxassislar yordami bilan aybdorga qonuniy chora ko‘rilishi kafolatlanadi.

Bu natijalarni qahramonimizga ko‘makchi bo‘lgan “Istiqlol avlodlari” ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy qo‘llab-quvvatlash markazi misolida keltiradigan bo‘lsak, markazga gender zo‘ravonlik bilan murojaat qilgan fuqarolar soni umumiy hisobda 1836 tani tashkil qiladi. Ayni shu mavzuda ayollarga iqtisodiy, psixologik, jismoniy, jinsiy va zo‘ravonlikning boshqa har qanday turidan jabrlanganlarga yordam berilgan. Demak, markaz mana shuncha ojizalarning hayotini izga tushishiga sabab bo‘lmoqda.

 

Ilhomjon Sobirov

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.