1-noyabrdan “musor”dan qarzi borlar tо‘liq elektrdan uziladimi?
Ijtimoiy tarmoqlarda 1-noyabrdan “musor”dan qarzi borlar tо‘liq elektrdan uzilishi haqida xabarlar tarqaldi. Bu bo’yicha “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ mazkur xabarni о‘rganib chiqib rasmiy munosabat bildirdi.
Unda aytilishicha, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi tomonidan chiqindi tashish va olib ketish xizmatida foydalanuvchilarga qulaylik yaratish maqsadida yangi “Toza Makon-billing” dasturiy kompleksi ishga tushirilishi munosabati bilan 2024-yil 31-oktabr soat 23:50dan 5-noyabr soat 23:50gacha profilaktik ishlar olib borilishini ma’lum qilgan.
Shuningdek Agentlik tomonidan mazkur vaqt oralig‘ida chiqindi xizmati uchun barcha turdagi to‘lovlarni amalga oshirishda hamda shaxsiy hisob raqamdagi mavjud ma’lumotlarni olish, abonent to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘zgartirish, qo‘shish va o‘chirishda vaqtinchalik texnik uzilishlar bo‘lishini haqida xabar bergan.
Mazkur xabar ijtimoiy tarmoqlarda notо‘g‘ri talqin qilinishi natijasida kо‘pgina manbalarda chiqindi xizmatidan qarzi bor fuqarolar elektr energiyasidan ham uzilishi haqida ma’lumotlar tarqalmoqda.
Ayni paytda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining “Chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish va ularning ekologik vaziyatga salbiy taʼsirini kamaytirish boʼyicha chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi Farmoniga asosan isteʼmolchining chiqindi boʼyicha qarzdorlik boʼyicha ogohlantirilgandan keyin toʼlov qilmagan shaxslarning elektr uchun toʼlovlarini qabul qilishni vaqtinchalik cheklash amaliyoti joriy etilishi amaliyoti bо‘yicha texnik ishlar olib borilmoqda.
Shu о‘rinda chiqindidan qarzdor iste’molchilar elektr energiyasidan uzilishi haqidagi xabarlar mutlaqo asossiz ekanligini ma’lum qilamiz.
Sharhlar