O‘zbekiston iqtisodiyoti hajmi 100 mlrd dollardan oshgan

Foto: zamin.uz

Xalqaro valyuta jamg‘armasining baholashiga ko‘ra, O‘zbekistonning yalpi ichki mahsulot hajmi 101,6 milliard dollarni tashkil etdi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi axborot xizmati xabar berdi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazida Statistika agentligi va Xalqaro valyuta jamg‘armasi tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot natijalari ekspert va ilmiy doiralarda muhokama qilindi. Tadqiqotning asosiy maqsadi O‘zbekistonda “kuzatilmaydigan iqtisodiyot” hajmini baholash natijalarini muhokama qilish va uning boshqa makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarga taʼsirini o‘rganishdan iborat.

Tadbir doirasida norasmiy va yashirin iqtisodiyotning hajmi hamda uning makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarga taʼsiri bo‘yicha hisob-kitob natijalari muhokama qilindi. Norasmiy va yashirin iqtisodiyotni baholash tanlanma statistik kuzatuvlar va maʼmuriy maʼlumotlar asosida amalga oshirildi.

Tadqiqot respublika bo‘yicha 14 ta hududda olib borildi: xususan, 2023-yilning iyul-avgust oylarida Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) texnik ko‘mak missiyasi jalb etilib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida jami 165 ta tuman bo‘yicha 7 mingdan ziyod uy xo‘jaliklarining yashash va ovqatlanish, transport, madaniyat, taʼlim, sog‘liqni saqlash va boshqa xizmatlariga xarajatlari so‘rovnoma asosida o‘rganildi.

Yig‘ilgan maʼlumotlar asosida norasmiy va yashirin iqtisodiyotning hajmi hamda uning YIMga taʼsiri sohalar va hududlar bo‘yicha 2017-2023-yillar uchun baholandi. Bu esa mamlakatda kuzatilmaydigan iqtisodiyotning ko‘lami va uning umumiy iqtisodiy faoliyatga taʼsirini aniqlash imkonini berdi.

Olib borilgan tanlanma statistik kuzatuvlar va hisob-kitoblar natijasida YIM va aholi jon boshiga YIM kabi makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning qamrovi yaxshilandi, shuningdek, ularning xalqaro metodologiyalarga muvofiqligi taʼminlandi.

Amalga oshirilgan hisob-kitoblar natijasida 2023-yilda O‘zbekiston Respublikasining nominal YIM hajmi 125,6 trillion so‘mga (10,7 milliard dollarga) oshdi va 1 192,2 trillion so‘m (101,6 milliard dollar)ni tashkil etdi.

Muhokamalar davomida ekspertlar maʼlumotlarni xalqaro standartlarga (XVJ yoki Jahon banki metodologiyasi) muvofiqlashtirishning ahamiyatini taʼkidladi. Bu boshqa mamlakatlar bilan maʼlumotlarni taqqoslash, iqtisodiy ko‘rsatkichlarni aniq tahlil qilish uchun foydalanishga yordam beradi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.