Toshkent viloyati uchun 1000 ta yangi avtobus xarid qilinadi

Foto: Toshkent viloyati hokimligi

16-oktabr kuni Zoyir Mirzayev raisligida “Hokimlik soati” o‘tkazildi. Unda davlatimiz Rahbarining viloyatimizga tashrifi mobaynida berilgan topshiriq va ustuvor vazifalarni o‘z vaqtida, yuqori saviyada ijro qilish xususida so‘z bordi. Bu haqda Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Yig‘ilishda taʼkidlanganidek, kambag‘alikka qarshi kurashish, mehnat migrantlari bilan ishlash bundan buyon Toshkent viloyatida mahalliy ijro etuvchi organlar rahbarlarining asosiy vazifasi etib belgilandi. Bunda shoshma-shosharlikka yo‘l qo‘ymaslik, raqam ortidan quvib, real amaliy ishdan qog‘ozbozlikka o‘ralashib qolishga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi, dedi viloyat hokimi Zoyir Mirzayev.

Endilikda, har bir shahar va tumannig hokimi kuniga kamida 20 nafar mehnat migranti bilan onlayn muloqot qilish tartibi yo‘lga qo‘yiladi. Xorijda migratsiyada yurgan xotin-qizlarni Vatanga qaytarish bo‘yicha viloyat hokimining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Zuhra Mirgaziyeva rahbarligida maxsus shtab tashkil qilinadi. Bu shtab aʼzolari har bir xotin-qiz bilan shaxsan suhbatlashadi, mehnat sharoitlari, ijtimoiy-huquqiy muammolarini o‘rganadi va ularing xohishlariga ko‘ra, Oʻzbekistonga qaytarish, iqtisod kompleksi orqali ishga joylashtirish chorasi ko‘riladi.

Toshkent viloyatida bugungi kunda 3 million nafardan ortiq aholi istiqomat qiladi. Hududda 1025 ta mahalla fuqarolar yig‘ini mavjud. Qiyoslash uchun, huddi shuncha aholi salmog‘iga ega boshqa viloyatlarda mahallalar soni ancha kam. Quyi tizimda ishlarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, ijro apparati xodimlari sonini qisqartirish maqsadida, viloyatda mavjud MFYlar soni qisqartiriladi. Shu maqsadda viloyatdagi barcha MFYlar joylashuvi, aholi salmog‘i jihatidan qayta ko‘rib chiqiladi. Yig‘ilishda bu boradagi tashkiliy ishlarni boshlashni, vaziyatni tanqidiy o‘rganish va taklif berish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriq berildi.

Zoyir Mirzayev Toshkent viloyatida transport sohasidagi xizmatlarni yaxshilash uchun 1000 ta yangi avtobus xarid qilish bo‘yicha topshiriq berdi. Transport boshqarmasi aholi vakillarining fikrini o‘rgangan holda, barcha shahar va tumanlardan viloyatning maʼmuriy markazi Nurafshon shahri va poytaxtga yangi qatnov liniyalarini ishga tushiradi. Bu yangi tashkil etilayotgan jamoat transport yo‘nalishlarining markazida Nurafshon shahri turishi lozimligi alohida qayd etildi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.