13 yoshli o‘gay qizini muntazam do‘pposlab kelgan ayol 3 yarim yilga qamaldi

Foto: uzreport.news

Bolalar ombudsmaniga jamoatchilik faollaridan Zangiota tumanidagi 13 yoshli S.R (qiz) ga nisbatan uning o‘gay onasi tomonidan muntazam ravishda jismoniy va ruhiy zo‘ravonlik qilinayotgani yuzasidan murojaat va videomaterial kelib tushgan.

Mazkur holat yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha olib borilgan dastlabki tergovda aniqlanishicha, Sh.S. 2010-yilda tug‘ilgan o‘gay qizi S.R. ni 2023-yil davomida muttasil ravishda do‘pposlab, unga nisbatan jismoniy hamda ruhiy jihatdan azob berib, unda kuchli qo‘rquv hosil qilish yo‘li orqali o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitib, tanasining turli qismlariga tan jarohatlari yetkazib kelgan.

Bolalar ombudsmani vakili bola manfaatlari nuqtai nazaridan mazkur ishning sud protsessida ko‘rilishida ishtirok etdi.

5-iyun kuni Toshkent viloyati jinoyat ishlari bo‘yicha Zangiota tuman sudida mazkur jinoyat ishi yuzasidan chiqarilgan hukmga binoan, Sh.S. JKning 110-moddasi 2-qismi “a, v” bandlari (Qiynash) va 112-moddasi 3-qismi (O‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) bilan aybdor deb topilib, unga 3 yil 6 oy muddatga ozodlikdan cheklash jazosi tayinlandi va mazkur jazo bilan bog‘liq tegishli cheklovlar o‘rnatildi.

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.