Fotosuratlar uyida “Mustaqil Vatan: shonli tarix-Yangi Oʻzbekiston” nomli fotokoʻrgazma tashkil etildi
28-avgust kuni Toshkent Fotosuratlar uyida “Mustaqil Vatan: shonli tarix-Yangi Oʻzbekiston” nomli fotokoʻrgazmasi tashkil etildi.
Ushbu ko’rgazma Prezidentning 2024-yil 18-iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining oʻttiz uch yillik bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarorida asosida “Bir boʻlsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” shiori ostida o’tkazildi.
“Oʻzarxiv” agentligi mazkur shior ostida davlat arxivlarida saqlanayotgan davlat mustaqilligiga oid arxiv va foto hujjatlarning koʻrgazmasini Oʻzbekiston Axborot agentligi, Badiiy akademiya hamda Toshkent fotosuratlar uyi hamkorligida tashkil etdi.
Koʻrgazma tantanali ochlishini “Oʻzarxiv” agentligi rahbari U.M.Yusupov, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi raisi A.V.Nuriddinov hamda Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi rahbari A.Koʻchimov soʻzga chiqishdi.
Fotokoʻrgazma ekspozitsiyasining markazida Oʻzbekiston Kinofotofono hujjatlari milliy arxivida saqlanayotgan xalqimizning istiqlolga boʻlgan soʻnmas umidlari, Turkiston ozodlik harakatlari, jadidlik harakati, Buxoro va Xiva xonliklari, Qoʻqon muxtoriyati, mustamlaka Oʻzbekiston va ilk mustaqillik yillarida Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy iqtisodiy rivojlanishi, shu bilan bir qatorda 1991-yil 1-sentabr mustaqillikni eʼlon qilinishi, Yangi Oʻzbekiston taraqqiyoti aks ettirilgan fotosuratlar namoyish etilmoqda.
Prezidentning 2024-yil 18-iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining oʻttiz uch yillik bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarorida belgilanganidek, bugungi kunda barcha hududlarda mavzuga bagʻishlangan turkum tadbirlar doirasida foto va arxiv hujjatlari namoyishi keng ommaga yetkazilmoqda.
Tadbirda turli vazirlik va idoralar xodimlari, fuqarolar, keng jamoatchilik ishtirok etdi. Keksa avlod vakillari mustaqillikning ilk kunlarini yodga olib, yoshlarga uni qadrlash va eʼzozlash boʻyicha fikrlarini bildirdi.
Sharhlar