Abusahiy bozoridagi tadbirkor “soxta” bo‘lib chiqdi
Surxondaryo viloyatida yashovchi T.M. IIOga murojaat qilib, bank kartasidan 22 mln so‘m miqdoridagi pul mablag‘lari noma’lum shaxs tomonidan o‘zlashtirilganligini ma’lum qilgan, -deb xabar bermoqda O’zbekiston Respublikasi IIV TQD Kiberxavfsizlik markazi.
Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik bo‘linmalari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, mazkur jinoyatni Toshkent shahrida yashovchi M.O. sodir etganligi aniqlangan.
Gumonlanuvchi sifatida tergov harakatlariga jalb etilgan, M.O. jabrlanuvchi T.M. bilan telegram messenjeridagi “Abusahiy optom” nomli guruh orqali tanishib, unga o‘zini Abusahiy bozorida erkaklar kiyim-kechaklarini ulgurji narxlarda sotuvchi tadbirkor sifatida tanishtiradi va u xarid qilgan kiyim-kechaklarni yetkazib berishini aytib uni aldab, oldindan 22 mln so‘m miqdoridagi pullarni taksi orqali olishga o‘zaro kelishilgan.
Shundan so‘ng taksi haydovchisi Surxondaryo viloyatidan Toshkent shahriga olib kelgan mazkur pullarni aravakash yordamida olib, “Paynet” shahobchasi orqali o‘zi taqdim qilgan bank kartasiga o‘tkazdirib olgan va yozishmalarni o‘chirib yuborib, uning qo‘ng‘iroqlariga javob bermay, qora ro‘yxatga kirgazib qo‘ygan.
Mazkur holat yuzasidan M.O.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Sharhlar