2 tonnadan ziyod giyohvandlik vositalari yoqib yuborildi
Bugun keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida jami 2 tonna 158,4 kgdan ziyod giyohvandlik vositalari yoqish yo‘li bilan yo‘q qilinmoqda, deb yozmoqda Bojxona qo‘mitasi axborot xizmati.
Poytaxtning Yangihayot tumanida “26-iyun – Xalqaro giyohvandlik vositalarini suiiste’moli va noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish” kuni munosabati bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan noqonuniy muomaladan musodara qilingan giyohvandlik vositalarini yo‘q qilish bo‘yicha tadbir tashkil qilindi.
Tadbir avvalida mavzu yuzasidan brifing tashkil qilinib, unda respublikamizda ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha jurnalistlarga batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.
“BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi mintaqaviy vakolatxonasi rahbari Ashita Mittal xonim giyohvandlikka qarshi kurash yo‘nalishida O‘zbekistoning huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarni yuqori baholadi”, – deyiladi xabarda.
Bugun tashkil etilgan tadbirda maxsus pechda:
37 kg 567,58 gr geroin;
184 kg 697,11 gr opiy;
413 kg 834,34 gr gashish;
28,58 gr ko‘knor boshog‘i;
95 kg 924,44 gr ko‘knor somoni;
11 kg 262,76 gr ko‘knor o‘simligi ko‘saklari,
424 kg 708,92 gr marixuana o‘simligi;
961 kg 386,86 gr kannabis o‘simligi;
18,73 gr kannabis moyi;
347,85 gr tetragidrokannabinol;
6,48 gr kokain hamda turli xildagi psixtrop va psixofaol moddalar, sintetik giyohvandlik vositalari yoqib yuboriladi.
Ta’kidlash joizki, bojxona organlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda 2023 yilda amalga oshirilgan tadbirlar natijasida aniqlangan jami 785 ta holatda 9 tonna 179,4 kg giyohvandlik vositalari, 17 772 dona psixotrop moddalar, 827,3 gr prekursorlar hamda 197 594 dona va 109 kg 170,353 gr kuchli ta’sir qiluvchi moddalar musodara qilingan.
“Alohida qayd etish lozimki, 2023-yilda musodara qilingan giyohvandlik vositalarining asosiy ulushi O‘zbekiston bojxona xizmati organlarining so‘nggi 30 yillik tarixida ilk bor qayd etilgan 8,5 tonna ko‘knor giyohvandlik vositasining fosh qilinishi holati bo‘ldi.
Bojxona qo‘mitasi va Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan “Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona komleksining “Aviayuklar” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida havo yo‘llari orqali respublikamizga xorijdan olib kelinib, so‘ngra yuk avtotransport vositasi orqali tranzit tarzida olib o‘tilishi rejalashtirilgan 25 tonna og‘irlikdagi 1000 qop qandolat ko‘knorisi urug‘lari oziq-ovqat mahsuloti belgilangan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazilgan”, – deyilgan tadbirda.
Bojxona ko‘rigi davomida hujjatlarda qandolat ko‘knorisi deb ko‘rsatilgan 25 tonna urug‘ va somonlar tarkibida, haqiqiy giyohvandlik vositasi hisoblangan 8,5 tonna ko‘knori somoni borligi aniqlangan.
Bugungi kunda kontrabanda ashyolarini aniqlash maqsadida chegara bojxona postlari 23 ta inspeksion ko‘rik majmualari, 15 ta inson tanasini skaner qiluvchi uskuna, 202 ta rentgen apparatlari hamda boshqa zarur vositalar bilan ta’minlangan.
Shuningdek, Bojxona qo‘mitasining Milliy kinologiya markazida giyohvandlik vositalari, kuchli ta’sir qiluvchi va psixotrop moddalarni noqonuniy olib o‘tilishiga qarshi kurashish yo‘nalishida kinologlar va xizmat itlari tayyorlanmoqda.
Sharhlar