200 kVt: Sud davlat foydasiga hal bo‘ldi

Foto: Anhor.uz

Vazirlar Mahkamasi qarori yuzasidan sudga shikoyat qilib, arizasi qabul qilinmagan fuqaroning ishi Oliy sudning apellyatsiya instansiyasida  ko‘rib chiqildi.

Arizachi Mardon Subxanov vakili Mirzo Subhanov so‘rovi bilan sud majlisida OAV xodimlari va keng jamoatchilik ishtirok etdi.

Sudya Saidov raisligida o‘tkazilgan protsesda Mardon Subxanov  Oliy sudga, Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 16-apreldagi “Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori bilan tasdiqlangan 2024-yil 1-maydan aholi uchun elektr energiyasi va tabiiy gaz bir oylik iste’molining bazaviy me’yorlarini haqiqiy emas, deb topishni so‘ragan murojaati ko‘rib chiqildi.

Arizachining vakili Mirzo Subhanov yuqoridagi qarorda tabiiy gaz uchun “Isitish mavsumi” va boshqa mavsum tushunchalar kiritilgan, ammo undan uzilgan va isitishga elektr energiyasidan foydalanadigan iste’molchilar uchun “Isitish mavsumi” tushunchasi kiritilmaganini, iste’molchilar uchun bazaviy me’yor sifatida 200 kVt qayerdan kelib chiqqanligiga izoh berilmaganini ta’kidladi.

Shuningdek, u bu qaror tabiiy gaz bilan ta’minlangan va ta’minlanmagan aholi uchun teng imkoniyat va sharoitlarni inkor etib, O‘zbekistondagi tabiiy gaz bilan ta’minlanmagan aholini diskriminatsiya qilishiga urg‘u berdi hamda O‘zbekiston Respublikasi va xalqaro qonunchilikka asoslangan holda sud hay’atiga bildirdi.

Arizachi vakilining vajlari tinglangandan so‘ng prokuror va boshqa sud majlisi a’zolarining savol va javoblari eshitildi. Vazirlar Mahkamasi vakili Mirzo Subhanovning elektr energiyasi bazaviy me’yori bo‘yicha beradigan savollariga sud raisi lozim deb topib, sudda mazmunan ko‘riladigan bo‘lsa tegishli mutaxassislar bilan javob berishga tayyorligini bildirdi.

Sud jarayonlari yakuniga ko‘ra, Mardon Subxanovning arizasi Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksning 133-moddasi (arizani (shikoyatni) ish yuritishga qabul qilishni rad etish) 1-qismi 1-bandiga muvofiq ish ma’muriy sudga, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga yoki iqtisodiy sudga taalluqli bo‘lmaganligi sababli Oliy sud sudyasining 2024-yil 19-iyundagi ajrimi bilan Mardon Subxanovning arizasini ish yuritishga qabul qilish rad etildi.

Oliy sudning ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atida ushbu ajrim ustidan arizachi Mardon Subxanovning apellyatsiya shikoyati ko‘rib chiqilib, Oliy sud sudyasining 2024-yil 19-iyundagi ajrimini bekor qilishga asoslar aniqlanmaganligi sababli Oliy sudning apellyatsiya instansiyasining qarori bilan mazkur ajrim o‘zgarishsiz qoldirildi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.