2025-yildan soliqlardan tushgan daromadning 50 foizi tuman va shaharlarning o’zida qoldiriladi
Prezident Senat oldida qanday dolzarb vazifalar turgani yuzasidan oʻz fikrlarini bildirdi.
Yangilangan Konstitutsiyada Senat bilan Qonunchilik palatasi vakolatlaridagi takroriy holatlar bartaraf etilib, ularning har biriga tegishli vazifalar aniq koʻrsatildi.
Senat qonunlarni muhokama qilishda yangicha mexanizmlarni joriy etishi maqsadga muvofiqligi qayd etildi.
Hududlarning oʻziga xos xususiyat va imkoniyatlari hisobga olinmagan qonunlar quyi boʻgʻinda samarali ishlamasligi bois, Davlat rahbari Qonunlarni parlament qoʻmitalarida koʻrib chiqishda vazirlik va idoralar vakillari bilan emas, balki mahalliy kengashlar deputatlari bilan koʻproq ish olib borilsa, adolatdan boʻlishini taʼkidladi.
Mahalliy kengashlar faoliyatiga har tomonlama koʻmaklashish Senatning ustuvor vazifasi boʻlishi kerakligi taʼkidlandi.
Endi xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlariga hokimlar emas, balki deputatlar orasidan saylangan kengash raislari boshchilik qiladi. Prezidentimiz ushbu siyosiy islohot orqali xalqimizning 30 yillik orzusi roʻyobga chiqqanini taʼkidladi.
Bu yil hokimlarning 33 ta vakolati kengashlarga olib berildi, yana 17 ta vakolatni oʻtkazish reja qilingan. Misol uchun, ichimlik suvi tarifiga ustama, davlat obyektlari va bozorlarda ijara toʻlovlari kabi jami 7 turdagi mahalliy yigʻimlar miqdorini tasdiqlash vakolati ham mahalliy kengashlarga oʻtkazilishi koʻzda tutilgan.
Shuningdek, kengash soʻrovi va kengash tekshiruvi kabi yangi mexanizmlar orqali hududiy ijro organlari faoliyati ustidan nazorat kuchaytiriladi.
Mahalliy kengashlar tomonidan har yarim yilda qilingan ishlar boʻyicha matbuot anjumanlari oʻtkazish amaliyoti yoʻlga qoʻyilsa, bu ularning faoliyatida oshkoralik va hisobdorlikni kuchaytirishi koʻrsatib oʻtildi.
Hokim ham, kengash raisi ham, avvalo, oʻz hududida yashayotgan aholi manfaatlarini yetakchi oʻringa qoʻyib, bir jamoa boʻlib ishlashi lozimligi qayd etildi.
Ayni paytda Konstitutsiyada belgilanganidek, tuman, shahar va viloyatlar miqyosida qonun hujjatlarini soʻzsiz ijro etish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy va ekologik jihatdan rivojlantirish uchun hokimlar masʼul va javobgar.
Senat esa mahalliy hokimlik va kengashlar hamjihat faoliyat yuritishi, oʻzaro munosabatlarini toʻgʻri tashkil etishi uchun ularga yaqindan yordam berishi ushbu jarayonlarni toʻgʻri tashkil etishga xizmat qilishi bildirildi.
Prezident yuqori palatani tuman va shahar kengashlariga ham hokimlar raislik qilmasligi boʻyicha islohotga jiddiy tayyorgarlik koʻrishga chaqirdi.
Yangilangan Konstitutsiya talabi asosida mahalliy kengashlar yaqinda hokimlarni lavozimga tasdiqlashda ularning hududni rivojlantirishga oid dasturlarini ilk bor koʻrib chiqib, maʼqulladi.
Xalqimiz deputatlardan bu dasturlardagi vazifalar ijrosi boʻyicha deputatlik va kengash nazoratini amalga oshirishda faol va tashabbuskor boʻlishni kutmoqda.
2025-yildan yer, mol-mulk va aylanma soliqlarini toʻliq, daromad soligʻining esa kamida 50 foizini tuman va shaharning oʻzida qoldirish rejalashtirilgan. Bu orqali mahalliy kengashlarning ushbu sohadagi roli yanada ortadi.
Natijada 2025-yilda tuman va shaharlar byudjetlari daromadi 9,4 trln soʻmga yoki 47 foizga oshadi.
Bu islohotlar tuman va shaharlar oʻz hududidagi muammolarni mustaqil hal etish imkoniyatini tubdan oshirish barobarida kengashlardan yaratilayotgan imkoniyatlardan oqilona foydalanib, aholini qiynayotgan masalalar yechimi boʻyicha asosli tashabbuslarni ilgari surishni ham taqozo etadi.
Sharhlar