Bugun 22 nafar o‘zbekistonlik sportchi Paralimpiya bellashuvlarida qatnashadi
Bugun, 6-sentabr kuni Parijda davom etayotgan XVII yozgi Paralimpiya o‘yinlarida 22 nafar para sportchi 5 ta sport turida O‘zbekiston sharafini himoya qiladi, deb yozadi O‘zA.
Kun davomida 10 ta sport dasturida Paralimpiya o‘yinlarining 82 ta medallar jamlanmasi uchun kurashlar bo‘lib o‘tadi.
Medallar jamg‘arish borasida Xitoy vakillari yetib bo‘lmas darajada ta’qibchilarini ortda qoldirmoqda. 74 ta oltin, 55 ta kumush, 37 ta bronza jami 166 ta medal.
Aytish lozim, ortda qolgan sakkizinchi musobaqalar kuni O’zbekiston sport delegatsiyasi uchun omadli kechdi. Aynan kecha o‘tkazilgan shiddatli bahslar natijasida para sportchilarimiz oltin medal jamg‘arish borasida “Tokio-2020” Paralimpiya o‘yinlarining natijasini takrorladi. Para dzyudochimiz Sherzod Namozov va para yengil atletikachimiz Husniddin Norbekovning g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarilishi tufayli oltin medallarimiz soni 8 taga yetdi. Bu ko‘rsatkich O’zbekistonni 182 ta davlat orasida kuchli 12 talikka olib chiqdi.
Sharhlar