Ombudsman: 26 nafar davlat organlari va idoralarida ishlaydigan mas’ullarga intizomiy jazo choralari qo‘llanildi

Foto: ombusdman

2024-yilning birinchi yarim yilligida Ombudsmanga O‘zbekiston fuqarolari, xorijiy davlatlar fuqarolari va ombudsmanlari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslardan 8915 ta murojaat kelib tushgan. Bu ko‘rsatkich 2023-yilning shu davrida 7107 tani tashkil etgan.

Murojaatlarning 31 tasi belgilangan tartibda anonim deb topilgan.

Jami murojaatlarning 27,1% ijtimoiy, 24,6% iqtisodiy, 15,3 % shaxsiy huquqlarga, 14,2% harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda ushlab turilgan shaxslar huquqlarini ta’minlashga, 11,9% fuqarolik va murojaat qilish, 1,3% bola huquqlari va 1,0% ekologik huquqlarga va 4,6% boshqa masalalarga oid.

Murojaatlar gender belgilariga ko‘ra tahlil qilinganda, jami murojaatlarning 43 % xotin-qizlarga, 57% erkaklarga to‘g‘ri keladi.

Joriy yilning ikkinchi yarim yilligida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakilining Murojaatlar bilan ishlash bo‘limiga va Ombudsmanning hududlardagi mintaqaviy vakillariga jami 7644 ta murojaat kelib tushgan. Bu jami murojaatlarning 86%ni tashkil etadi.

Hisobot davrida Ombudsman tomonidan fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash yuzasidan davlat tashkilotlari yoki mansabdor shaxslarga 67 ta ta’sir choralari shaklidagi hujjatlar kiritilgan.

Ombudsman tomonidan fuqarolarning murojaatlari asosida undirilgan hamda undirish belgilangan jami mablag‘lar 1 mlrd 269 mln.so‘mni tashkil etdi. Shundan, salkam 261 mln so‘mi fuqarolarning ish haqi va mehnat munosabatlariga oid.

Fuqarolarning qarzdorligi, sog‘lig‘iga yetkazilgan zararlar, moddiy va ma’naviy zararlar hamda boshqa majburiy to‘lovlar oqibatida yuzaga kelgan huquqiy munosabatlar bilan bog‘liq murojaatlar o‘rganilishi natijasida jami 663,3 mln.so‘mga yaqin mablag‘ fuqarolar foydasiga undirilgan.

Xotin-qizlarning voyaga yetmagan farzandlari ta’minoti uchun 91 mln so‘mga yaqin aliment to‘lovlari undirilishi ta’minlanib, uni to‘lashdan bosh tortgan 5 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilgan, 3 ta holatda esa jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Shuningdek, 18,4 mln so‘m miqdorida kommunal qarzdorlikning so‘ndirilishida, 51 mln so‘mlik turli jarimalarning bekor qilinishida va 7 nafar fuqaroga turar joyga kadastr hujjatlarining rasmiylashtirilishida va ijtimoiy uy ajratilishida ko‘maklashilgan.

22 nafar fuqaroning bandligi ta’minlangan va ishga tiklangan, 5 ta holatda ish beruvchini xodimga nisbatan noqonuniy xatti-harakatlari bartaraf etilgan. 5 ta holatda murojaatchilarning pensiya olish huquqi ta’minlangan.

Ombudsmanning so‘roviga asosan Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan sudlarga ishga tiklash va ish haqini undirish yuzasidan 5 ta da’vo ariza kiritilgan.

6 ta holatda jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish haqida Ichki ishlar bo‘limlari tergovchilari tomonidan qabul qilingan qarorlar prokuratura organlari tomonidan bekor qilinib, qo‘shimcha tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazish uchun yuborilgan.

26 nafar davlat organlari va idoralarida ishlaydigan mas’ullarga intizomiy jazo choralari qo‘llanilgan, shundan 4 nafari egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.

Ombudsman so‘roviga muvofiq huquqni muhofaza qiluvchi organlarining 10 nafar mas’ul xodimi o‘z vazifasini lozim darajada bajarmaganligi uchun intizomiy javobgarlikka tortilgan va faoliyatida kamchilikka yo‘l qo‘yganligi uchun 3 nafar xodim egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.

 

 

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.