Surxondaryoda 2 ta mashina to‘qnashib ketdi, 3 kishi halok bo‘ldi

Foto: Surxondaryo viloyati IIB

Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida 3 kishi halok bo‘ldi, deb xabar bermoqda viloyat IIB.

Hodisa 17-sentabr kuni soat 03:15 larda Sariosiyo tumani, “Shabnam” MFY hududidan o‘tuvchi M41 avtomobil yo‘lining 1463 kilometrida yuz bergan. 2004-yilda tug‘ilgan, haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan fuqaro Nexia-2 rusumli transport vositasini “Denov-Sariosiyo” yo‘nalishi bo‘ylab boshqarib kelib qarama-qarshi bo‘lakdan harakatlanib kelayotgan 2005-yilda tug‘ilgan, haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan haydovchi boshqaruvidagi “VAZ-2107” rusumli transport vositasi bilan to‘qnashib YTH sodir etgan.

Hodisa joyidan olingan dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, VAZ-2107 rusumli avtomobil salonida bo‘lgan 3 nafar yo‘lovchi (haydovchining sinfdoshlari) vafot etib, ikkala avtotransport vositasidagi qolgan yo‘lovchilar tan jarohati olib tuman Tibbiyot birlashmasiga murojaat qilgan.

Hozirda holat yuzasidan Sariosiyo tuman IIB Tergov guruhi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.