3 yoshli qizaloqning o‘limiga sababchi bo‘lganlar jazolandi
Jizzaxda 3 yoshli qizaloqning o‘limiga sababchi bo‘lgan xususiy bog‘cha xodimlariga jazo tayinlandi.
Jizzaxdagi xususiy bog‘chada bola vafot etgani haqida xabar berilgan edi. Ushbu hodisaga sababchi bo‘lganlarga sud hukmi o‘qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, 15 fevral kuni «N.Sh» oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotiga qatnovchi 18 nafar bola ro‘yxatiga 3 yoshli qizaloq kiritilmagan holda qabul qilingan va shu kuni tarbiyachilar e’tiboridan chetda qolgan qizaloq ikki nafar dugonasi bilan o‘zlari bilmagan holda bog‘chadan chiqib ketgan.
2021 yilda tug‘ilgan qiz bolalar bog‘cha yaqinida joylashgan qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orishda foydalaniladigan zovurga cho‘kib ketgan. Qizaloqning o‘limiga uning qarovsiz qolgani sabab bo‘lgan.
Mazkur holat yuzasidan Do‘stlik tuman prokuraturasi o‘rganish ishlarini boshlagan edi.
Sud xulosasi bilan ayblanuvchi F.M. Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismi (Kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) va 167-moddasi 2-qismi «g» bandida (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilib, 3 yil muddatga maktabgacha va maktab ta’limi sohasida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 4 yil 1 oyga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.
Shuningdek, ayblanuvchilardan biri D.T. Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismi bilan aybdor deb topilib, unga 3 yilga maktabgacha va maktab ta’limi sohasida ishlash huquqidan mahrum etish va 4 yilga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
Jinoyatchi A.O‘. esa Jinoyat kodeksining 205-moddasi 1-qismi (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) va 209-moddasi 1-qismida (Mansab soxtakorligi) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi va unga 1 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilish va 1 yil 6 oyga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.
Sharhlar