32 yoshli erkak 10 yashar qo’shni qizga uyatsiz qiliqlar qildi
Bolalar ombudsmaniga Surxondaryo viloyatida yashovchi Sh.M. (ayol) dan murojaat kelib tushdi.
Ayol murojaatida joriy yilning 3-iyun kuni 1992-yilda tug‘ilgan qo‘shnisi B.Sh. (erkak) 2014-yilda tug‘ilgan qizi D.A. ga uyida hech kim yo‘qligidan foydalanib, uyatsiz qiliqlar qilib, uning jinsiy daxlsizligiga tahdid qilganligini ma’lum qilgan.
Sh.M. yozishicha, B.Sh. voyaga yetmagan qiziga agar bo‘lgan holatni kimgadir aytadigan bo‘lsa, uni o‘ldirish bilan qo‘rqitganligini, B.Sh. ayolning uyiga kirib, qilgan ishlarini qizi videotasvirga tushirib olganligini, bu holat yuzasidan tergov organlariga xabar berganligini, lekin ular tomonidan tegishli chora ko‘rilmayotganligini bildirib, farzandining huquqlarini himoya qilishda yordam so‘ragan.
Bolalar ombudsmanining Ichki ishlar vazirligiga yuborgan so‘rovi asosida Surxondaryo viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan mazkur holat yuzasidan joriy yilning 7-iyul kuni B.Sh. ga nisbatan JKning 129-moddasi 2-qismi “v” bandi (O‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Jinoyat ishi yuzasidan 26-iyul kuni ayblanuvchi B.Sh. ga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Hozirda dastlabki tergov harakatlari tamomlanib, jinoyat ishi materiallari tegishli sudga yuborildi.
Sharhlar