Oʻzbekiston yosh meʼmorlar birlashmasining ekspertlik kengashi tomonidan 40 yoshgacha boʻlgan meʼmorlar reytingini shakllantirildi.
Maqsad — faollik va tashabbus koʻrsatgan isteʼdodli meʼmorlarni ragʻbatlantirish va qoʻllab-quvvatlash, davlat organlari va jamoatchilikka barqaror rivojlanish tamoyillari va zamonaviy trendlar asosida qulay shahar muhitini yaratishga hissa qoʻsha oladigan yosh shaharsozlar va urbanistlarning salohiyatini namoyish etishdir.
Soha mezonlariga koʻra nisbatan yosh boʻlishlariga qaramay, ularning koʻpchiligi allaqachon sohada sezilarli yutuqlarga erishgan, baʼzilari oʻz studiyalari va byurolarini tashkil etib, boshqarmoqda, nafaqat Oʻzbekistonda, balki xorijiy mamlakatlarda ham loyihalarni amalga oshirib, ijodkorlik, innovatsion yondashuv va yuqori kasbiy mahoratni namoyish etmoqda. Roʻyxatga taniqli arxitektorlar bilan bir qatorda, bu sohada ilk qadamlarini qilayotgan mutaxassislar va talabalar kiritilgan boʻlib, ular uchun taniqli mutaxassislar bilan bir roʻyxatda boʻlish keyingi oʻsish va sohada yangi choʻqqilarga erishish uchun kuchli turtki boʻladi.
Top-30 arxitektorlar roʻyxatini tuzishda nomzodlar faoliyatining kompleks tahlili qilindi, xususan, quyidagi mezonlarga eʼtibor qaratildi:
- kasbiy yutuqlari baholandi (ular tomonidan amalga oshirilgan loyihalar, xalqaro tanlovlarda ishtiroki va professional mukofotlar olganligi);
- kreativlik va innovatsiya (yechimlarning oʻziga xosligi, yangi texnologiyalar va materiallardan foydalanish, yangi trendlarni belgilash va shahar muhitini yaxshilashga hissa qoʻshish qobiliyati hisobga olingan);
- ijtimoiy faollik, ommaviy axborot vositalarida chiqishlar, Oʻzbekiston yosh meʼmorlar uyushmasi faoliyati va loyihalarida ishtirok etish.
Yosh meʼmorlar roʻyxatiga faqat olti nafar ayol arxitektor (20 foiz) kirdi. Bu arxitekturada gender muvozanati masalalarining dolzarbligini yana bir bor tasdiqlaydi. Ayniqsa, Oʻzbekistonda bu kasbdagi ayollar hali ham yetarlicha vakillikka ega emas, ular uchun martaba oʻstirish va karyeralarini rivojlantirish ancha qiyin. Shu sababli, 26-sentabr kuni Toshkentda oʻtkaziladigan Markaziy Osiyo urban-forumi ham arxitekturada ayollar roliga bagʻishlangan. Bu nafaqat kasbda gender tengligini rivojlantirish, balki shaharlarni loyihalashtirish va rejalashtirishdagi innovatsion hamda inklyuziv yondashuvlar orqali shahar muhitini yaxshilash nuqtai nazaridan ham muhim ahamiyatga ega.
Umuman olganda, Top-30 yosh arxitektorlar reytingi yorqin va istiqbolli mutaxassislarning tanlovi hisoblanadi. Ularning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash va ijodiy salohiyatini ragʻbatlantirish barqaror, inklyuziv va texnologik jihatdan rivojlangan shaharlarni barpo etishda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Bu arxitektorlarning meʼmorchilik va shahar qurilishiga qoʻshgan hissasi nafaqat zamonaviy shaharlar qiyofasini oʻzgartirishga, balki kelajak avlodlar uchun yangi turmush tarzini belgilashga qodir. Birlashma jamoasi ushbu meʼmorlarning ismlari yaqin kelajakda arxitekturada innovatsiyalar va taraqqiyotning sinonimi boʻlishiga ishonadi.
Roʻyxat bilan quyidagi havolada tanishing!
Sharhlar