Qizil kitobga kiritilgan 400 ta toshbaqani O‘zbekistonda olib chiqishga uringan fuqarolar to‘xtatib qolindi
Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi “Farxod” chegara bojxona posti xodimlari hamda Kontrabandaga qarshi kurashish guruhi tezkor xodimi tomonidan, Bekobod shahar DXX tezkor xodimlari bilan hamkorlikda, 400 dona toshbaqalarni yashirincha olib chiqishga bo‘lgan urinish to‘xtatib qolindi. Bu haqda Toshkent viloyati Bojxona boshqarmasi xabar bermoqda.
Yurtimizdan qo‘shni davlatga chiqib ketish uchun “Farxod” chegara bojxona postiga piyoda xolda kirib kelgan ikki nafar fuqaro yuklari bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganida og‘zaki so‘rovda ma’lum qilinmagan va hech qanday hujjatlari bo‘lmagan 153 dona toshbaqalar borligi aniqlandi.
Shundan so‘ng olingan ma’lumotlar asosida bojxona xodimlari tomonidan tadbir davom ettirilib, “Farxod” chegara bojxona post atrofida to‘xtab turgan avtotransport vositasini xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, avtotransport vositasining yukxonasi hamda salon qismining orqa o‘rindig‘ida 4 dona qutilarga joylashtirilgan 247 dona toshbaqalar borligi aniqlandi.
Tabiiy populyatsiyani saqlab qolish uchun ushbu tur Qizil kitobning yangi nashriga kiritilgan. Ayni damda, 400 dona O‘rta Osiyo toshbaqalari, Bekobod shahar ekologiya atrof muhitni muhofaza qilish bo‘limiga vaqtincha saqlashga topshirildi. Keyinchalik ular tabiatga qo‘yib yuboriladi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom etmoqda.
Sharhlar