Samarqand davlat universiteti 5 yulduzli universitet maqomini qo‘lga kiritdi
Samarqand davlat universiteti dunyoning eng nufuzli Quasquarelli Symonds (QS), Times Higher Education kabi reyting agentliklari bilan yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda. Buning natijasida Samarqand davlat universiteti O’zbekistonda birinchilardan bo‘lib QS Stars reytingida 5 yulduzli maqomni qo‘lga kiritdi. Bu haqda universitet axborot xizmati xabar berdi.
QS Stars tizimi oliy ta’lim muassasalarini global miqyosida baholovchi dunyoning 3 eng yirik reyting agentliklaridan biri bo‘lgan Buyuk Britaniyaning QS xalqaro reyting agentligi tomonidan 2009 yilda universitetlarga o‘zlarining kuchli sohalarini targ‘ib qilish, zaif tomonlarini aniqlash va yaxshilashga yordam berish maqsadida tashkil etilgan.
QS Stars reytingi universitetlarni 13 kategoriya bo‘yicha: ta’lim sifati, bitiruvchilarning ishga joylashtirish, tadqiqot, xalqarolashtirish, akademik rivojlanish, qulayliklar, onlayn ta’lim, innovatsiyalar, san’at va madaniyat, inklyuzivlik, ijtimoiy mas’uliyat, atrof-muhitga ta’sir va tanlangan mutaxassislik mezonlariga asoslangan holda baholaydi. Mazkur reytingga kirish uchun universitetlar eng kamida yuqoridagi 8 yo‘nalishni tanlab ma’lumotlar taqdim etadi.
Reyting tizimining asosiy maqsadi bo‘lajak talabalarga universitet tanlashda foydalanish uchun qo‘shimcha vosita berish, alohida muassasalar haqida chuqurroq ma’lumot berishga qaratilgan.
QS kompaniyasi Samarqand davlat universiteti faoliyatini baholashni 2023-yil 1-noyabrda boshladi va natijalar 2024-yil e’lon qilindi. 8 faoliyat yo‘nalishi va 50 dan ortiq ko‘rsatkichlar bo‘yicha ma’lumotlar chuqur tahlil qilindi. Unga ko‘ra universitet ishtirok etgan ko‘rsatkichlar bo‘yicha to‘plash mumkin bo‘lgan maksimal 1000 baldan 780 ball to‘pladi (5 yulduzli universitet bo‘lish uchun to‘plash lozim bo‘lgan minimal ko‘rsatkich 700 ball).
Ta’lim sifati kategoriyasi bo‘yicha mavjud 4 ko‘rsatkichning 3 tasi, jumladan, talabalarning ta’lim sifatidan va universitetda yaratilgan sharoitlardan qoniqish darajasi, bitiruvchilarning ta’limni keyingi bosqichlarida davom ettirish ko‘rsatkichlari bo‘yicha maksimal ballni qo‘lga kiritgan.
QS tomonidan global miqyosda ish beruvchilar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomalar natijalariga ko‘ra Samarqand davlat universiteti 158 nafar ish beruvchilar tomonidan sifatli kadrlar yetkazib berishi e’tirof etilildi. Universitet bitiruvchilarining 90 foizdan ortig‘i o‘qishni tugatgandan keyin 24 oy ichida doimiy ishga joylashdi. Samarqand davlat universitetida «Karera» markazi ishga joylashtirish xizmatlari tashkil etildi. Natijada bitiruvchilarning ishga joylashishi ko‘rsatkichi doirasida ham 5 yulduzga ega bo‘ldi.
So‘nggi yillarda SamDUda 20 ga yaqin qurilishlar: o‘quv binolari, talabalar turar joylari, sport inshootlari, ilmiy laboratoriyalar, IT markaz qad rostladi. Bu esa QS reyting agentligi tomonidan ham e’tirof etildi. Universitetda yaratilgan qulayliklar kategoriyasi bo‘yicha ham 5 yulduz bilan baholandi.
Tanlangan ta’lim yo‘nalishi kategoriyasida baholash uchun fizika ta’lim yo‘nalishi tanlangan edi. Fizika yo‘nalishida o‘qishga kirishda har bir o‘rin uchun 15,8 nafar abituriyent ariza topshirganligi, talabalarning 94 foizi o‘z vaqtida o‘qishni tugatayotganligi, 94,1 foizi esa ta’lim sifatidan mamnun ekanligi natijasida bu yo‘nalishda ham 5 yulduz qo‘lga kiritildi.
Reytingdagi yana bir muhim ko‘rsatkichlardan biri bu ijtimoiy mas’uliyatdir. SamDU talabalarining 79 foizi samarqandlik ekanligi hududiy inson kapitalini rivojlantirishga xizmat qiladi. Bundan tashqari SamDU tashabbusi bilan Nurobod va Qo‘shrabod tumanlarida 17 gektar bog‘ barpo etildi.
QS Stars reyting tizimi universitetlarga xorijlik talabalarni muayyan ustuvor fan yo‘nalishlari bo‘yicha jalb etishga yordam beradi.
Universitetdagi ta’lim sifatini QS kabi xalqaro miqyosda ishonchli tashkilot tomonidan tasdiqlanishi o‘z brendini rivojlantirish va bozor ehtiyojlariga mos keladigan akademik dasturlarni taklif qilish imkonini beradi.
Sharhlar