Toshkent viloyati MMTB bo‘lim boshlig‘i xonasida noma’lum shaxs 5 ming dollar qoldirib ketdi

Фото: Генпрокуратура Узбекистана

16-avgust kuni Toshkent viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Inson resurslarini boshqarish va rivojlantirish bo’limi boshlig’ining xizmat xonasida noma’lum shaxs tomonidan fayl papka qoldirib ketilgani va xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, uning ichida 5000 AQSH dollari miqdoridagi pul mablag‘i borligi aniqlangan. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xabar bermoqda.

Ushbu holat bo‘yicha zudlik bilan viloyat boshqarma boshlig‘i va boshqa mas’ul xodimlar guvohligida dalolatnoma rasmiylashtirilgan hamda xizmat tekshiruvi o‘tkazish bo‘yicha zarur ishlar amalga oshirilgan.

Mavjud vaziyat Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarovaning shaxsan nazoratiga olindi hamda holat bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘rnatilgan tartibda xabardor qilindi. Ayni vaqtda zarur surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Shu o‘rinda alohida ta’kidlash o‘rinliki, vazirlik tomonidan tizimda korrupsiyaviy holatlarning oldini olish, bunga qarshi murosasiz kurashish, soha faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash bo‘yicha aniq chora-tadbirlar olib borilmoqda.

Xususan, xodimlarning o‘z xizmat vazifalarini suiste’mol qilmasligi, fuqarolar va davlat xizmatchilar bilan o‘zaro muloqot maydonini yaratishda qonuniy talablarni ta’minlash bo‘yicha zarur tushuntirish ishlari muntazam tashkil etib kelinmoqda.

Vazirlik eslatishicha, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddalariga ko’ra, pora olish-berish bilan bog‘liq harakatlar jinoyat hisoblanib, o‘n besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Toshkent viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Inson resurslarini boshqarish va rivojlantirish bo’limi boshlig’i Nazokat Urazova halolligi uchun vazirning tegishli buyrug’i asosida lavozim maoshining 3 barobari miqdorida moddiy rag’batlantirildi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.